Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sulola davomchisi
14:33 / 2025-11-03

Oramizdagi zamondoshlarimiz

Har bir davrda farzandlar ota-onaning kasbini davom ettirib, uning davomchisiga aylansa, unga havas bilan qaralgan.  

Uchquduqlik 33 yoshli Temur Cho‘liyev ham ota kasbi davomchilaridan biri, haydovchilik kasbini tanlab kam bo‘lmadi. Bugun u faoliyat olib borayotgan Shimoliy kon boshqarmasi 1-avtokorxonasida o‘z o‘rni va obro‘-e’tiborga ega haydovchilardan biri.

Uning otasi Nurullo Cho‘liyev ham aynan shu korxonada 41 yil haydovchilik qilib, bugun nafaqa gashtini surmoqda. Temur esa Shimoliy kon boshqarmasida haydovchilar sulolasini davom ettirayotgan avlod. Uning dadasi qatori amakilari Abdulla, G‘ayrat akalar ham shu jamoada uzoq yillar mehnat qilgan.  

Uchquduq tumanidagi 7-maktabda o‘qigan Temur bolaligida otasi haydaydigan ulkan yuk mashinasini har ko‘rganida, kabinasiga o‘tirganida unga havas qilardi. Havas esa maqsadga aylandi. Ota ham o‘g‘lining qaroridan faxrlandi, uni qo‘llab-quvvatladi va oq fotiha berdi.  

Kasb sirlarini mukammal egallash maqsadida Buxoro avtomobil va yo‘llari kasb-hunar kollejida o‘qib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassisga aylangan Temur ota kasb – haydovchilikni tanladi. Oradan o‘tgan 13 yilning biror yili yo‘qki, egallagan mutaxassisligi unga qo‘l kelmagan bo‘lsa. U o‘zi haydaydigan avtomobilni ha deganda ustaxonaga olib kirmaydi. O‘zi texnik ko‘rikdan o‘tkazadi, ta’mirlashga harakat qiladi.  

– Birinchi ustozim otam bo‘ladilar, – deydi qahramonimiz. – Hozir nafaqada bo‘lsalar-da, har kuni ertalab ishga ketayotganimda yo‘l qoidalariga qat’iy rioya qilishimni tayinlaydilar. Otam uzoq yillar respublikamizning turli burchaklaridan korxonaga tovar moddiy boyliklarini tashiganlar. Men boshqarayotgan yengil mashina esa karer uchun xizmat qiladi. Transport vositasi qayerda yurmasin baribir qoidalarga rioya qilishi shart. Men mashinam bilan yuradigan karer yo‘llarida “Gai xodimlari” yo‘q. Ammo o‘zimizning xavfsizligimiz uchun tezlikni belgilangan me’yorda – 40-60dan oshirmaymiz. Haydovchilik kim uchundir pul topish manbai bo‘lishi mumkin. Biroq bu kasb meni ulg‘aytirgan. Shu bilan orzularimga erishyapman. Oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lganim uchun otamning kasbini egalladim. Balki mendan oldin yoki keyingi o‘g‘illar bo‘lganda ham shu kasbni tanlardi, menimcha.  

Bugungi kunda Shimoliy kon boshqarmasi tarkibidagi 1-avtokorxonada 500 nafardan ortiq turli rusumdagi avtomobillarni boshqaradigan haydovchilar mehnat qiladi. Ularning ko‘pchiligi Temurning otasi, amakilari Cho‘liyevlar bilan birga ishlagan yoki ularga shogird tushgan haydovchilar. Ular sulola vakillarining o‘z kasbining bilimdoni ekanligini, halol va peshona teri bilan oila tebratganini yaxshi biladi. Temur ham o‘z mehnati bilan ulardan ortda qolmaslikka, ular kabi halol mehnat qilishga harakat qiladi.  

Albatta, ota duosini olgan farzand kam bo‘lmaydi. Temur Cho‘liyev ham ota izidan borib, ishxonasi va mahallasida obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lganlardan biri.  

A.Bo‘riyev, O‘zA