Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suma Chakrabarti: “O‘zbekiston ochiq va biznes uchun qulay mamlakat sifatida tanilmoqda”
17:31 / 2026-01-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik, davlat boshqaruvini takomillashtirish va investitsiyalarni jalb etish masalalari yuzasidan fikr bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida so‘nggi yillarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ko‘plab iqtisodiy islohotlar bugun o‘z samarasini bermoqda, buni mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sish sur’atlarida yaqqol ko‘rish mumkin.

Ayniqsa, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST/WTO) a’zo bo‘lishiga qaratilgan jarayonda ishtirok etganidan faxrlanishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, JSTga a’zolik strategik ahamiyatga ega qaror bo‘lib, bu jarayon ko‘plab sohalarda tizimli va chuqur islohotlarni amalga oshirishni taqozo etdi. Shu ma’noda, JSTga a’zolikka intilish islohotlar uchun muhim harakatlantiruvchi omilga aylandi.

Shuningdek, Prezident huzurida tashkil etilgan ijro (delivery) bo‘linmasi faoliyati natijalarini ham yuqori baholadi. Xususan, ayollar salomatligi, suv ta’minoti va ta’lim infratuzilmasi sohalarida ushbu bo‘linmaning samarali faoliyati aniq natijalar bergani qayd etildi. Endi ushbu tajribani yanada kengroq ko‘lamda joriy etish muhimligi ta’kidlandi.

Suma Chakrabarti Davlat boshqaruvi akademiyasi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarga ham alohida to‘xtaldi. Mazkur institutlarni zamonaviy talablarga mos ravishda yangilash hamda ularning davlat xizmati tizimini rivojlantirishdagi amaliy ta’sirini kuchaytirish ustuvor maqsadlardan ekani ta’kidlandi.

Investitsiya masalasiga to‘xtalar ekan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonga salmoqli xorijiy investitsiyalar kirib kelayotganini, endilikda yanada keng geografik mintaqalardan investorlarni jalb etish muhim ekanini qayd etdi. Uning fikricha, O‘zbekistonning ochiq, modernizatsiyalanayotgan va biznes yuritish uchun qulay mamlakat sifatidagi imiji bu borada katta imkoniyatlar yaratmoqda.

Jumladan, o‘tgan yil oktyabr oyida Londonda o‘tkazilgan investitsion roud-shou (roadshow) tadbiri muvaffaqiyatli o‘tgani, ko‘plab kompaniyalar O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati bilan ilk bor tanishgani ta’kidlandi. Bu yil yana bir qator investitsion roud-shoularni, jumladan, BAA va dunyoning boshqa mintaqalarida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, investorlar, avvalo, huquqiy kafolatlar mustahkam bo‘lgan, nizolarni hal etish tizimi xalqaro standartlarga muvofiq samarali ishlaydigan mamlakatlarni tanlashini ta’kidladi. Shu bois, Toshkent Xalqaro Tijorat Sudi (TICC) tashkil etilishiga katta umid bog‘lashini bildirib, mazkur institut investorlar uchun ishonchli huquqiy muhit yaratishini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro darajada nizolarni hal etish imkoniyati O‘zbekistonga investitsiyalar oqimini yanada jadallashtiradi va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zA