Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi avvalida yakunlangan hafta davomidagi muhim siyosiy voqeliklarning mazmuni va ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, Prezident raisligida 21 oktyabr kuni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, sun’iy intellektni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Fraksiya a’zolari sun’iy intellekt bo‘yicha mazkur yig‘ilish o‘zbek tilini yangi davrga olib kiradigan muhim vazifalar belgilangani bilan ahamiyatli bo‘lganini qayd etdi.

Jumladan, videoselektor yig‘ilishida o‘zbek tilidagi adabiyotlar, ma’lumotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy ishlarni raqamlashtirish, sun’iy intellekt milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni o‘zida ifodalay olishi uchun “O‘zbek tili korpusi”ni yaratish zarurligi qayd etildi. Bu esa o‘zbek tilining zamon bilan hamnafas ravishda rivojlanishiga, boyitilishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, fraksiya yig‘ilishida davlatimiz rahbarining Belgiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi hamda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida imzolangan “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida”gi bitimning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi. Mazkur jarayonlar mamlakatimiz tashqi siyosatida muhim voqeliklardan biri bo‘lgani e’tirof etildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA