Yaponiya poytaxti Tokio shahrida sumo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda o‘zbekistonlik yosh sportchi ilk bor ishtirok etishiga qaramasdan sovrindorlar qatoridan joy egalladi.
20 dan ortiq davlatning 1300 nafarga yaqin yosh sumo sport ustalari qatnashgan xalqaro turnirda O‘zbekiston sumo federatsiyasi raisi Kamol Usmonov boshchiligidagi 6 nafar o‘smir sportchimiz o‘z yo‘nalishlaridagi bahslarda maydonga chiqdi.

Sumo bilan shug‘ullanishni yaqinda boshlagan iste’dodli yosh sportchimiz Husniddin Husanov Mo‘g‘uliston, Isroil, Estoniya, Yaponiya kabi mamlakat vakillari bilan kechgan shiddatli bellashuvlarda g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etdi.
Yarim final ostonasida H.Husanov yaponiyalik tajribali sumochiga yo‘l berdi. 3-o‘rin uchun kurashda esa hamyurtimizning qo‘li baland keldi va nufuzli musobaqaning bronza medaliga ega chiqdi.
Aytish lozim, mamlakatimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar tufayli Husniddin timsolida har qanday sport turida o‘z iste’dodi va mahoratini ko‘rsatishga qodir yoshlarimiz safi yildan yilga ortib bormoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA