Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sun’iy intellekt rivojlangan zamonda shaxs xavfsizligi qay darajada?
13:58 / 2026-02-16

Hozirda hayotimizni internet va zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur qilish deyarli imkonsiz. Ayniqsa, so‘nggi yillarda sun’iy intellekt (AI) texnologiyalari jamiyatning barcha jabhalariga chuqur kirib bormoqda. Media, marketing, tibbiyot, ta’lim kabi ko‘plab sohalarda AI inson mehnatini yengillashtirib, vaqt va mablag‘ni tejash imkonini bermoqda. Biroq, har qanday texnologik taraqqiyot singari, sun’iy intellekt ham faqat qulaylik emas, balki muayyan xavf va axloqiy muammolarni ham yuzaga keltirmoqda.

Sun’iy intellektning eng katta yutuqlaridan biri inson omilini kamaytirish orqali xizmatlar sifatini oshirishdir. Masalan, tibbiyot sohasida AI asosida ishlovchi dasturlar kasalliklarni erta aniqlash, tahlillarni tezkor va aniq o‘tkazish imkonini bermoqda. Shifoxonalarda soatlab navbat kutish muammosi asta-sekin qisqarib, bemorlar masofadan turib maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bank va moliya tizimida esa sun’iy intellekt firibgarlik holatlarini aniqlash, hisob-kitoblarni avtomatlashtirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Marketing va brending sohasida esa AI haqiqiy inqilob yasadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Avvallari biznes ochish katta mablag‘, uni rivojlantirish va ommaga tanitish uchun professional model, reklama studiyasi va ijodiy jamoani talab etgan bo‘lsa, bugungi kunda sun’iy intellekt yordamida reklama roliklari, vizual kontentlar, hatto virtual modellar yaratish mumkin. Bu esa kichik biznes va startaplar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi.

Biroq, qulayliklar bilan bir qatorda, sun’iy intellektdan noto‘g‘ri va g‘arazli foydalanish holatlari ham tobora ko‘payib bormoqda. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan “insta-model”lar orqali yolg‘on daromad topish, odamlarni aldash holatlari uchramoqda. Bundan ham xavflisi real shaxslarning qiyofasidan ularning roziligisiz foydalanilib, sun’iy intellekt yordamida soxta, behayo yoki bo‘htonli video va suratlar tayyorlanayotgani jamiyat uchun jiddiy tahdidga aylanmoqda.
         Instagram rahbari Adam Mosseri so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt tufayli yaqin yillarda foydalanuvchilar fotosuratlar va videolarni sodir bo‘layotgan voqealarning isboti deb hisoblay olmaydi. 

Bu haqda Mosseri “The Vergye” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi va sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan tasvirlar va videolar sifatining oshganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha zamonaviy algoritmlar allaqachon haqiqiy suratdan ajratib bo‘lmaydigan kontent yaratishga qodir. 

Shundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, AI orqali yaratilgan video va tasvirlar shu qadar real ko‘rinishga egaki, oddiy foydalanuvchi uni haqiqiy yoki sun’iy ekanini ajrata olmaydi. Bu esa shaxs sha’ni, obro‘-e’tibori va ruhiy holatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shantaj, bosim o‘tkazish, yolg‘on axborot tarqatish kabi holatlar aynan mana shu texnologiyalar markazida kuchayib borayotgani achinarli haqiqat.

Shu bois, sun’iy intellekt orqali yaratilgan video, rasm va boshqa media mahsulotlarga maxsus belgi yoki identifikatsiya joriy etish bugungi kunning dolzarb talabiga aylanmoqda. Bunday belgilash orqali foydalanuvchi kontentning sun’iy yaratilganini anglay oladi va noto‘g‘ri xulosalarga kelishning oldi olinadi. Aks holda, texnologik qulayliklar inson hayotini xavf ostiga qo‘yuvchi omilga aylanishi mumkin.

Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, sun’iy intellekt nafaqat texnologik yutuq, balki katta mas’uliyatni ham talab etuvchi vosita. U tibbiyot, iqtisodiyot, marketing va boshqa sohalarda jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilayotgan bo‘lsa-da, nazoratsiz va axloqiy me’yorlarsiz qo‘llanilganda shaxs erkinligi va ma’naviyatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun ham AI orqali yaratilgan kontentni tartibga solish, uni maxsus belgilash va shaxs roziligini huquqiy jihatdan himoyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Faqatgina shu yo‘l bilan sun’iy intellektning imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, uning salbiy oqibatlarini kamaytirish mumkin bo‘ladi.

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA