Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sun’iy intellekt yoxud sohalarni raqamlashtirish ish o‘rinlariga qanday ta’sir etadi?
18:04 / 2023-11-28

Mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasini yanada ommalashtirish, bu borada yetuk kadrlarni tayyorlash muhim bosqichga ko‘tarilmoqda. Darhaqiqat, axborot texnologiyalari bilimlari bugun dunyo taraqqiyotining asosi bo‘lib ulgurdi. Jamiyatda sohalarni raqamlashtirish esa zamon talabidir.

Bugun insoniyatga ko‘maklashuvchi deb ta’riflanayotgan sun’iy intellekt nima, uning soha va soha mutaxassislari faoliyatiga ta’siri qanday, IT mutaxassisi qanday bo‘lishi kerak? Shu kabi savollar bilan IT kompaniyasi asoschisi, dasturchi-mutaxassis Anvar Narzullayev bilan suhbatlashdik.

– Bugungi kunda sun’iy intellekt aynan qaysi sohalar o‘rnini egallab bormoqda?

– Sun’iy intellekt hali aynan bitta sohani to‘liq egallab olishga ulgurgani yo‘q. Lekin shunday bo‘lishiga qaramasdan, ko‘proq qo‘l mehnati talab qilinadigan sohalarni birinchi bo‘lib egallayapti. Masalan, omborxonalarni, deylik, Amazon xalqaro savdo kompaniyasi omborida oldin odamlar ishlagan bo‘lsa, hozir robotlar yuklarni tashiydi. 

Bundan tashqari, sun’iy intellekt yordamida boshqariladigan avtomobillar, dronlar va bir qancha qurilmalar mavjud. Bugungi kunda sun’iy intellekt aqliy mehnat qiladigan sohalarni ham asta-sekin egallab kelmoqda. Xususan, iqtisod, logistika, tarjimonlik va biznes yo‘nalishlarida ham keng foydalanilmoqda. Masalan o‘qituvchi dars jarayoniga tayyorgarlik ko‘rishda sun’iy intellektdan foydalanib bir qancha ishlarni bajaradi: reja tuzadi, qo‘llanma yozadi yoki ma’lum bir mavzu uchun test tayyorlashi mumkin. 

Demak, sun’iy intellekt to‘liq emas, ammo ayrim sohalarga bosqichma-bosqich kirib bormoqda. Ya’ni 5-10 yilda qaysidir sohalarni sun’iy intellekt to‘liq egallashi mumkin.

– Jamiyatda sohalarni raqamlashtirish ish o‘rinlarining qisqarishiga ta’sir etishi mumkinmi?

– Albatta, ta’sir qiladi. Tarixdan ma’lumki, har qanday texnologiya paydo bo‘lganda, qaysidir kasb o‘z vazifasini o‘zgartiradi, buning ijobiy tomoni ham bor. Raqamlashtirish sohani yanada optimallashtiradi. Bunda kasb egasi ko‘proq vazifalarni bajarib, ish samaradorligi oshadi. Raqamlashtirish orqali quyi bo‘g‘indagi ayrim ish o‘rinlari mutlaqo yo‘q bo‘lib ketishi ham mumkin. Misol uchun, hozirda sun’iy intellekt marketing, tarjima, hattoki dasturlashda ayrim vazifalarni inson omilisiz bajarmoqda. 

– Bugungi kunda turli saytlarni buzish, plastik kartalardan pul yechib olish kabi kiberhujumlar kuzatilmoqda. Yurtimizda bunday holatlarning kelib chiqishiga sabab nima deb o‘ylaysiz?

– Odatda kiberhujumlarga eng ko‘p uchraydiganlar onlayn tizimdan foydalanuvchilar bo‘ladi. Tabiiyki, bu ularning eng zaif nuqtasi. Chunki tizimga emas, undan foydalanuvchiga, ya’ni odamga hujum qilinadi. Shu orqali insonlarning shaxsiy ma’lumotlarini bilib olish, plastik kartalaridan pul yechish kabi holatlar kelib chiqadi. Bunday holatlarning oldini olish uchun odamlarning raqamli savodxonligini oshirish kerak. Turli dastur va ilovalarni o‘rnatmaslik, tanimagan insondan xabarlar yoki havolalar kelsa, ochmaslik kerak. 

Kiberhujum uyushtirgan shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Ammo bank, IT kompaniya yoki to‘lov tizimi ham foydalanuvchilarning ma’lumotlari va hisob raqamlari xavfsizligi uchun javobgar hisoblanadi. Demak, ular ham insonlar kiberhujumga uchraganda? birdek javobgar bo‘lishi kerak.

– Yaqinda O‘zbekistonda ham «Chat GPT»dan ro‘yxatdan o‘tish uchun ruxsat berildi. Buning manfaatli tomonlari nimada?

– Bu yaxshi yangilik bo‘ldi. Men bir necha yillardan buyon “Chat GPT”dan foydalanib kelaman. Mazkur dastur ishni ancha osonlashtiradi. Bundan tashqari, “Chat GPT”da til yoki yangi kasb o‘rganishda bemalol maslahat berishi mumkin. Lekin biz bundan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganishimiz kerak. Sun’iy intellektga har doim ham to‘g‘ri javob beradigan aqlli texnologiya sifatida qarash noto‘g‘ri. Har bir foydalanuvchi undan olgan ma’lumotlarni, albatta, tekshirib, tahlil qilib ko‘rishi talab etiladi. 

Chat GPT”dan foydalanuvchilar imkon qadar o‘z sohalari doirasida foydalanishsa, ish samaradorligi oshiradi. Misol uchun, shifokor sun’iy intellektdan foydalanib kimgadir tashxis qo‘yishi mumkin. Chunki u ma’lumotlarni tahlil qilaoladi. Shu sababli ham biror-bir soha o‘rnini sun’iy intellekt bilan to‘ldirish tavsiya etilmaydi.

Umuman olganda, bolalarga maktab yoshidan sun’iy intellektdan foydalanishni o‘rgatishimiz kerak. Chunki kelajakda sun’iy intellektdan foydalanishni biladigan kadrlarga ehtiyoj katta bo‘ladi.

– Siz ham o‘zingiz yaratgan sun’iy intellekt ustida ishlayotgan ekansiz. Loyihangiz boshqa sun’iy intellektlardan nimasi bilan farq qiladi?

– Sun’iy intellekt ma’lum bir hudud, kasb yoki loyiha uchun alohida yaratiladigan dastur. Biz sun’iy intellektni O‘zbekistonga, voqelikka moslashimiz kerak. Aynan biz yaratayotgan sun’iy intellekt o‘zbek tilini tushunadigan va shu tilda gapiradigan bo‘lib mamlakatimiz voqeligiga asoslanadi. So‘nggi ikki uch yil davomida juda ko‘p o‘zbek tilidagi ma’lumotlarni yig‘dik va tilimizni tushuna oladigan sun’iy intellekt yaratdik. Maqsadimiz – o‘zbek tiliga asoslangan sun’iy intellekt yaratish. Hozirda milliy tarjimonimiz ustida ishlayapmiz. Bu sun’iy intellekt o‘zbek tilidagi matnlarni turli tillarga tarjima qiladi. 

– IT mutaxassisi, deganda ko‘pincha o‘g‘il bolalar ko‘z oldimizga keladi. Nega bu sohani qizlar kam tanlaydi, deb o‘ylaysiz? 

– Bu uzoq yillar davomida shakllangan qarashlarimiz sababi bo‘lsa kerak. Negadir jamiyatimizda IT yoki texnika fanlari qiz bola uchun emas, balki qizlar ko‘proq ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qishi kerak, degan tushuncha bor. Shuning uchun ham xotin-qizlarni IT sohasiga jalb qilish qiyin bo‘lyapti. Aslida bu soha ayollar uchun ko‘proq mos keladi. Chunki bu yo‘nalishda jismoniy mehnatdan ko‘ra aqliy mehnat talab qilinadi. Bu borada ayollarga ham, erkaklarga ham bir xil qobiliyat berilgan. Bundan tashqari, ayollar uydan chiqmasdan onlayn ishlash imkoni bor. Bugungi kunda xorijdagi ko‘plab nufuzli IT kompaniyalarni ayollar boshqaradi, kuchli ayol dasturchilar ishlaydi. 

– Yurtimizda oliy ta’lim muassasasini IT yo‘nalishida bitirib ham ko‘p hollarda qo‘shimcha IT markazlarida o‘qishadi. Bunga sabab nima?

– Bugungi kunda nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyodagi IT mutaxassislari qo‘shimcha IT markazlarida o‘qishadi. Bunga bir nechta sabablar bor. Avvalo, oliy ta’limda boshlang‘ich bilimlarga urg‘u beradi, lekin amaliyotda birmuncha zamonaviy dasturlarni bilish kerak bo‘ladi. 

Universitetlarda IT ta’lim o‘quv rejasi eskirgan bo‘lishi mumkin. Chunki bu juda tez rivojlanadigan sohalardan biri. Aynan shu sababli IT mutaxassisligini tanlaganlardan doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi talab etiladi.

– Markaziy Osiyoda O‘zbekistonni IT HUB markaziga aylantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni qanday baholaysiz?

– O‘zbekistonni IT HUB markazi aylantirishda ishchi yetkazib berishga ko‘proq urg‘u berilyapti. Ya’ni IT mutaxassislari chet eldan turli loyihalarni olib O‘zbekistonda dasturchilarni tayyorlaydi. Bu dasturchilar loyihalarni bajarish orqali  IT eksportini oshirmoqda.

 Biz ko‘proq “Start up» IT kompaniyalariga ham ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak deb o‘ylayman. Chunki Markaziy Osiyoda IT bo‘yicha katta kompaniya mavjud emas. Mamlakatda kuchli IT kompaniyaning bo‘lishi IT HUB sifatidagi salohiyatni yanada rivojlantiradi. Odatda kuchli IT kompaniyalari minglab dasturchilarni ishini bajaradi. Bu esa yurtimiz iqtisodiyoti uchun ancha foyda olib keladi.

O‘zA muxbiri Marhabo MADAMINOVA suhbatlashdi.