Zamonamizda inson aqli bilan raqobatlashayotgan narsa boshqa bir inson emas, balki mashinadir. Yaqingacha ilmiy fantastika doirasidan chiqmagan sun’iy intellekt (SI) endi bizning ishimizga, ta’limimizga, hayot tarzimizga chuqur kirib keldi. U matn yozadi, tarjima qiladi, maslahat beradi, referat tuzadi, xulosa chiqaradi. Endilikda buni oddiy qulaylik emas, balki odat tusiga kirgan hayotiy vosita deyish mumkin.
Ammo biz bunday qulayliklar ortida nimani yo‘qotayotganimiz haqida yetarlicha o‘ylayapmizmi? Inson tafakkuri, tasavvuri, xotirasi, kuzatuvchanligi SI imkoniyatlari oldida chetga surilib, keraksizdek tuyulayotgan bir pallada insoniyat o‘z intellektual mustaqilligini boy berayotgan bo‘lishi mumkin. Aynan shuning uchun bugungi kunda eng muhim savol shuki: nimalarni SI zimmasiga topshirdik va nimalardan voz kechdik?
Bugun SI deyarli barcha sohalarda qo‘llanilmoqda: masalan, ta’limda u turli matnlar yaratishi mumkin, tibbiyotda tashxis qo‘yishi, turli boshqa sohalarda loyihalar tayyorlashi mumkin. Aytish kerakki, undan foydalanish vaqtni va inson resurslarini ham tejaydi. Ayniqsa O‘zbekistonda u nihoyatda tez ommalashmoqda. Ko‘p hollarda bu ijobiy yangilik sifatida qabul qilinadi: axir chat-botlar o‘qituvchilarning o‘rnini egallamoqda, talabalarga yordam bermoqda, ishbilarmonlarga biznes-reja yozib bermoqda.
Bugungi kungacha insoniyat SIning xavfli jihatlarini, xususan, uning yordamida paydo bo‘lgan feyk videolarni kashf etib ulgurdi. Ammo ayni damda bizni qiziqtirgan masala undan xavfliroq. Shuni tan olish kerakki, SI bizga taqdim etgan qulaylik bilan birga insonning fikrlashga, tafakkur qilishga bo‘lgan ehtiyojini kamaytirayotgan kuchli omilga aylandi. Chunki u faqat yordam bermayapti, u fikrlash o‘rnini egallamoqda. Buni qisqa va sodda tarzda shunday tushuntirish, bizningcha, o‘rinlidir: yaqingacha inson biror masala yuzasidan axborot ehtiyojini internet olamidan google, yandex singari informatsion qidiruv tizimlariga tayanib qondirar edi. Bunda tizim siz kiritgan deskriptor, ya’ni kalit so‘zlarga muvofiq bo‘lgan natijalarni taqdim etadi. Foydalanuvchi esa ularni baholaydi, qiyoslaydi, o‘z maqsadiga muvofiq bo‘lganini tanlaydi. Bunda qidiruv natijasida topilgan axborot bilan tanishish va qidiruv natijalarini baholashning o‘ziyoq tafakkur qilishdir. Ammo SI bilan holat boshqacha: unda so‘rovga tayyor javob beriladi, ko‘pincha manbalar ko‘rsatilmaydi, qabul qilishda javob allaqachon “hazm qilingan” ko‘rinishda bo‘lgani bois kognitiv faollik talab etilmaydi. Shunday qilib, biz SIdan tez-tez foydalanish orqali uning zimmasiga nafaqat yozishni, balki fikr yuritishni, tahlil qilishni, mulohaza qilishni topshiryapmiz va bunday holatda, tabiiyki, tafakkur “mashqi” to‘xtaydi, aql “bo‘shashadi”. Shu rinda ishlatilmay qolgan tana a’zosi, u mushak bo‘ladimi, boshqa qismmi, atrofiyaga uchrashi, faoliyatini butunlay to‘xtashini eslatib o‘tish lozim. Ushbu fikr naqadar mubolag‘ali tuyulmasin, insoniyat kognitiv qobiliyatlari tushib borayotganini isbotlaydigan tadqiqotlar yuzaga kelib ulgurgan. Quyida ularning ayrimlariga e’tibor qaratamiz:
Buyuk Britaniyaning “Financial Times” nashri 2025-yil 4-mart sonida “Have humans passed peak brain pover?”, ya’ni “Odamlar miya quvvatining eng yuqori nuqtasini bosib o‘tdimi?” nomli maqola e’lon qilingan. Unda aytilishicha, 1990-yillardan boshlab bir qator rivojlangan mamlakatlarda IQ darajasi pasayish boshlangan. OECD va PISA ma’lumotlariga ko‘ra, maktab va kattalarning matematika, o‘qish va masalalarni hal qilish bo‘yicha ko‘rsatkichlari taxminan 2012-yilda eng yuqori cho‘qqiga chiqqan bo‘lib, undan buyon barqaror pasayish boshlangan. Bugun ushbu tendensiya global hodisaga aylandi.
2025-yilda Massachusets texnologiyalar instituti olimlari tomonidan o‘tkazilgan “Your Brain on ChatGPT” (ChatGPT ishlatganingizda miyangizda nima sodir bo‘ladi?) nomli tadqiqot insonning kognitiv imkoniyatlariga SIning salbiy ta’sirlari xususidagi ushbu xavotirni ilmiy asos bilan isbotladi. Tadqiqotning muxtasar bayoni quyidagicha:
Tadqiqotda ishtirokchilar 3 guruhga bo‘lingan va ulardan insho yozish so‘ralgan.
1-guruh a’zolari o‘zi mustaqil ravishda matn yozgan;
2-guruhga google orqali ma’lumotlar izlab yozishga ruxsat berilgan;
3-guruh esa ChatGPT yordamida matn yozishi kerak edi.
Tadqiqot davomida ishtirokchilarning miya faolligi elektroensefalografiya orqali kuzatilgan. Natijalar shuni ko‘rsatganki, eng faol miya – mustaqil yozganlarda. Ikkinchi guruhga esa o‘rtacha faollik xos bo‘lsa, sezganingizdek, eng past darajadagi miya faolligi SI bilan ishlaganlarda bo‘ldi.
Yana ham xavotarlisi, bu pasayish vaqt o‘tishi bilan chuqurlashmoqda. Har bir keyingi masalada miyaning ishtiroki, uning yuki yanada susaymoqda.
SI vositalaridan foydalanishda navbatdagi katta savol quyidagicha: qaysi holat foydalanish, yordam, qaysi nuqtadan esa kognitiv quvvatni boy berish boshlanadi? Har bir kishi SIdan qanday foydalanishiga qarab o‘z tafakkurini rivojlantiryaptimi yoki aksincha, o‘zi his etsa bo‘ladi. Masalan, ChatGPT orqali yozilgan matnni hech qanday tahrir va tahlilsiz topshirgan talaba yoki tadqiqotchi nafaqat plagiatga yaqinlashadi, balki o‘zini fikrlovchi mavjudot sifatida chetga suradi. Bu inson o‘zini ongli ravishda SI bilan almashtirayotganining alomati bo‘ladi. Chunki ChatGPT bergan javoblar qachondir, kimdir tomonidan aytilgan. SI neyron tarmog‘i kabi kuchli analiz algoritmlariga ega, u o‘rgana oladi, xulosa qila oladi. Fikrlar shaklan original tuyulsa-da, mazmunan unday emas.
2024-yilda mashhur Oksford lug‘ati “brain rot” (so‘zma-so‘z “miyaning chirishi”)ni “yil so‘zi” sifatida e’tirof etdi. So‘nggi yillarda ingliz tilida keng qo‘llanayotgan ushbu metaforik atama inson miyasi faoliyatining susayishi, fikrlashning kamayishi, tafakkur o‘rniga shunchaki tayyor javobni qabul qilish holatlarini anglatadi. Hech bir manbada ushbu holatning sababchisi sifatida SI tilga olinmaydi, ammo neyropsixolog va kognitivchi olimlar “cognitive offloading” (aqliy vazifalarni texnologiyaga o‘tkazish), “digital dementia” (gadjetlardan ortiqcha foydalanish tufayli xotira va fikrlashning yomonlashishi), “cognitive laziness” (tez javob berishga odatlanib qolish va chuqur tahlil qilish mahoratini yo‘qotish) kabi atamalarni qo‘llaydilar. Ushbu masalada bizning ishonchimiz komil: aynan SI “brain rot”ni chuqurlashtirib yuboradigan omildir.
Yuqorida aytilganlardan muhtaram o‘quvchida SIni turli sohalarga qo‘llashga qarshi ekanimiz to‘g‘risida taassurot paydo bo‘lishi mumkin. Aslo bunday emas. Biz undan to‘g‘ri foydalanish tarafdorimiz. U inson tafakkuriga qarshi emas. U – qurol, vosita, imkon. Undan turli murakkab masalalarimizga yechim topish, umuman, jamiyat hayotini yengillashtirish uchun foydalanishimiz mumkin. Bunda muhim shart – u yordamchi bo‘lsin, fikrlaringiz egasi emas. So‘z biror loyiha yoki nazariy masala xususida borar ekan, avval uni o‘zingiz o‘ylab, tafakkur qilib, hal eting. Tayyor bo‘lgan tafakkuringiz mahsulotini takomillashtirish, nazariy xatolarini topish kabilarni esa SI juda yaxshi uddalaydi. Ana shunda siz faol ishtirokchiga aylanasiz, tayyor hazm qilingan mahsulot iste’molchisiga emas.
Fikr yuritish og‘ir jarayon, ammo u insoniyat taraqqiyotining asosiy negizidir. Undan voz kechish insonning homo sapiens sifatidagi o‘z mohiyatidan voz kechish bilan barobar. Ayniqsa jamiyatda, ta’limda, madaniyatda, diniy-ma’naviy an’analarimizda fikr, tadabbur, izlanish qadimdan qadrlangan fazilatlarldir. Bugun SI oldida ushbu qadriyatlar sinovga tortilmoqda.
F.F.Usmanov
filologiya fanlari doktori, dotsent