“International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda YUNESKO hamkorligida “Sun’iy intellekt, elektron boshqaruv va axborot erkinligi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman 28 sentyabr – Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuni munosabati bilan tashkil etilgan bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad dunyo miqyosida axborot olish imkoniyatini kengaytirishda amalga oshirilayotgan ishlar tahlili, davlat organlarining ma’lumotlarni yetkazishda shaffoflik va ochiqlik siyosatiga rioya etishi, sohada erishilayotgan muvaffaqiyat, yangiliklar taqdimoti bilan tanishtirishdan iborat.
Gibrid formatda o‘tgan anjumanda mahalliy va xorijiy soha mutaxassislari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va axborot siyosati masalalari bo‘yicha mas’ul qo‘mita raislari, mutasaddi davlat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vaziri, YUNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov ochilish marosimida ushbu nufuzli tadbirni mamlakatimizda tashkil etilgani uchun YUNESKOga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, mamlakatda axborot olish erkinligi, davlat tashkilotlarining xalq oldida hisobdorligini ta’minlash qonun bilan mustahkamlangani, O‘zbekiston tashkilotning axborotdan erkin foydalanish borasidagi barcha sa’y-harakatini qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.
[gallery-8973]
Shundan so‘ng, “Sun’iy intellekt, elektron boshqaruv va axborot erkinligi: innovatsiyalar, inklyuziv va huquq” mavzusidagi davra suhbati bilan davom etdi.
Muloqot chog‘ida YUNESKO Bosh direktorining kommunikatsiya va axborot masalalari bo‘yicha yordamchisi Taufik Jelassi so‘zga chiqdi. U to‘qsoninchi yillarda dunyo bo‘yicha 14 ta davlatda axborot olish erkinligi to‘g‘risida qonun mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 135 taga yetganini ma’lum qildi.
Axborot xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar 2022-2028 yillarda jahon kiberxavfsizlik bozori o‘rtacha 9,5 foizga o‘sadi, degan fikr bildirildi.
Kiberjinoyatning yillik global zarari esa 2025 yilga kelib 10,5 trillion dollarga yetishi mumkin. Shu nuqtai nazardan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashda sun’iy intellekt texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘plab muammolarni samarali hal qilishga yordam beradi.
Tadbirning ikkinchi qismi soha yo‘nalishlari bo‘yicha seksiya yig‘ilishlari shaklida o‘tdi.
Anjuman yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
B.Xudoyberdiyev, D.Ernazarov (foto), O‘zA