Sun’iy intellekt sohasidagi ilg‘or xalqaro amaliyotlarni o‘rganish va joriy etish borasida mamlakatimizda istiqbolli ishlar olib borilmoqda. Boisi sun’iy intellekt texnologiyalari bugun iqtisodiyotdan tortib, ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib bormoqda.
Yil boshida 2030 yilga borib, dunyo iqtisodiyotida sun’iy intellekt hajmi 15 trillion dollarga yetishi prognoz qilingan bo‘lsa, hozirgi tahlillar bu raqam 20 trillion dollardan ortishini ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz rahbari raisligida 21 oktyabr kuni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi ayni sohaga oid ustuvor maqsadlar belgilab berildi.

– Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi, – deya ta’kidladi Prezidentimiz mazkur yig‘ilishda.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ham tegishli idoralar bilan birgalikda davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalarga muvofiq sun’iy intellekt sohasidagi ilg‘or xalqaro amaliyotlarni o‘rganish va joriy etish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.
Jumladan, agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Dubayda Birlashgan Arab Amirliklarining Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va masofadan turib ishlash bo‘yicha davlat vaziri Umar Sulton Al Olama bilan uchrashdi.
Uchrashuvda davlat boshqaruvida sun’iy intellektni joriy etish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, BAAning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda loyihalarni tanlash va baholash tajribasini o‘rganish hamda kadrlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, yagona integrator Uzinfokom vakillari sun’iy intellekt axborot tizimlari va ilovalarini ishlab chiqish, joriy etish bo‘yicha o‘z tajribalarini taqdim etdilar, deyiladi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lumotida. Bu esa o‘z navbatida BAA vakillarining qiziqishini uyg‘otdi.
Natijada tomonlar sun’iy intellekt sohasida keng hamkorlik, o‘zaro tajriba va o‘quv tadbirlarini tashkil etish borasida kelishib oldilar.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA