Atoqli adib, Xalqaro TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayevning «Tanlangan asarlari»i o‘zbek tilida chop etilishi mamlakatimiz ma’rifiy hayotida o‘ziga xos voqelik bo‘ldi. Bu adabiy aloqalarimizning mustahkamlanishi, so‘z san’atimizning boyishida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Mazkur hayajonli jarayon haqida ijodkor muallifning o‘zi quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Men qirg‘iz yurtida, o‘zbeklar orasida ulg‘ayganman. Hamisha o‘zimni qirg‘iz va o‘zbek xalqining farzandi, har ikki tilni o‘z ona tilim, deb bilganman.
Qirg‘iz yurtini qanchalik yaxshi ko‘rsam, O‘zbekistonga ham shunchalik mehrim baland. Shuning uchun O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan tadbir meni hamisha hayajonga soladi, qalbimni g‘urur va iftixorga to‘ldiradi.
Ma’lum bir sabablar tufayli adabiy aloqalarimizda uzilish yuz berdi. Bir-birimizdan uzoqlashdik. Tilimiz, tariximiz, madaniyatimiz bir bo‘lishiga, qardosh va qondosh bo‘lishimizga qaramay, adabiy hamkorlikka putur yetgandi. Keyingi yillarda davlat rahbarlarimizning tashabbuslari bilan har sohada bo‘lganidek, adabiyot sohasida ham hamkorliklar boshlandi. Shunday hamkorlik hosilasi o‘laroq, mening kitobimning ham nashr qilinishi men uchun juda quvonchli va hayajonli hodisa bo‘lib hisoblanadi.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda olamshumul o‘zgarishlar bo‘lyapti. O‘zbekistonning turkiy davlatlar va dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalari kundan-kunga tobora mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyoning eng yetakchi davlatlari bilan bo‘ylasha oladigan davlat ekanligini namoyish etmoqda.
Biz bugun tarixiy evrilishlar takrorlanayotganligiga guvoh bo‘lib turibmiz. Buyuk Sohibqiron Amir Temur davrida O‘zbekiston qanday shon va shavkatga burkangan bo‘lsa, bugun Yangi O‘zbekiston o‘zining oldiga juda baland maqsadlar qo‘yib, tobora yuksak taraqqiyot sari ildamlab bormoqda.
Bugun O‘zbekistonda yuz berayotgan islohotlarning ko‘lamini tasavvur etish qiyin. Bu islohotlarning avvalida mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning adabiyotga, madaniyatga, san’atga bo‘lgan yuksak e’tibori turibdi. Bugun mamlakat nimaiki yutuqlarga erishayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning samarasi o‘laroq yuzaga chiqmoqda. Bu jihatdan O‘zbekiston turkiy davlatlar va dunyoning ko‘plab mamlakatlariga o‘rnak bo‘lmoqda.
Bugun mening hayotimda eng quvonarli kunlardan biri. Sababi, mening kitobim Alisher Navoiyning tili bo‘lmish o‘zbek tilida ilk marotaba nashr qilindi.
«Tanlangan asarlarim» taqdimotini ham O‘zbekistonda adabiyotga, adabiy aloqalarga bo‘layotgan e’tiborning yana bir namunasi deb bilaman. Shu sababli ham birinchi navbatda turkiy davlatlarning birligi, jipsligi, adabiy aloqalarning mustahkamlanishi yo‘lida olib borilayotgan ishlar uchun, mening kamtarona xizmatlarimga bo‘lgan yuksak e’tibor uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, O‘zbekiston hukumatiga o‘zimning cheksiz minnatdorligimni bildiraman.
Turkiy dunyoning yosh-qarisi bir-biriga intilayotgan, bir-biriga eshiklarini ochayotgan bugungi hayotimizda adabiyot o‘zining azaliy va oliy vazifasini ado etishda davom etmoqda, bizni yanada yaqinlashtirmoqda. O‘zbekiston dunyoga dovrug‘ini taratayotgan, jahon Olimpiadalarida yuksak zafarlarni qo‘lga kiritayotgan sportchilarninggina emas, balki ilm fanga o‘zining bilimlarini qo‘shayotgan yangi O‘zbekiston olimlarining, ijod ahlining, bir so‘z bilan aytganda, turkiy xalqlar adabiyotining poytaxtiga ham aylanib bormoqda.
Qo‘limdagi kitob meni cheksiz quvontirdi. Bu kitob orqali ming-minglab o‘zbek xonadonlariga kirib borishimni, ular bilan yana qaytadan og‘a-ini bo‘lishimni tasavvur qilar ekanman, yozuvchi uchun bundan ortiq baxt bormi? Bugungi taqdimot tadbiri meni nihoyatda baxtiyor qildi.
Shu fursatdan foydalanib, mazkur loyihaning rahbari, sevimli adibimiz, qadrdon akam va samimiy do‘stimiz Xayriddin Sultonga, tarjimonlarga, nashrga tayyorlovchilarga, nashriyot xodimlariga, ushbu go‘zal koshonada shunday chiroyli taddirga bosh-qosh bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, do‘stimiz Firdavs Abduxoliqovga, Qozog‘istondan shu tadbir uchun maxsus kelgan TURKSOY yozarlar birligi raisi, qozog‘istonlik taniqli ijodkor Ulug‘bek Eshdavlatga, Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi «Meros» fondi raisi Qiyos Moldoqosimovga, o‘zining vaqtini ayamay tadbirga kelgan barcha kitobxonlarga o‘zimning cheksiz minnatdorligimni bildiraman.
Bugungi taqdimot tadbirida so‘zga chiqqanlar mening ijodim haqida nihoyatda iliq fikrlar aytdi. Xayriddin akamiz «Dovrug‘i Olatovdan oshgan adib» deb ta’rif berdi. Bu meni nihoyatda to‘lqinlantiradigan gaplar. Men, bu yerda bildirilgan fikrlarga loyiq bo‘lish uchun hali ko‘p yozishim kerak, deb o‘yladim.
Har qanday yozuvchining burchi bu haqiqat tomon tik borish, har qanday vaziyatda ham haqiqatga sodiq qolishdir. Eng og‘iri esa, ustoz Chingiz og‘a aytganidek, odamning o‘zligini saqlab qolishi, qalb haqiqatini yozishdir. Yozuvchi uchun boshqa yo‘l yo‘q. Hayotda yuz berishi mumkin bo‘lgan oddiy hayotiy voqelikni o‘zining fantaziyasi orqali badiiy to‘qimaga aylantira olgan adibgina asar yaratdim, deb ayta oladi. Bu mening qo‘limdan keldimi, buni bilmayman. Buning bahosini kitobni o‘qib, adabiyot muxlislari berishadi. O‘ylaymanki, o‘zbek kitobxonlari mening asarlarimda o‘zlariga tanish qahramon, taqdir va turmushlarni uchratadi.
Har qanday badiiy asarning yaratilishi ijodkorning azob-uqubatlari, qalb iztiroblarining samarasidir. Bu iztiroblarni tarjima qilgan tarjimonlarning mehnati esa muallifnikidan kam emas. Shuning uchun agar kitob muvaffaqiyatli tarjima qilingan bo‘lsa, bu tarjimonlarning yutug‘i, aksi bo‘lsa, buni mening aybim, deb qabul qilgaysizlar.
Hozir bu yerda aytilgandek, bu tadbirlar, kitob taqdimotlari shunchaki tadbir emas, ikki xalqning, aytish mumkinki, turkiy xalqlarning birligi, jipsligini urg‘ulaydigan, ertangi kelajagi uchun tashlangan qadamdir. Bir paytlar Abdulhamid Cho‘lpon «Adabiyot yashasa, millat yashaydi» deb aytgan. Qardosh va qondosh xalq bo‘lgan turkiy xalqlarning bundan keyingi taraqqiyoti adabiyotga chambarchas bog‘liqdir.
Bugungi tadbir uchun yana bir bor o‘zim va oilam nomidan, Xalqaro TURKSOY tashkiloti nomidan tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman. Xalqimizni bir-biriga yaqinlashtiradigan shunday xayrli tadbirlarimiz hamisha ko‘p, do‘stligimiz, hamkorligimiz abadiy, O‘zbekiston Respublikasining yaqinlashib kelayotgan qutlug‘ mustaqillik bayrami barchaga muborak bo‘lsin!
N.Usmonova yozib oldi, O‘zA