Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sun’iy intellekt bo‘yicha loyihalar va mutaxassislar tayyorlanadi
17:07 / 2023-11-20

Andijon shahridagi “Digital City” texnoparkida sun’iy intellekt sohasida innovatsion loyihalar ishlab chiqish va malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ish olib boruvchi alohida departament tashkil etiladi.

Xorijiy yetakchi kompaniyalar hamda sun’iy intellekt sohasi mutaxassislari bilan o‘tkazilgan muzokaralar hamda ularning takliflaridan kelib chiqib, tashkil etilishi belgilangan departament texnoparkning yuqori texnologiyalar sohasidagi o‘rni, roli va imkoniyatlarini yanada oshiradi.  

– Joriy yilda viloyatda IT sohasini rivojlantirish, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borildi,– deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ziyodullo Samatov. – Jumladan, 2023 yil yanvar-sentyabr oylarida 34,5 milliard so‘mlik dasturiy xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7 barobarga ortgan.    

Viloyatda mazkur yo‘nalishdagi ishlar hajmini oshirish, mavjud imkoniyatlardan kengroq foydalanish, xususan, sun’iy intellekt sohasida yangi-yangi  loyihalar tayyorlash, ilg‘or, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga, amaliyotga tatbiq etish, soha uchun yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlari ishlab chiqish departament faoliyatining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.    

Bundan tashqari, yangi departament viloyatda amalga oshirilayotgan “Hokim akademiyasi” ta’lim platformasini, shuningdek, sog‘liqni saqlash, turizm sohalarini raqamlashtirish borasidagi ishlarni ham amalga oshirishga yaqindan yordam beradi.  

Shuningdek, Digital City texnoparkida tashkil etiladigan yangi tuzilma xalqaro yo‘nalish va xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlaydi, hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha almashinuvini yo‘lga qo‘yadi. Sun’iy intellekt sohasidagi global innovatsiyalar va ta’lim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam bo‘ladi, qolaversa, talabalar, olimlar hamda mutaxassislar uchun yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi.  

F.Ubaydullayev, O‘zA muxbiri