Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sulton Jaloliddin. Shayx Kubro” – yosh kitobxonlar uchun betakror tuhfa
13:10 / 2026-01-19

Kitob javoningizga

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamkorligida “O‘zbekiston nashriyoti” davlat muassasasi tomonidan 2025 yilda “Buyuklar bolaligi” ijtimoiy loyihasi asosida “Buyuklar hayoti — yoshlarga ibrat” shiori ostida 13 nomdagi kitob nashr etildi.  

Ular shonli tariximizni o‘z ibratli hayoti bilan bezagan Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro, Beruniy, Ibn Sino, Pahlavon Mahmud, Bibixonim, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Avloniy kabi allomalar haqida hikoya qiladi.  

Shulardan biri – maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar uchun mo‘ljallangan “Sulton Jaloliddin. Shayx Kubro” tarixiy dostoni bolalar shoiri Nurulloh Oston qalamiga mansub bo‘lib, yengil o‘qilishi va bolalar tomonidan qiynalmasdan idrok qilinishi jihatidan ahamiyatlidir.  

Shoir asarda murakkab so‘zlarni deyarli ishlatmaydi hamda o‘ziga xos tashbehlar qo‘llash orqali jo‘nlikdan qochadi. Ravonlik va soddalik, xalq og‘zaki ijodiga, so‘zlashuv tiliga yaqinligi asarning badiiyatini yanada oshirgan. Asar kompozitsiyasi yaxlitligi, undagi mavzularning tizimliligi, izchilligi hamda bir-biriga bog‘liqligi, uyg‘unligi o‘quvchini zeriktirmaydi.

Muallif o‘sha davr tarixiy voqeligini chuqur o‘rgangani, buning uchun o‘sha davrda turli tarixchi va ijodkorlar tomonidan yozilgan manbalarga murojaat qilgani asarda  yaqqol seziladi.  

Ma’lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda bolalar adabiyotiga e’tibor kuchaydi. Xususan, nashriyotlarda eng kichik yoshdan to balog‘at yoshidagi o‘smirlar uchun turli yo‘nalish va janrlardagi adabiy-badiiy, ilmiy-ma’rifiy, o‘quv-metodik hamda ensiklopedik kitoblar, lug‘at va ma’lumotnomalar assortimenti yildan-yilga boyib bormoqda.

O‘n yillar ilgari bolalar adabiyoti deyilganda,  faqat ertak va topishmoqlardan iborat takror va takror nashr etiladigan mo‘’jaz to‘plamlar tushunilgan bo‘lsa, bugunga kelib yurtimiz kitob bozorida mutlaqo boshqacha holat kuzatilmoqda. Misol uchun,  yangidan tashkil etilganining 5 yilligini nishonlagan “O‘zbekiston” nashriyotida har yili 150–200 nomdagi, jami 75 ming  – 1 million nusxadan ortiq turli yo‘nalishdagi kitoblar nashr etib kelinadi.

2024–2025 yillar mobaynida mazkur ijodiy jamoada “Kitobxon bolalar” ruknida 70 dan ortiq, “Buyuklar bolaligi” ruknida esa 20 nomdagi yangi kitoblar nashrga tayyorlandi. Nashr rejasidan o‘rin olgan kitoblar orasida nafaqat o‘zbek tilida ijod qiladigan yozuvchilar, balki yurtimizda istiqomat etayotgan  rus hamda qoraqalpoq tillarida ijod qiluvchi ijodkorlarning bolalar uchun yaratilgan eng sara asarlari ham o‘rin olgan.  

Bu loyiha kelgusi yillarda ham muntazam davom ettirib boriladi. Shulardan 60 000 nusxa kitob ikki oy ichida sotilib, yosh kitobxonlarning ko‘ngil mulkiga aylandi.  

E’tiborli jihati shundaki, mazkur kitoblar matbaachilikning eng zamonaviy sifat darajasida, xalqaro standartlarga muvofiq ravishda chop etildi. Shuningdek, go‘zal dizaynga ega, biri-biridan chiroyli illyustratsiyalar bilan ziynatlangan kitoblar xaridorbop, arzon narxlarda savdoga chiqarildi.

Bevosita shoir  va publitsist Nurulloh Oston ijodiga qaytadigan bo‘lsak, qalamkash ijodining asosiy yo‘nalishi maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga qaratilgan bo‘lib, she’rlarida kichkintoylarning sof tuyg‘ulari,  beg‘ubor xatti-harakatlari, ota-onalariga, do‘stlariga munosabati pishiq-ixcham satrlarda ochib beriladi. Kuzatuvchan shoir bolalar dunyosiga xos xususiyatlarni yorqin tasvirlarda beradi, rang-barang she’rlar sodda va ravon tilda yozilgani bois o‘quvchini o‘ziga jalb etadi.  

Shu ma’noda maktab yoshidagi bolalar uchun yaratilgan “Sulton Jaloliddin. Shayx Kubro” tarixiy dostoni kompozitsiyasi yaxlitligi, undagi mavzularning tizimliligi, izchilligi hamda bir-biriga bog‘liqligi bilan ajralib turadi.

Dostonda XIII asr boshlarida Chingizxon boshliq mo‘g‘ul qo‘shinlarining Alouddin Muhammad Xorazmshoh hukmronlik qilayotgan saltanatga bostirib kirishi, Xorazmshohning farzandi, taxt vorisi sulton Jaloliddin Manguberdining dushmanga qarshi mardonavor va jasorat bilan kurash olib borgani, yov qo‘shinlari saltanat poytaxti bo‘lgan Urganch shahriga bostirib kirganida valiylar valiysi, 76 yoshli shayx Najmiddin Kubroning 360 muridi bilan ularga qarshi qilich ko‘tarib jang qilganlari qalamga olingan.

Shuningdek, shayx Najmiddin Kubroning karomatlari va jangdagi jasoratlarini tasvirlagan Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa allomalarning asarlaridan iqtiboslar keltirilgan.

Doston poyonida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 29 avgustda Urganchda 25 metrlik haykali o‘rnatilgan  sulton Jaloliddin Manguberdi yodgorligi majmuasi ochilishi munosabati bilan Vatan, millat ozodligi uchun kurashgan buyuk sarkarda hamda Najmiddin Kubrodek alloma ajdodlarimiz ruhiga hurmat bajo keltirgani, Vatan mustaqilligini mustahkamlashga chorlovlari keltiriladi.  

Ushbu doston Xorazm zaminidan yetishib chiqqan, o‘tgan yili xalqaro miqyosda nishonlangan sulton Jaloliddin Manguberdi tavalludining 825 yilligi, O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi hamda shayx Najmiddin Kubro tavalludining 880 yilligiga bag‘ishlanadi. Asar maktab o‘quvchilari hamda katta yoshdagi kitobxonlarga ham manzur bo‘lishi shubhasiz.

Aytish kerakki, taniqli bolalar shoiri Nurulloh Oston ko‘p yillardan buyon maktabgacha ta’lim va maktab yoshidagi o‘quvchilar uchun ijod qiladi.  Ko‘plab she’rlari o‘quv qo‘llanmalari va maktab darsliklari sahifalaridan o‘rin olgan.

O‘tgan yillar mobaynida Nurulloh Ostonning bolalar uchun   «Yulduzlar chaqnagan tun»,  «Yo‘ldagi buloq», «Yuragimning bezovta guli», «Bahor raqsi», «Qadim yo‘llarda», «Osmon to‘la farishta», «Fasli ko‘klam», «Tongga peshvoz chiqaylik»,  «Qo‘rqmas uloqcha», “Hurvatan” , “Chuchmomaga xat”, “Sog‘lom bolalar”, “Oy cho‘milar chaylada”, “Sulton Jaloliddin. Shayx Kubro” va boshqa ko‘plab asarlari kitob holida nashr etilgan.  

Shoir ijodida so‘z tanlash va ularni mahorat bilan bolalarga yetkazishga intilish an’anasi bor. Bu, avvalo, katta avlod bolalar shoirlaridan olgan saboqlari natijasidir. Qolaversa, jahon bolalar shoirlari ijodini o‘zbek tiliga o‘girib, tajriba orttirgan shoir bolalar she’riyatiga qo‘yiladigan talablarni yaxshi anglaydi. U badiiy obrazlar va ta’sirchan so‘zlarni saralab taqdim etar ekan, tom ma’noda tarbiyachi va murabbiy vazifasini bajaradi. Ijodkor bolalar ko‘p narsani anglashiga va his qilish qobiliyatiga ega ekanini tushunadi, shuning uchun shoirning she’rlarida ana shu jihatlar bo‘rtib ko‘zga tashlanadi.  

Nurulloh Oston 1982 – 2002 yillarda O‘zteleradiokompaniyada (hozirgi O‘zbekiston MTRK) muxbir, katta muharrir vazifalarida xizmat qilgan. 2003-2008 yillarda Samarqand shahar hokimligining «Samarqand» gazetasida bosh muharrir, 2014-2021 yillarda “O‘zbekiston ovozi” gazetasida Madaniyat va ma’naviyat bo‘limi mudiri bo‘lib ishladi. Hozirgi paytda «Xalq so‘zi» gazetasi Madaniyat va ma’naviyat bo‘limida faoliyat ko‘rsatmoqda.  

N.Usmonova,

O‘zA