Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sun’iy intellekt kelajak jurnalistikasi
11:33 / 2026-02-20

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakulteti, Mass-media va ommaviy kommunikatsiyalar kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan gazeta va jurnal muharrirlari uchun sun’iy intellekt (AI) texnologiyalariga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi ommaviy axborot vositalari vakillarini zamonaviy raqamli texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt imkoniyatlari bilan tanishtirish, ularni amaliy faoliyatga samarali tatbiq etish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirishdan iborat bo‘ldi.

Seminar davomida sun’iy intellektning jurnalistika sohasidagi o‘rni, axborot tayyorlash jarayonida uning imkoniyatlaridan foydalanish, matn yaratish va tahrirlash, ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, jarayonlarda raqamli vositalarning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, media mahsulotlar sifatini oshirish, auditoriya bilan samarali muloqot o‘rnatish va kontentni optimallashtirishda sun’iy intellektdan foydalanishning afzalliklari muhokama qilindi.

Treningning amaliy qismida ishtirokchilar turli sun’iy intellekt platformalari yordamida mavzu yaratish, maqola tuzish, rasm va vizual kontent tayyorlash, tahliliy materiallarni qisqa vaqt ichida ishlab chiqish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashdi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan aniq misollar asosida media muharrirlari uchun zarur bo‘lgan tavsiyalar berildi.

Shuningdek, seminar doirasida sun’iy intellektdan foydalanishda odob-axloq me’yorlari, mualliflik huquqi, axborot xavfsizligi va jurnalist mas’uliyati masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.

Bunday tashabbuslar kelgusida jurnalistika sohasida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, sifatli va tezkor axborot taqdim etish tizimini takomillashtirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.