O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda o‘zbek-qirg‘iz adabiy aloqalari tobora rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekistonda turk, ozarbayjon, turkman, qozoq va qirg‘iz adabiyoti namunalari muttasil tarjima qilinadi. Abay, Mag‘jon Jumaboyev, Chingiz Aytmatov, Anor muallim, Yunus O‘g‘uz, Guntekin, Mehmet O‘nder o‘zbek kitobxoniga juda qadrdon.

Tadbirda «Turkiy adabiyot xazinasidan» 100 jildlik asarlar majmuasi nashrdan chiqqani, TURKSOY xalqaro tashkiloti tomonidan ulug‘ venger shoiri Shandor Petyofi tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan eng yaxshi tarjima asarlar tanlovi o‘tkazilgani va bunda o‘zbek shoirlari, tarjimonlari faol ishtirok etgani e’tirof etildi.

Uchrashuvda joriy yilda Andijonda qirg‘iz-o‘zbek adabiyot kunlarini o‘tkazish yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlandi, aniq rejalar kelishib olindi. Shuningdek, Sulton Rayevga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zolik guvohnomasi topshirildi.
Har ikki tomon bir-birlariga esdalik sovg‘alarini taqdim etdi.
O‘zA