Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bugun davlat boshqaruvini takomillashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishda muhim omilga aylanmoqda. Shu ma’noda Jizzax viloyatining olis Forish tumanida raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasidagi vazifalarga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda tuman hokimining o‘rinbosarlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari va mas’ul mutaxassislar ishtirok etib, hududda raqamli islohotlarni izchil amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ozod Bobomuradov ma’ruza qilib, davlat boshqaruvida sun’iy intellektni joriy etishning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, xalqaro amaliyotda sun’iy intellekt texnologiyalari qo‘llanilayotgan davlatlarda ma’muriy xarajatlar o‘rtacha 20–30 foizga qisqargan, boshqaruv jarayonlari esa ancha tezlashgan.

Muhokamalar chog‘ida raqamli platformalar orqali aholi murojaatlarini tahlil qilish, ijtimoiy ehtiyojlarni oldindan aniqlash, byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirishda sun’iy intellektning o‘rni alohida qayd etildi. Bu esa qaror qabul qilishda inson omilini kamaytirish, shaffoflikni ta’minlash va korrupsiya xavflarini qisqartirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida raqamli transformatsiyani tizimli yo‘lga qo‘yish, sohada malakali kadrlar tayyorlash, innovatsion yechimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy texnologiyalarni bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.
Qayd etilganidek, raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish orqali nafaqat markaz, balki olis tumanlarda ham samarali boshqaruv va barqaror rivojlanishga erishish mumkin.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri