Munosabat
2025 yil 26 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llangan murojaatnoma mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab beruvchi muhim siyosiy va ijtimoiy hujjat sifatida alohida ahamiyat kasb etdi. Ushbu murojaatnoma o‘tgan davr natijalarini sarhisob qilish bilan birga, kelgusi yil va uzoq istiqbol uchun aniq ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Prezident murojaatnomasida ta’lim tizimi jamiyat va iqtisodiyot taraqqiyotining hal qiluvchi omili sifatida e’tirof etildi. Ta’lim sifati bevosita inson kapitalining rivoji, mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash va innovatsion iqtisodiyot barpo etish bilan bog‘liq ekani ta’kidlandi. Ushbu yondashuv ta’limni faqat bilim berish vositasi emas, balki strategik rivojlanish resursi sifatida ko‘rish zarurligini anglatadi. Murojaatnomada umumiy o‘rta, kasb-hunar va oliy ta’lim tizimlarini modernizatsiya qilish, o‘qituvchilarning kasbiy nufuzini oshirish, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu esa ta’lim sohasida sifat va samaradorlikni oshirishga qaratilgan muhim qadamdir.
Murojaatnomada sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar masalalariga alohida e’tibor qaratilishi zamonaviy global tendensiyalarga mos keladi. Prezident sun’iy intellektni iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvi sohalarida keng joriy etish zarurligini ta’kidladi. Bu esa O‘zbekistonning raqamli transformatsiya jarayonida faol ishtirok etish istagini ko‘rsatadi. Ta’lim sohasida sun’iy intellektdan foydalanish individual o‘qitish, bilimlarni baholash, ta’lim sifatini monitoring qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shu bilan birga, Prezident tomonidan yoshlarni sun’iy intellekt, dasturlash va raqamli savodxonlikka o‘rgatish kelajak raqobatbardoshligini ta’minlashning muhim sharti sifatida qayd etildi. Murojaatnomadagi ushbu g‘oyalar shuni ko‘rsatadiki, sun’iy intellekt faqat texnologik vosita emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning strategik omili sifatida qaralmoqda. Murojaatnomada, shuningdek, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash va aholi turmush darajasi masalalari ham chetda qolmadi. Tibbiyotda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish orqali xizmatlar sifatini oshirish, aholiga qulay va tezkor xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaytirilishi ta’kidlandi. Bu esa sog‘lom jamiyat barpo etish yo‘lidagi muhim omildir. Tashqi siyosatga oid fikrlarda esa O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va hamkorlikka asoslangan siyosati davom ettirilishi ta’kidlandi. Ta’lim, fan va sun’iy intellekt sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish mamlakatning global raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
2025 yil 26 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yo‘llangan murojaatnomada ilgari surilgan fikrlardan kelib chiqqan holda shuni aytish joizki, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni turli sohalarga, jumladan, sport tizimiga joriy etish masalalari zamonaviy rivojlanishning muhim yo‘nalishi sifatida e’tirof etildi. Sport sohasida sun’iy intellektdan foydalanish nafaqat natijadorlikni oshirish, balki sog‘lom avlodni tarbiyalash, ommaviy sportni rivojlantirish va professional sportchilar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilishga xizmat qiladi.
Avvalo, sun’iy intellekt sportchilarni tayyorlash jarayonida individual yondashuvni ta’minlash imkonini beradi. SI asosidagi tahlil tizimlari sportchilarning jismoniy ko‘rsatkichlari, mashg‘ulot yuklamalari, tiklanish jarayoni va musobaqa natijalarini doimiy monitoring qilish orqali har bir sportchi uchun shaxsiy tayyorgarlik dasturlarini ishlab chiqishga xizmat qiladi. Bu esa jarohatlar xavfini kamaytirish va sport natijalarining barqaror o‘sishini ta’minlaydi.
Prezident murojaatnomasida ilgari surilgan inson kapitalini rivojlantirish g‘oyasi sport sohasida sun’iy intellektdan foydalanish orqali amaliy mazmun kasb etadi. SI yordamida yosh sportchilarni erta aniqlash, ularning qobiliyatlarini bashorat qilish va maqsadli tayyorlash mexanizmlari yaratiladi. Bu esa sport zahirasini shakllantirishda ilmiy asoslangan yondashuvni kuchaytiradi.
Shuningdek, sun’iy intellekt sport tibbiyotida ham muhim ahamiyat kasb etadi. SI asosidagi diagnostika va tahlil tizimlari sportchilarning sog‘lig‘ini nazorat qilish, jarohatlarning oldini olish va reabilitatsiya jarayonlarini samarali tashkil etish imkonini beradi. Bu Prezident murojaatnomasida ta’kidlangan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish g‘oyalari bilan uzviy bog‘liqdir.
Sport boshqaruvi va infratuzilmasida ham sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari keng. Musobaqalarni tashkil etish, sport inshootlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sport maktablari va klublar faoliyatini tahlil qilishda SI asosidagi tizimlar boshqaruv qarorlarining sifatini oshiradi. Bu esa davlat sport siyosatida shaffoflik va самарадорликни ta’minlashga xizmat qiladi.
Ommaviy sportni rivojlantirish nuqtai nazaridan, sun’iy intellekt aholining jismoniy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi raqamli platformalar va mobil ilovalar orqali sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish imkonini beradi. SI asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar fuqarolarning yoshiga, sog‘lig‘iga va jismoniy tayyorgarligiga mos mashg‘ulotlarni tanlashga yordam beradi.
Prezident murojaatnomasida ta’lim va raqamli kompetensiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilganini hisobga olsak, sport sohasida sun’iy intellekt bilan ishlay oladigan mutaxassislarni tayyorlash masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Murabbiylar, sport shifokorlari va menejerlarning raqamli savodxonligini oshirish sport tizimining raqobatbardoshligini kuchaytiradi. Prezident murojaatnomasida ilgari surilgan sun’iy intellektga oid g‘oyalar sport sohasida innovatsion rivojlanish, sog‘lom avlodni tarbiyalash va yuqori sport natijalariga эришишнинг muhim omiliga aylanmoqda. Sun’iy intellektni sport tizimiga oqilona va ilmiy asosda joriy etish O‘zbekiston sportining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, 2025 yil 26 dekabr Prezident murojaatnomasi davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, ta’lim va sun’iy intellekt yo‘nalishlarini o‘zaro uzviy bog‘liq holda ko‘rib chiqqan kompleks hujjatdir. Ushbu murojaatnoma jamiyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan aniq yo‘l xaritasi bo‘lib, uning muvaffaqiyati ta’lim sifatini oshirish, raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalarini oqilona joriy etish hamda barcha darajadagi ijro intizomi va fuqarolarning faol ishtirokiga bevosita bog‘liqdir.
Nodir G‘afforov,
Shuxrat Arslonov,
O‘zDJTSU professorlari