Dunyoda raqamli texnologiyalar jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgan bir paytda, sun’iy intellekt (SI) iqtisodiyot, ta’lim, boshqaruv va tibbiyot kabi ko‘plab sohalarning ajralmas qismiga aylanmoqda. O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, SI texnologiyalarini joriy etish va milliy iqtisodiyotni transformatsiya qilish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Joriy yil 22 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon SI sohasini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lib, kelgusi yillarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni belgilaydi.
Farmonga muvofiq, SI sohasida bir qator strategik yo‘nalishlar belgilandi. 2026 yilga qadar kamida 100 ta SI loyihasini amalga oshirish va davlat boshqaruvi, ijtimoiy soha hamda iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish rejalashtirilmoqda. 2030 yilgacha SI infratuzilmasini rivojlantirish uchun 1 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilinishi nazarda tutilmoqda. Bu mablag‘ server quvvatlari, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash uchun maxsus markazlar hamda innovatsion platformalarni yaratishga xizmat qiladi.
2026-2027 o‘quv yilidan SI fanini maktab va oliy ta’lim dasturlariga kiritish rejalashtirilmoqda. Yangi mavzular orasida sun’iy intellekt asoslari, algoritmlar va dasturlash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, 2026 yilga qadar oliy ta’lim muassasalarida 15 ta SI laboratoriyasini ishga tushirish va yoshlarning amaliyotda tajriba orttirishiga zamin yaratish rejalashtirilmoqda.
SI sohasidagi siyosat va loyihalarni muvofiqlashtirish uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida Maslahatlashuv kengashi tashkil etiladi. 2025 yil yakuniga qadar “ai.gov.uz” milliy portali ishga tushirilib, SI bo‘yicha amalga oshirilgan loyihalar, startaplar va o‘quv platformalari haqidagi ma’lumotlar bir joyda jamlanadi.
Yoshlarning SI sohasiga qiziqishini oshirish maqsadida qator chora-tadbirlar belgilangan. 2026 yildan “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” tanlovi Prezident sovrini uchun o‘tkaziladi. Maktab dasturlariga SI asoslari kiritiladi, “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi amalga oshiriladi va “Yangi O‘zbekiston” universitetida SI bo‘yicha trener-o‘qituvchilar tayyorlanadi. Shuningdek, IT va SI yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari 35 foizga oshiriladi va hududlarda SI texnologiyalarini rivojlantirish uchun hokimliklarda maxsus maslahatchi lavozimlari joriy qilinadi.
Yurtimizda sun’iy intellektni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, barcha sohalarda innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish va yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga xizmat qiladi. Farmonning ijrosi SI ekotizimini shakllantirish va global raqobatga mos kadrlar tayyorlashda muhim qadam bo‘ladi.
Muhammadjon Ma’murjonov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Boshqaruv samaradorligi agentligi, Andijon viloyat filiali inspektori.
O‘zA