Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi.
Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida “Enact Majlis”, “Adipec-2025” sun’iy intellekt va energetika sohasiga oid bo‘lib o‘tgan xalqaro forumlarda dunyoning yoqilg‘i-energetika, sun’iy intellekt va energetika sohasidagi ko‘plab vazirliklari, yetakchi kompaniyalari qatori “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialining “Chust tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi mahallabay ishlash xizmati boshlig‘i Doniyor Ismoilov ham qatnashdi.

Hamyurtimiz nufuzli anjuman doirasida “YeMYeA” mintaqasi uchun energetika va resurslar rahbari Pablo Peris, Raqamli loyihalar va innovatsiyalar bo‘yicha katta vitse-prezidenti, Xaled Ao Blushi, “Atmos International” kompaniyasi hamda “Al Fanar Gaz Group” korxonasi mutaxassislari bilan uchrashdi.

Tadbir davomida ko‘rgazma ham tashkil etilib, unda energetika va gaz sohasida sun’iy intellekt texnologiyalarining qo‘llanilishi, tarmoqlardagi samaradorlikni oshirish, yo‘qotishlarni kamaytirish va intellektual monitoring tizimlarini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

– Ko‘rgazmada ko‘zlangan asosiy maqsad gaz tarmoqlarini boshqarishda sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganish, xalqaro tajriba va ilg‘or yechimlarni O‘zbekiston amaliyotiga joriy etish imkoniyatlarini o‘rganishdan iboratdir, – deydi Doniyor Ismoilov. – Qolaversa, gaz sizib chiqish holatlarini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida gaz quvurlariga noqonuniy ulanish holatlarini maxsus datchik va algoritmlar bo‘yicha aniqlash ish jarayoni ham ko‘rib chiqildi.

Tadbir davomida gaz tarmoqlarini intellektual monitoring qilish, sun’iy intellekt asosida yo‘qotishlarni tahlil qilish va prognozlash, sensorlar orqali aniq hisobot va nazorat tizimlari, avtomatlashtirilgan hisob-kitob texnologiyalari, energiya tejash va samaradorlikni oshirish yechimlari bo‘yicha muhim ma’lumot va tajribalar olindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.