Davlatimiz rahbarining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2026 yil yakuniga qadar davlat boshqaruvi organlari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy qilish bo‘yicha kamida 100 ta loyiha amalga oshiriladi.
2030 yil yakuniga qadar zamonaviy sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga 1 milliard AQSH dollaridan ortiq miqdorda xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi.
2026 yil yakuniga qadar mamlakatda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlarida 15 ta sun’iy intellekt laboratoriyasi ishga tushiriladi.
2025 yil yakuniga qadar sun’iy intellekt yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar, dasturlar, startaplar va bepul onlayn kurslar haqidagi ma’lumotlarni aks ettiruvchi “ai.gov.uz” milliy portali ishga tushiriladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab yoshlarning sun’iy intellekt texnologiyalariga qiziqishini yanada oshirish va rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovi o‘tkaziladi.
Davlat organlari, ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining raqamli transformatsiya holatini baholashda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish ko‘rsatkichlari inobatga olinadi.
Reyting natijasiga asosan 2026 yil 1 martdan boshlab yiliga ikki marotaba eng yaxshi sun’iy intellekt loyihalarini joriy etgan vazirlik va idoralar o‘rtasida “Sun’iy intellekt bo‘yicha eng yaxshi loyiha” tanlovi o‘tkaziladi.
N.Abduraimova, O‘zA