Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sun’iy intellekt: axloqiy va huquqiy muammo
14:20 / 2025-10-23

Texnologiya shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda sun’iy intellekt (AI) insoniyat hayotining, deyarli, barcha jabhasiga kirib bordi. Avvallari faqat fantastik filmlarda uchraydigan tushuncha endi bemorga tashxis qo‘ya oladi, sud jarayonida huquqiy hujjatni tahlil qiladi, hatto, san’at asari yaratishga ham qodir. Shu bilan birga texnologiya taraqqiyoti juda ko‘p axloqiy va huquqiy savollarni ham yuzaga chiqarmoqda.

Masalan, agar sun’iy intellekt noto‘g‘ri qaror qabul qilsa, bunga kim aybdor? Dasturchimi, foydalanuvchimi yoki AI mustaqil tizim sifatida javobgarmi? Umuman, insoniyat hozir – “mashinalar davri” boshlanishidan oldin shunday qurilmalarni to‘g‘ri boshqarishga tayyormi?

Bu masala shunchaki texnik muammo emas, balki insoniy qadriyat, axloqiy tamoyil va huquqiy me’yor bilan bog‘liq jihat. Zero, har qanday yangi texnologiya, xususan sun’iy ong turmushni yengillashtirish barobarida insonning mas’uliyatini ham oshiradi. Bugun nafaqat olimlar, balki siyosatchi, huquqshunos, jurnalistlar va keng jamoatchilik shu haqda o‘ylashga majbur.

Yevropa Ittifoqi mintaqasi, AQSH, Yaponiya kabi davlatlarda AI faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonunlar ishlab chiqilmoqda. Xususan, “AI act” loyihasi orqali ko‘hna qit’a sun’iy idrokdan foydalanishda xavfsizlik, shaffoflik va javobgarlik tamoyilini huquqiy asosda mustahkamlashni maqsad qilgan. Ayni jarayon O‘zbekiston uchun ham dolzarb, chunki mamlakatimizda 2021 yil “Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi” qabul qilinib, sohada dastlabki qadamlar qo‘yildi.

Ushbu hujjatda texnik imkoniyatga urg‘u berilgan-u, axloqiy va huquqiy jihatlar yetarli darajada tahlil qilinmagandek. Aslida, bu ikki jihat texnologiya taraqqiyotining “ko‘rinmas yuzi”. Agar shu masala e’tibordan chetda qolsa, inson huquqi, shaxsiy ma’lumot maxfiyligi yoki ijtimoiy tenglik kabi tamoyillar xavf ostida qoladi.

Demak, sun’iy intellekt faqat algoritm, kod va dastur yig‘indisigina emas, jamiyatning axloqiy, madaniy va huquqiy tizimi bilan chambarchas bog‘liq murakkab hodisa. Shu bois “sun’iy intellektning axloqiy va huquqiy muammosi”ni muhokama etish bugun nafaqat ilm-fan, balki jamiyatning barqaror kelajagi uchun ham muhim mavzuga aylangan.

Inson va mashina o‘rtasidagi chegara

Sun’iy intellekt – inson tomonidan yaratilgan, asta-sekin mustaqil fikrlashga yaqin qobiliyat namoyon etayotgan tizim. Ya’ni, bu haqda gap ketganda, “Qanday ishlaydi?” emas, “Qarori axloqan to‘g‘rimi?” degan savol tobora dolzarblik kasb etmoqda.

Bugun insoniyat o‘zining eng buyuk ixtirosi bilan axloqiy to‘qnashuv yoqasida turibdi. Agar robot sudya aybni isbotlasa, qaror adolatli bo‘ladimi? Yoki tibbiy algoritm noto‘g‘ri tashxis qo‘ysa, bemor hayoti uchun kim mas’ul?

Mashina axloqini kim belgilaydi?

Inson har bir qarorini axloqiy qadriyatga tayangan holda qabul qiladi: yaxshi-yomon, adolatli-adolatsiz, foydali-zararli. Sun’iy intellekt esa bunday qadriyatni matematika yordamida o‘rganadi. Afsuski, axloq raqam bilan o‘lchanmaydi.

Masalan, muxtor avtomobil (haydovchisiz mashina) ikki tanlov – bir tomonda piyoda, yonda to‘siq oldida qolsa, qaysi yo‘lni tanlaydi? Algoritm “imkon darajasida zararni kamaytirish”ga urinar, lekin bu qaror axloqiy jihatdan inson qadriyatiga mos keladimi? Shu kabi savollar bugun nafaqat muhandislar, balki faylasuflar va huquqshunoslar o‘rtasida ham eng murakkab mavzuga aylangan.

Axborot tarafkashligi: algoritm ham xolis bo‘la oladimi?

Ko‘pchilik sun’iy intellektni “xolis” hisoblaydi. Aslida, mashina inson yaratgan ma’lumotga tayanadi. Agar o‘sha axborot jamiyatdagi gender, irq, ijtimoiy tabaqa ko‘rinishidagi tarafkashlikni aks ettirsa, algoritm ham shunday qaror chiqaradi.

Masalan, ayrim Yevropa kompaniyalarida ishga qabul qilishda qo‘llanadigan AI tizimi erkak nomzodni afzal ko‘rgan. Sababi, o‘sha tizim ilgari faqat erkaklar haqidagi ma’lumot bilan “o‘qitilgan” ekan. Demak, sun’iy idrok ham inson kabi ong osti tarafkashligini takrorlaydi. Shundan so‘ng Yevropa Komissiyasi 2019 yil quyidagi uch tamoyilga asoslangan “Etik sun’iy intellekt tamoyili”ni e’lon qildi:

Adolat (Fairness) – algoritm har kim uchun teng imkoniyatni ta’minlashi kerak.

Shaffoflik (Transparency) – tizim qanday qarorga kelganini tushuntira olishi lozim.

Javobgarlik (Accountability) – qaror uchun mas’ul shaxs yoki tashkilot aniq bo‘lishi shart.

Bu tamoyillar hozir butun dunyo bo‘ylab muhokama qilinayotgan “AI etikasi” konsepsiyasig asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mashinalar davri: inson o‘rniga kim javob beradi?

Texnologiya taraqqiyoti bilan birga “javobgarlik” tushunchasi ham murakkablashmoqda. Axir, qaror qabul qiluvchi tizim inson emas, mashina.

Agar robot jarroh operatsiya vaqtida xatoga yo‘l qo‘ysa, sud kimni javobgar qiladi? Dasturchinimi? Klinikanimi? Yoki sun’iy intellektni “sub’ekt” sifatida tan oladimi?

2017 yil Yevropa parlamenti “elektron shaxs” tushunchasini muhokamaga qo‘ydi. Ya’ni, kelajakda ayrim AI tizimlari o‘z harakati uchun cheklangan huquqiy mas’uliyatga ega bo‘lishi mumkin. Binobarin, ushbu g‘oya ayrim savollarni keltirib chiqardi. Masalan, mashina “shaxs” bo‘lsa, “inson” bilan teng huquqlimi?

Ko‘plab mutaxassislar bunga qarshi chiqib, sun’iy intellektda axloqiy ong yo‘qligi, faqat dasturlangan maqsadni bajarishini ta’kidlagan. Bundan kelib chiqadiki, javobgarlik hamon inson zimmasida qolmoqda.

Mashina ustidan inson nazorati – eng muhim tamoyil

Bugungi kunda eng muhim etik tamoyil sifatida “Inson nazorati ostidagi AI” konsepsiyasi ilgari surilmoqda. Buning ma’nosi shuki, sun’iy intellekt hech qachon insonning asosiy qaror qabul qilish vakolatini to‘liq egallamasligi kerak. Mashina yordamchi bo‘lishi mumkin, lekin qaror uchun javobgarlik har doim inson zimmasida qoladi. Bu tamoyil tibbiyotdan tortib, sud tizimigacha barcha sohalarda AI qo‘llanishining asosiy mezoni bo‘lishi zarur. Zero, texnologiya xatoga yo‘l qo‘yganda, temirni “kechirish” yoki “tuzatish” imkoni faqat insonda.

Huquqiy muammo: javobgarlik va tartibga solish zarurati

Sun’iy intellektning texnik imkoniyati cheksiz, ammo huquqiy maydoni hali juda tor. Insoniyat robotni yaratdi, biroq qanday boshqarish, javobgarlikka tortish masalasi bo‘yicha hali yakdil fikrga kelgani yo‘q.

Huquqiy bo‘shliq: qonun hamon ortda

Haqiqat shuki, texnologiya qonundan tez rivojlanmoqda. Ko‘plab davlatlarda sun’iy intellektdan foydalanish, faoliyatni tartibga solish yoki nazorat qilish bo‘yicha aniq qonuniy asos hali yaratilmagan. Masalan, haydovchisiz avtomobil uchun sug‘urta kimga to‘lanadi? Mashina egasigami, ishlab chiqaruvchigami yoki algoritmni yaratgan dasturchigami? Bunday savollar bugun AQSH, Germaniya, Yaponiya va boshqa texnologiya taraqqiy etgan davlatlarda ham dolzarb. Huquqshunoslar ayni holatni “regulyator bo‘shliq” (regulatory gap) deb atashadi. Ya’ni, texnologiya bor, qurilmani boshqaradigan me’yor yo‘q.

Yevropa tajribasi: AI act – birinchi global huquqiy model

Yevropa Ittifoqi bu borada eng faol harakat qilayotgan mintaqa. 2021 yil Bryusselda “AI act” – Sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonun loyihasi taqdim etildi. Shu tariqa ilk bor sun’iy intellekt faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan yirik hujjat kuchga kirdi.

“AI act” quyidagi tamoyillarni belgilaydi:

– Xavf darajasiga asoslangan yondashuv: har bir AI tizimi “xavfli”, “o‘rtacha xavfli” yoki “eng kam xavfli” toifaga ajratiladi;

– Mas’ul ishlab chiquvchi va foydalanuvchi: har bir AI mahsulotni yaratgan, foydalanayotgan va nazorat qiladigan shaxs aniq ko‘rsatiladi;

– Shaffoflik talabi: masalan, chatbot yoki virtual yordamchi bilan suhbatlashayotgan foydalanuvchi AI bilan muloqot qilayotganini bilishi kerak.

Shu model keyinchalik boshqa davlatlarga ham namuna bo‘lishi kutilyapti. Binobarin, sun’iy intellekt endi faqat texnologiya vositasi emas, jamiyatning huquqiy tizimiga kirib kelayotgan jarayon.

O‘zbekistonda ham ayni yo‘nalishda dastlabki huquqiy qadamlar qo‘yilgan. 2021 yil iyun oyida Prezident farmoni bilan “Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi” tasdiqlandi. Texnik va ilmiy rivojlanishga asoslangan bo‘lsa-da, mazkur hujjatda huquqiy mexanizm yaratish zarurati ham belgilab berilgan.

Shaxsiy ma’lumot va maxfiylik: XXI asrning yangi “oltini”

Sun’iy intellekt ishlashi uchun eng kerakli manba – ma’lumot. Tabiiyki, bunday axborot inson haqidagi shaxsiy, moliyaviy, tibbiy va ijtimoiy ma’lumotni birlashtiradi. Demak, “ma’lumot kimniki?” degan savol ham bugungi kunda huquqiy muammoga aylangan. Yevropada bu masala “General Data Protection Regulation” (GDPR) orqali hal qilinadi. Ya’ni, har bir fuqaro o‘z ma’lumotini kim, qachon va qanday maqsadda ishlatayotganini bilishga haqli. O‘zbekiston ham 2020 yildan boshlab “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunni joriy etgan. Ayni payt ushbu hujjatga AI tizimiga xos algoritmik shaffoflik va avtomatlashtirilgan qarorlar bo‘yicha qo‘shimcha me’yor kiritish ehtiyoji bor.

Nega bu masala shunchalik muhim? Sababi oddiy: sun’iy intellekt qabul qilgan qaror inson hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, kredit berish, ishga qabul qilish, sud jarayonidagi tahlil yoki tibbiy tashxis qo‘yish holatlarida AI “adolat” tamoyiliga amal qilmasa, bu oddiy odamga nisbatan jiddiy nohaqlikdir. Shuning uchun ham sun’iy intellektni tartibga solish texnologiyani cheklash emas, balki qurilmani inson qadriyatiga moslashtirish demakdir.

Xulosa qilib aytganda, insoniyat taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab bergan sun’iy intellektning axloqiy va huquqiy oqibati hali to‘liq anglashilmagan. Texnologiya inson hayotini yengillashtirayotgan bir paytda, axloqiy mas’uliyat, adolat va maxfiylik tamoyillari qayta ko‘rib chiqilishi taqozo qilinyapti. Demak, kelajakda sohani rivojlantirishning eng to‘g‘ri yo‘li sun’iy intellektni inson qadriyati, huquqiy me’yor va ijtimoiy adolat tamoyili bilan uyg‘unlashtirishdir.

Musulmon Ziyo, O‘zA