Jahon miqyosida raqamli transformatsiya jarayonlari jadal kechayotgan bir paytda, sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish har bir sohada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, davlat boshqaruvi tizimida innovatsion yondashuvlarni joriy etish va zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanish dolzarb vazifalardan biriga aylandi.
Ayni shu maqsadda davlat boshqaruvi xodimlari uchun sun’iy intellekt imkoniyatlari va uning davlat xizmatlaridagi qo‘llanishiga bag‘ishlangan o‘quv tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Prezidentimizning 2024 yil 14 oktyabrda “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi. Mazkur qarorga muvofiq Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan Navoiy viloyati hokimligi hamda Ustudy IT akademiyasi hamkorligida Navoiy viloyatidagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining xodimlari uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda ularning bilim va malakalarini oshirish maqsadida respublikadan tashrif buyurgan soha mutaxassislari ishtirokida seminar tashkil etildi.

Mazkur seminar o‘z ichiga davlat boshqaruvi organlarining barcha jabhalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarni qamrab oldi. Ishtirokchilar tomonidan o‘z ish faoliyatlarida qanday qilib sun’iy intellektni qo‘llagan holda mehnat samaradorligiga erishish mumkinligi, vaqt va mablag‘ resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha nazariy bilim hamda amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi.

Ushbu seminarda tuman va shahar hokimliklari hamda korxona va tashkilotlardan kelgan jami 60 dan ortiq ishtirokchilar qatnashib, tadbir qizg‘in savol-javoblar bilan yakunlandi.

Ushbu o‘quv seminari davlat xodimlarining raqamli bilimlarini oshirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish va davlat boshqaruvida sun’iy intellektni samarali joriy etishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA