Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talabalar uchun “Zamonaviy xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti va O‘zbekiston manfaatlari” nomli maxsus kurs tashkil etildi.
Unda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda universitet rektori Sodiq Safoyev ishtirok etdi.

Bu kursning maqsadi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi barqaror ijtimoiy taraqqiyotini ta’minlashdagi rolini chuqurroq o‘rganishdir.
Ushbu kurs doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “AI and Industry 4.0: Opportunities and Threats” mavzusida ma’ruza qildi. Vazir nutqida sun’iy intellektning hozirgi holati va O‘zbekistonning bu sohadagi yetakchilikka erishish yo‘llari haqida so‘z yuritdi.

Vazir AI ning imkoniyatlari haqida gapirar ekan, bu texnologiya O‘zbekiston uchun katta imkoniyatlar ochib berishini qayd etdi. Biroq u bilan birga keladigan muammolar, jumladan, ish o‘rinlarining qisqarishi va iqtisodiy tengsizlikni ham eslatib o‘tdi.
O‘zbekistonning AI bo‘yicha strategiyasini ishlab chiqish va geosiyosiy raqobatda AI imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, vazir talabalar uchun mahsuldorlikni oshirishda sun’iy intellekt vositalarining ahamiyatini ta’kidladi. Talabalar AI vositalaridan foydalanib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishda qanday foyda ko‘rishlari mumkinligini ko‘rsatib berdi.
Ma’ruza yakunida talabalarning savollariga javob berildi.
N.Rahmonova,
O‘zA