Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalar qo‘mitasi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Tadbir doirasida dastlab ishtirokchilar, jumladan, parlament vakillari hamda mehmonlar sun’iy intellekt sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu yo‘nalishdagi eng so‘nggi yutuqlar hamda qo‘shimcha imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Xususan, O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar, AI texnologiyalaridan foydalanish istiqbollari haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Memorandumning maqsadi qonunchilikni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, huquqiy madaniyatni oshirish hamda mamlakat taraqqiyotiga qaratilgan strategiyalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Hamkorlik doirasida innovatsion rivojlanish, axborot texnologiyalari, xususan, sun’iy intellekt sohasining ilmiy-amaliy muammolarini tadqiq etish, xorijiy tajribani o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va qonun hujjatlarining mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish kabi ishlar amalga oshiriladi.

Ta’kidlanganidek, ushbu Memorandum parlament va ilmiy hamjamiyat o‘rtasida samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyat ehtiyojlari va manfaatlarini qonunlarda to‘liq aks ettirishga hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar samaradorligini oshirishga hissa qo‘shadi.
N.Rahmonova,
O‘zA