Yashirin iqtisodiyot bu eng avvalo mamlakatimizning barqaror rivojlanishga salbiy ta’sirini ko‘rsatadigan illatdir. Hozirda barcha kuch va e’tibor korrupsiya va yashirin iqtisodiyotning tomiriga bolta urib, uni butkul jamiyatimizdan chiqarib tashlashga qaratilmoqda.
Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan mutasaddi idora xodimlari bilan hamkorlikda yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda raqamlashtirish va sun’iy intelektni qo‘llash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunda naqd pul ko‘p aylanadigan bozorlar va savdo komplekslarini raqamlashtirish borasida innovatsion tizim, situatsion markazlar joriy etildi.
- Yanvar oyi tushumlarini monitoring qilganimizda o‘tgan 2025 yil bilan taqqoslaganda bozor tushumlari 37 foizga o‘sgani kuzatildi, - deydi “Eski Juva dehqon bozori”ning raqamlashtirish bo‘yicha rahbari o‘rinbosari Fazliddin Turg‘unov. – 2025 yil yanvar oyida 1.5 mlrd tushum bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 2.3 mlrd atrofida bo‘ldi.
Elektron to‘lov tizimi orqali endilikda “Eski Juva dehqon bozori”dagi rastalardan foydalanganlik uchun sotuvchilardan olinadigan to‘lovlar to‘liq raqamlashtirildi. Zamonaviy, tezkor elektron to‘lov tizimlari, situatsion markazlar joriy etilmoqda. Shuningdek, bozor hududidagi avtoturargohlar zamonaviy sun’iy intelekt bilan uyg‘unlashtirilgan videokuzatuv kameralari bilan jihozlanib, pul tushumlari to‘liq nazoratga olindi.
Masalan, “Farhod dehqon bozori” hududiga tutash avtoturargohda sun’iy intelekt qancha avtomobil kirganini, qancha avtomobilga joy borligini ko‘rsatib turadi. Masalan, biz borganimizda elektron tabloda 850ta avtoulovga joy mavjudligini ko‘rsatmoqda. Natijada inson omilisiz avtoparkovkalar qancha daromad qilishi aniq-ravshan ko‘rinib turadi.
Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida avtoturargohlardagi 1 oylik tushumlar hajmi qariyb 2 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobariga oshishi ta’minlandi. Bu orqali savdo jarayonlarida naqd pul aylanmasi qisqardi.
Soliq ma’murchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish, biznesga qo‘shimcha yengilliklar berish, mehnat munosabatlarini yaxshilash maqsadida soliq madaniyati haqida aholi orasida keng targ‘ibot ishlari o‘tkazilmoqda. Yashirin iqtisodiyotning oldini olish, soliq tushumlarini o‘z vaqtida to‘lash, noqonuniy tadbirkorlik faoliyatining har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish lozimligi haqida sotuvchilar o‘rtasida tushuntirishlar olib borilyapti.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan “Yashirin iqtisodiyotga qarshi birgalikda kurashaylik shiori” ostida banerlar, bukletlar, videoroliklar tayyorlanib, aholi gavjum joylarda innovatsion axborot – targ‘ibot materiallaridan foydalangan holda profilaktik tadbirlarning o‘tkazilishi yaxshi samara beryapti. O‘z navbatida har birimiz yashirin iqtisodiyotga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lsak bu illatdan qutula olamiz va davlatimiz iqtisodiyotining rivojiga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga, jamiyatda sog‘lom muhit bo‘lishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/s-GhUJOiuQs" title="Sun’iy intelekt yashirin iqtisodiyotga qarshi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA