Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sun’iy intellekt – taraqqiyotning strategik drayveri
22:30 / 2025-12-18

Sun’iy intellekt hali hayotimizni to‘liq egallamasidanoq uning atrofida turli bahs va munozaralar, tortishuvlar yuzaga kelgan edi. Yorqin umidlar bilan birga turli xavotirlar o‘rtaga tashlanganiga qaramasdan sun’iy intellekt XXI asrning strategik resursiga aylanib ulgurdi. U iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, ta’lim, boshqaruv, axborot kommunikatsiyalari, xavfsizlik kabi sohalarning asosiy transformatsiya omillaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu bois ko‘plab davlatlar sun’iy intellekt sohasida yetakchilikni qo‘lga kiritish uchun fundamental ilmiy tadqiqotlar, kadrlar tayyorlash, raqamli infratuzilma yaratish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga katta e’tibor qaratmoqda.

Sun’iy intellekt hali hayotimizni to‘liq egallamasidanoq uning atrofida turli bahs va munozaralar, tortishuvlar yuzaga kelgan edi. Yorqin umidlar bilan birga turli xavotirlar o‘rtaga tashlanganiga qaramasdan sun’iy intellekt XXI asrning strategik resursiga aylanib ulgurdi. U iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, ta’lim, boshqaruv, axborot kommunikatsiyalari, xavfsizlik kabi sohalarning asosiy transformatsiya omillaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu bois ko‘plab davlatlar sun’iy intellekt sohasida yetakchilikni qo‘lga kiritish uchun fundamental ilmiy tadqiqotlar, kadrlar tayyorlash, raqamli infratuzilma yaratish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga katta e’tibor qaratmoqda.

2021 yilda Prezidentimizning “Sun’iy intellekt texnologiyalarini tez joriy etish sharoitlarini yaratish choralari to‘g‘risida”gi farmoni imzolangan bo‘lsa, 2024 yilda “Sun’iy intellektni 2030 gacha rivojlantirish strategiyasi” tasdiqlandi. 2025 yilning 7 aprelida davlatimiz rahbari global miqyosda Sun’iy intellektdan foydalanish axloqiy tamoyillarini belgilovchi model qonun (Model law) ishlab chiqishni taklifini ilgari surdi.

Mazkur chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab ta’lim tizimida, xususan umumta’lim maktablarida informatika fanining o‘quv dasturlariga sun’iy intellekt mavzulari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Oliy ta’lim muassasalarida esa sun’iy intellekt bo‘yicha yangi laboratoriyalar tashkil etilib, “SI klaster”lari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Tibbiyot sohasida sun’iy intellekt asosida ishlovchi diagnostika tizimlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Jumladan, tibbiy tasvirlar – rentgen, kompyuter tomografiyasi va magnit-rezonans tomografiyasi orqali kasalliklarni aniqlash hamda tahlil qilish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Transport va infratuzilma yo‘nalishida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, harakat yo‘nalishlarini monitoring qilish hamda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

Davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari sohasida interaktiv xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, onlayn konsultatsiyalar, ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish, raqamli identifikatsiya hamda kompleks elektron xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, tadqiqot va ilmiy infratuzilmalarni rivojlantirish maqsadida yangi laboratoriyalar va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari tashkil etish, “Big Data” bazalarini shakllantirish hamda milliy sun’iy intellekt modellarini yaratish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

2024 yilda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi davlat rahbarlari “texnologiya va innovatsiyalar”ga asoslangan yangi strategik sheriklik to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Ushbu hamkorlik doirasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari (R&D), sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya hamda yuqori texnologiyalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Shuningdek, yarimo‘tkazgichlar, kimyo sanoati, avtomobilsozlik, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va shaharsozlik sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Yarimo‘tkazgichlar sohasida global yetakchi hisoblangan Koreya O‘zbekiston bilan hamkorlikda mintaqada ilk bor to‘liq ilmiy-ishlab chiqarish klasterini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Koreya grantlari asosida O‘zbekiston statistika tizimini modernizatsiya qilish, xususan sun’iy intellekt asosida ishlovchi telefon so‘rovlari tizimi (CATI)ni joriy etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, intellektual mulk sohasini rivojlantirish maqsadida Koreya sun’iy intellektga asoslangan patent va tovar belgilarini boshqarish tizimini yetkazib beradi. Bu tashabbus texnologik hamkorlikni mustahkamlash va huquqiy infratuzilmani yangilashda muhim qadam bo‘ladi.

Moliyaviy tizim va davlat moliyaviy boshqaruvi sohasida esa sun’iy intellekt asosida xarid va tender jarayonlari, davlat xarajatlari, byudjet boshqaruvi hamda moliyaviy amaliyotlarni avtomatlashtirish va raqamli transformatsiya qilish nazarda tutilmoqda.

Shu orqali O‘zbekiston sanoatini modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish – xomashyodan qayta ishlashgacha, keyinchalik yarimo‘tkazgich, kimyo va avtomobil mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab olish maqsad qilingan.

Bunday hamkorlik “raqamli iqtisodiyot”ga to‘liq o‘tish, davlat boshqaruvi va moliyaviy tizimlarni modernizatsiya qilish, shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, R&D, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va ta’lim sohalarida tajriba hamda bilim almashishni jadallashtirib, texnologik transfer va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga zamin yaratadi. Bu esa uzoq muddatda O‘zbekistonning mintaqaviy va global miqyosdagi texnologik markaz sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.

Asosiy maqsad – 2030 yilga kelib sun’iy intellekt sohasida dunyodagi yetakchi 50 ta davlat qatoriga kirish, davlat xizmatlari samaradorligini oshirish hamda byurokratik jarayonlarni keskin qisqartirishdan iborat. Shu bilan birga, sun’iy intellekt sanoatini rivojlantirish orqali iqtisodiyot va xizmatlar sifatini yuksaltirish, yangi texnologik infratuzilma va ish o‘rinlarini yaratish, raqobatbardosh, raqamli va texnologik jihatdan mustaqil “raqamli davlatchilik”ka o‘tish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Ana shu maqsadlar ijrosi doirasida Koreya Respublikasining Seul shahrida “Global AI Talent & Education Forum 2025” bo‘lib o‘tdi. Forum sun’iy intellektni global ta’lim tizimiga integratsiya qilish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, xalqaro hamkorlik va bilimlar almashinuvini kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi.

Mazkur xalqaro anjuman O‘zbekistonning global ilmiy hamjamiyatga integratsiyalashuvi, qo‘shma tadqiqotlar va ilmiy hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim bosqich sifatida baholandi. Ayni paytda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish jarayonida yuzaga kelayotgan huquqiy va ijtimoiy masalalar – etika, xavfsizlik, inson huquqlari, algoritmik adolat, mehnat bozori va ma’lumotlar maxfiyligi masalalari ham ishtirokchilar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.

Forum doirasida Navoiy davlat universitetining sun’iy intellekt sohasidagi ilmiy-tadqiqot salohiyati taqdim etildi. Jumladan, mavjud ilmiy maktablar, IT Park bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, Navoiy viloyati korxonalari bilan raqamli transformatsiya yo‘nalishidagi ishlar, shuningdek, yosh tadqiqotchilar uchun tashkil etilgan ilmiy laboratoriyalar koreyalik hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Viloyatning innovatsion infratuzilmasi, sanoat klasterlari, tog‘-kon va metallurgiya korxonalari hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar taqdimoti natijasida yangi hamkorlik istiqbollari shakllandi.

Forum doirasida Koreyaning qator oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Sun’iy intellekt va kompyuter injiniringi yo‘nalishlarida qo‘shma bakalavriat va magistratura dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish hamda navoiylik talabalarning Koreya markazlarida stajirovka o‘tash imkoniyatlari muhokama qilindi.

Muhokamalar natijasida Navoiy davlat universiteti uchun sun’iy intellekt asosidagi ta’lim modelini joriy etish bo‘yicha qator metodologik tavsiyalar ishlab chiqildi. Xususan, adaptiv o‘quv tizimlari, ma’lumotlar tahlili orqali ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilar yuklamasini optimallashtirish kabi yondashuvlarni axborot texnologiyalari, texnika, iqtisodiyot va pedagogika yo‘nalishlarida tatbiq etish maqsadga muvofiq deb topildi.

Forum yakunlariga ko‘ra, Navoiy davlat universiteti hamda Koreyaning nufuzli Bucheon va Honam universitetlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Shuningdek, Ajou universiteti bilan 2+2 va 3+1 formatdagi qo‘shma ta’lim dasturlari, IT, sun’iy intellekt, dasturiy injiniring, energetika, mexatronika va materialshunoslik yo‘nalishlarida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu navoiylik yoshlarga xalqaro standartlarga mos ta’lim olish imkoniyatini yaratadi.

Eng muhimi, Koreya tajribasi asosida Navoiy davlat universiteti huzurida Sun’iy intellekt markazi, Robototexnika laboratoriyasi hamda Smart Manufacturing markazini tashkil etish, shuningdek, viloyat korxonalarida sun’iy intellekt asosidagi monitoring, xavfsizlik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan raqamli boshqaruv yechimlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Zero, forumning asosiy g‘oyasi sun’iy intellekt davrida inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim tizimini zamonaviy yondashuvlar asosida modernizatsiya qilish va xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirish bo‘lib, bu Navoiy davlat universitetining strategik maqsadlari bilan to‘liq hamohangdir.

Muxiddin Kalonov,

Navoiy davlat universiteti rektori,

iqtisod fanlari doktori, professor.

O‘zA