Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi To‘quvchi mahallasi hududida Namangan davlat texnika universitetiga qarashli sun’iy intellekt texnologiyalari laboratoriyasi tashkil etiladi.
Prezidentimizning 2025 yil 22 oktyabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan davlat texnika universitetida ilmiy laboratoriya tashkil etish, oliy ta’lim tizimini raqamli transformatsiya qilish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etish darkor, Namanganda “Aqlli shahar” ilmiy-amaliy markazini ishga tushirish maqsadida viloyat hokimligi delegatsiyasi yaqinda Xitoy Xalq Respublikasining Shenzen shahri tajribasini o‘rganib qaytdi.
Oliygohda ochiladigan yangi ilmiy laboratoriya talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini real loyihalarda qo‘llash, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Davlatobod tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur loyiha hamda uning mavjud imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-27570]
Namangan davlat texnika universiteti ta’lim, ilmiy va boshqaruv jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirishga qaratilgan aniq, istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. Xususan, Xitoyning yetakchi texnologik kompaniyalaridan biri – “Huawei” bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida universitet infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amaliy kelishuvlarga ham erishildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.