English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sun’iy intellekt — davlat xizmatlarida yangi imkoniyat
09:23 / 2025-12-28

Raqamlashtirish va sun’iy intellekt bugungi kunda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Shu bois, sohada bilim va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar izchil amalga oshirilayotir.

27 dekabr kuni davlat boshqaruvida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘quv dasturi o‘z yakuniga yetdi. Uning doirasida davlat organlari hamda tuman (shahar) hokimlarining raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Ochiq muloqotda Prezident administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamenti rahbari Bobur Xodjayev ishtirok etdi. Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ham tadbir qatnashchilari bilan muloqot qildi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarga e’tibor qaratildi. Xususan, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish masalalari qayd etildi. Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasini jadal rivojlantirish vazifalari ta’kidlandi. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda “Elektron hukumat” tizimini tubdan yangilash zarurligi alohida belgilandi.

Ochiq muloqot davomida respublika hududlaridan ishtirok etgan maslahatchilar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi. Ular sun’iy intellekt infratuzilmasini takomillashtirish masalasiga to‘xtaldi. Kadrlar salohiyatini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Yoshlarni raqamli texnologiyalar sohasiga jalb etish muhim ekani qayd etildi. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va hududlarda innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fikrlar ilgari surildi.

Bildirilgan masalalar yuzasidan tegishli rahbarlar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi. Belgilangan yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borish lozimligi aytildi. O‘zaro tajriba almashish ahamiyatiga e’tibor qaratildi. Kelgusida hududiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq yechimlar belgilab olindi.

Tadbir yakunida “Davlat boshqaruvida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish” o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. 

Nigora Rahmonova, O‘zA