bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar qatorida O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt texnologiyalari tibbiyotda, xususan, kasalliklarni aniqlash, ularga tashxis qo‘yish, kasalliklarning oldini olish va davolash tartibini belgilash tizimini takomillashtirishda faol joriy etib kelinmoqda.
Mamlakatimizda ushbu sohada faoliyat yurituvchi asosiy tashkilotlardan biri “IT-Myed” kompaniyasi bo‘lib, u 2021 yil yanvar oyidan boshlab sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanishga asoslangan raqamli tasvirlar yordamida ko‘krak bezi saratoni va pnevmoniyani aniqlash uchun yagona “Web-Based AI Platform” platformasini ishlab chiqdi.
Sun’iy intellektdan foydalanishda tibbiyot sohalarida erishilayotgan natijalar borasida biz “IT-Med” MCHJ direktori o‘rinbosari Farhod Akbarov bilan suhbatlashdik.
– Davlatimiz rahbarining 2021 yil 17 fevraldagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirish, moddiy va ma’naviy resurslarni tejash hamda shaffoflikni ta’minlash maqsadida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish yanada takomillashdi.
Jumladan, ushbu yo‘nalishda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan inson o‘pkasining kompyuter tomografiyasi tahlili asosida pnevmoniyani aniqlash hamda mammografiya tahlili asosida ko‘krak bezi saratoniga ilk bosqichda tashxis qo‘yish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “IT-Med” MCHJ tomonidan uning xususiy mablag‘lari asosida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan birgalikda tajriba-sinov loyihasi ishlab chiqilib, sinovdan o‘tkazildi. Hozirgi kunda ushbu tajriba-sinov loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu borada 8 ta xorijiy tashkilotlar tajribasi o‘rganilib, vakolatli tashkilotlar bilan kelishilgan holda loyiha amaliyotga tatbiq etish uchun tayyorlandi.
– Sun’iy intellekt nima? Bu texnologiya insoniyatga nima beradi?
– Sun’iy intellekt texnologiyalari jamiyatning tobora ko‘proq sohalarini qamrab olayapti. Ular bir necha soniya ichida o‘ta yuqori aniqlikda juda katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlashga qodir.
Xususan, dasturiy ta’minot ishlashi to‘g‘riligini tekshirish maqsadida hozirgi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida lokal tarmog‘iga o‘rnatilgan. Ushbu tajriba sinovi xulosalari asosida model uchun katta ma’lumotlar bazasini (Big Data) yig‘ish va modelni yanada takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Joriy yil boshidan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 1,5-1,8 million tasvirni o‘z ichiga olgan 30-40 ming bemor haqida ma’lumotlar to‘plangan. Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida esa 140 ming tasvirdan iborat 10 mingta bemor ma’lumotlari shakllantirilgan. Ayni paytda Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida miya saratonini aniqlash bo‘yicha ma’lumot to‘plash ishlari amalga oshirilmoqda.
Keyinchalik to‘plangan ma’lumotlar asosida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida milliy PACS tizimida saqlanadigan yagona markazlashtirilgan ma’lumotlar arxivi tashkil etiladi.
– Sun’iy intellekt texnalogiyasini joriy etish bo‘yicha xalqaro hamkorlikda qanday natijalarni bermoqda?
– “IT-Med” kompaniyasi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha davlat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikka ochiq. “IT-Med” va BMTTD ning “O‘zbekistonda raqamli transformatsiyani targ‘ib qilish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘rnatilgan hamkorligi doirasida joriy yilda kasalliklarni erta tashhislashga mo‘ljallangan rentgen va tomografik tasvirlarni tahlil qilish axborot tizimining asosiy modullari, ya’ni PACS va DICOM Viewer ishlab chiqildi. Ushbu modullarning ishlab chiqilishi tasvir ma’lumotlari arxivini shakllantirish, kasalliklarni o‘rganish va tashxislash, qarorlar qabul qilish va sun’iy intellektga asosan davolash ishlarini amalga oshirishga mo‘ljallangan.
Mazkur modullar 2021 yil oxirigacha Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida test rejimida ishga tushiriladi. Kelgusida test sinovlari natijalariga ko‘ra modullarni respublikaning tegishli tibbiyot muassasalari faoliyatiga joriy etish rejalashtirilgan.
“IT-Med” mutaxassislarining yaqin istiqboldagi rejalari miya saratoni, bolalar leykemiyasi va oshqozon saratoni diagnostikasi tizimini ishlab chiqish, shuningdek, saratonning barcha turlarini tahlil qilish va tashxislash uchun sun’iy intellektni integratsiya qilishdan iborat.
– Sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha tibbiyot qanday afzalliklarga erishdi?
– Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda inson o‘pkasining kompyuter tomografiyasi tahlili asosida pnevmoniyani aniqlash hamda mammografiya tahlili asosida ko‘krak bezi saratoniga ilk bosqichda tashxis qo‘yish orqali kasalliklar erta va yuqori aniqlikda aniqlanadi. Inson omili bilan bog‘liq xavflar minimumga tushiriladi, maxsus mutaxassis radiolog va pulmonologlar yetishmovchiligi muammosi yo‘qoladi, xato tashxislar sonini kamaytirishga erishiladi.
Hozirgi kunda nafaqat sog‘liqni saqlash sohasida shu bilan birga, mamlakatimizda yana 8 ta tajriba sinov loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlari amalga oshirilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA