“Xalqaro minbar” loyihasida Fransiya Siyosiy tadqiqotlar instituti dotsenti Jan-Per Landauning “Sun’iy intellekt valyuta inqiroziga sabab bo‘ladimi?” sarlavhali tahliliy maqolasi taqdim etilmoqda.
Sun’iy intellekt pulni o‘ldiradimi? Bugun bu savol ko‘pchilikni qiziqtiryapti.
Biz pulning haqiqiy fazilatini unutgandekmiz. Bu tushunchani faqat almashinuvni osonlashtiradigan, vaqt o‘tsa-da, qiymatni saqlaydigan vosita sifatida qabul qilyapmiz.
Aslida pul shunchaki vosita emas. Masalan, muomala uchun barter usulidan ko‘ra, tanga yoki qog‘oz pul juda qulay. Fyodor Dostoyevskiy ta’kidlaganidek, “pul zarb qilingan erkinlik”.
Kun kelib, sun’iy intellekt tomonidan boshqariladigan, cheksiz ma’lumot va qayta ishlash imkoni mavjud dunyoda yashasak, vaziyat butunlay boshqacha ko‘rinish oladi. Shunday sharoitdagina pul hech qanday ahamiyat kasb etmasligi mumkin.
Pul bizni qanday ozod qilishini anglash uchun har qanday bitim zanjirini ko‘rib chiqish darkor. Mablag‘ni olgach, biz vaziyatni nazorat qila boshlaymiz. Sarmoyani saqlash yoki sarflashni o‘zimiz hal qilamiz. Bunday imkoniyatni faqat pul beradi. Bundan tashqari, ayni universal vosita har qanday joy yoki vaqtda kimdan bo‘lmasin, biror nimani sotib olish imkonini beradi. Alohida erkinlik boylikdan emas, balki tanlash qobiliyatidan kelib chiqadi.
XIX asrda ba’zi kompaniyalar xodimga maoshni faqat shu korxonaga qarashli do‘konda qabul qilingan kvitansiya bilan to‘lagan. Zamonaviy texnologiya yordamida esa maxsus maqsadli, cheklangan foydalanish va hatto sotib olish sanasi bilan “dasturlashtiriladigan pul” chiqarish mumkin.
Hozir texnika turli xil iqtisodiy faoliyatni tashkil etadigan, qaror qabul qiladigan va vazifani bajara oladigan kelajakka poydevor qurmoqda. Bu jarayonda o‘zaro amaliyot, kredit va debit hisob-kitobi amalga oshiriladi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomaga rioya qilish va bajarish ta’minlanadi. Hech qanday nosozlik yo‘q. Shunday dunyo sari allaqachon qadam bosilgan.
O‘n yil oldin “Google” kompaniyasi bosh iqtisodchisi Xel Varian raqamli iqtisodiyotdagi har bir tranzaksiya markazida kompyuter turishini ta’kidlagan edi. Zero, endilikda kundalik faoliyat tobora avtomatlashtirilmoqda, algoritmik savdo qimmatli qog‘ozlar bozorida, deyarli, hukmronlik qilmoqda, to‘lov tizimi aksar holatda dasturlashtirilgan.
Agar kripto valyuta tarafdorlarining kelajak haqidagi tasavvuri amalga oshsa, aqlli shartnoma markazlashmagan moliya olami vositachiligini boshqaradi. Ba’zilar, hatto, murakkab algoritm pul-kredit siyosatini yuritishda markaziy bank o‘rnini bosishi mumkin, deya taxmin qilishadi. Hozircha mashinadan qisman foydalanilyapti. Odamlar hamon erkin agent sifatida qaror qabul qilishni afzal ko‘radi va shunga muvofiq harakatlanadi. Markaziy bank qoidaga ko‘r-ko‘rona amal qilmaydi. Ayniqsa, inqiroz davrida yoki ta’minot bilan bog‘liq zarbaga duch kelganda murakkab kelishuvni ko‘rib chiqqandan so‘ng qaror qabul qiladi.
Darhaqiqat, avtomatlashtirilgan, inson tomonidan boshqariladigan iqtisodiyotda pul har qachongidan ko‘proq kerak. Faqat endi zamonga moslashish kerak, chunki raqamlashtirish masofa va vaqt haqidagi tushunchani keskin o‘zgartirdi.
Endi pul ham raqamli, masalan mobil telefonimizdagi token shaklida bo‘lishi kerak – elektron pul murakkab hisobot yoki kontr agent tarmog‘idan o‘tmasdan, butun dunyo bo‘ylab bir zumda aylanishi mumkin. AI – sun’iy idrok paydo bo‘lishi bilan chegara yanada kengaydi. Ssenariy asosida koinot miqyosida loyiha yaratish mumkin. Bunda AI nafaqat ma’lumotni qayta ishlaydi va buyruqni bajaradi, balki qaror qabul qiladi va hatto o‘z maqsadini belgilaydi. Bunday boshqaruv ob’ektini kishilar xohish-istagiga, ehtimol, mos kelmaydigan imtiyoz asosida harakatlanuvchi “agent” sifatida tasavvur qilsa bo‘ladi. Bu imkoniyati bilan AI resursni, daromadni taqsimlash vazifasini zimmasiga oladi. Millionlab ehtimoliy holatlar orasidan barqaror iqtisodiy muvozanatni tanlaydi va baholaydi, afzal yo‘lni aniqlaydi.
Sun’iy intellekt kelajagi haqidagi bahs ko‘pincha o‘ziga xoslikka ishora qiladi. Ya’ni, yaratilgan idrok ham rivojlanishi mumkin. Shu bilan birga aqlning har qanday ko‘rsatkichi bo‘yicha insondan tezda o‘zib ketadi.
Darvoqe, AI mutaxassislari orasida ham muayyan kelishmovchiliklar mavjud. Pulsiz dunyo texnik jihatdan badastir bo‘lishi mumkin, ammo yashashga arziydimi yoki yo‘qmi, bu boshqa masala.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA