Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori Sun Chjuanchji «Markaziy Osiyo — Xitoy» sammitining ahamiyati hamda Xitoy va mintaqamiz o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
— Mintaqaviy hamkorlik rivoji nuqtai nazaridan sammit yakunlarini qanday baholaysiz?
— Sammit o‘tkazilgan kun, ya’ni 17 iyun Xitoyning Markaziy Osiyodagi yaqin va ishonchli sheriklari bilan hamkorligida yangi sahifa ochgan sana sifatida tarixga kiradi, deb o‘ylayman, — deydi Sun Chjuanchji. — Bunday formatdagi ilk uchrashuv bor yo‘g‘i ikki oldin o‘tkazilganiga qaramasdan, o‘tgan qisqa vaqt ichida vazirliklar va ekspertlar darajasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Bu tomonlar barqaror va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligidan dalolatdir.
— Mazkur jarayonlarda O‘zbekistonning o‘rni qanday?
— Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy muloqotni chuqurlashtirishning eng faol tarafdorlaridan biridir. O‘zbekiston yetakchisi yuksak xalqaro minbarlardan turib Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikka kuchli turtki beradigan dolzarb masalalarni ilgari suradi. Mamlakatingiz Prezidentining tashabbuslari amaliy va strategik ahamiyatga ega bo‘lib, Pekin tomonidan yuksak e’tirof etiladi.
— Sammit doirasida Xitoy va O‘zbekiston yetakchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuv nechog‘lik ahamiyatli bo‘ldi?
— XXR Raisi Si Szinpin va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv alohida e’tiborga loyiq. Zero, bu shunchaki diplomatik jarayon emas, balki bir-birini chuqur hurmat qiladigan qadrdon do‘stlar o‘rtasidagi muloqotdir. Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘z rivojining cho‘qqisiga chiqqan va yangi mazmun bilan boyib bormoqda. 2 iyun kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi hududlararo forumda Xitoy Xalq Siyosiy maslahat Kengashining raisi o‘rinbosari Shen Yueyue boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida olib borilgan samarali muzokaralar natijasida ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev xitoylik ishbilarmon doira vakillari bilan iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. Bu o‘zaro munosabatlar aniq investitsiya loyihalari darajasiga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
— Sammit yakunida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Sizningcha, bu voqelik qanday ahamiyatga ega?
— Hech shubhasiz, bu muhim voqea bo‘ldi. Ikki mamlakat rahbarlari huzurida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotining to‘laqonli a’zosiga aylanishi yo‘lida muhim qadam tashlandi. Xitoy ushbu tashkilotning asosiy ishtirokchilaridan biri sifatida O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini yuksak baholaydi va bu borada har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor.
— Tyanszinda bo‘lib o‘tadigan SHHT sammitida O‘zbekiston Prezidentining ishtirokidan nimalar kutilayapti?
— O‘zbekiston yetakchisi XXR Raisi Si Szinpinning taklifini qabul qilganidan minnatdormiz. Prezident Shavkat Mirziyoyevning sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan SHHT sammitidagi ishtiroki mazkur yirik mintaqaviy tuzilma doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga yangi turtki beradi. Ishonchimiz komil, O‘zbekiston tomoni doimgidek tinchlik, barqarorlik va umumiy farovonlikka xizmat qiladigan aniq tashabbuslarni ilgari suradi.
Aziza Alimova suhbatlashdi, O‘zA.