O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “O‘zbekfilm” kinokonsernida “AI Kadr: Sun’iy intellekt va kinematografiya uyg‘unligi” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev sun’iy intellektning jadal rivoji butun dunyo kinematografiyasida inqilobiy o‘zgarishlar yuzaga keltirayotganini, O‘zbekiston kino maktabi ham bu jarayondan chetda qolmasligi zarurligini ta’kidladi.

— O‘zbekiston so‘nggi yillarda sun’iy intellekt rivojiga alohida e’tibor qaratmoqda, — dedi Nodirbek Sayfullayev. – Yurtboshimiz tashabbuslari bilan sun’iy intellekt mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha markazlar tashkil etildi, IT-Parklar faoliyati kengaytirildi. Oliy ta’limda raqamli, multimodal, media-kommunikatsiya kabi yangi fanlar joriy qilinmoqda. Kreativ industriya bozorida sun’iy intellekt asosidagi studiyalar, post-prodakshn markazlari paydo bo‘lmoqda. Milliy kinobozorida sun’iy intellekt asosidagi vizual effektlar, animatsiya, raqamlashgan arxivlar, virtual suratga olish bo‘yicha loyihalar kengaymoqda. Amalga oshirilgan mazkur islohotlar ko‘plab sohalar, xususan, o‘zbek kino san’ati kabi kreativ industriyada yangi bosqichni boshlab berdi.

Anjuman davomida so‘zga chiqqanlar sun’iy intellekt kino va media sohasini keskin o‘zgartirayotganini ta’kidladi.
Qatnashchilar sun’iy intellekt yordamida kadrlarni qayta ishlash, vizual effektlar yaratish, ovoz sintezi, dublyaj, kinematografik tahlil kabi yo‘nalishlarda katta imkoniyatlar paydo bo‘layotgani, yoshlarning texnologiya bilan erkin ishlashi esa bunday innovatsion jarayonlarni tezroq joriy etishga imkon berayotganini qayd etishdi.

Shundan so‘ng, konferensiya yalpi majlisiga o‘tildi. Anjuman davomida nafaqat mutaxassislar, balki talabalar ham mavzu yuzasidan o‘z fikrlari bilan faol ishtirok etdi.
Anjuman yakunida faol ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri