Ayolni ko‘pincha "zaifa" deb atashga odatlanganmiz. Biroq hayotning bor zahmati va zalvorli sinovlarini yelkasida matonat bilan ko‘tarib kelayotgan aynan ayol ekanini teran anglamaymiz. Uning kuchi baland ovoz yoki shovqin-suronda emas, balki ichki bardoshida, sukutida va qayta-qayta oyoqqa tura olishida namoyon bo‘ladi. Uni anglash uchun shunchaki qarash kifoya qilmaydi — uni tushunish, qalb ko‘zi bilan his qilish lozim. Zero, ayol faqat mehr va himoya qurshovida bo‘lgandagina o‘z tabiatidagi noziklikni saqlab qola oladi. Aks holda, hayotning shafqatsiz charxpalagi uni kuchli bo‘lishga, og‘riqlarni tabassum ortiga yashirishga majbur qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: "Ayolni rozi qilsak, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa — jamiyat rozi bo‘ladi. Agar ayolning huquqlari ta’minlansa, u o‘zini baxtli his etsa, butun xalqimiz baxtli bo‘ladi". Bu so‘zlar zamirida ayol — shunchaki jamiyat a’zosi emas, balki millatning sog‘lomligi va kelajagini belgilovchi asosiy ustun ekani haqidagi haqiqat yotadi. Afsuski, ba’zan ayol hayoti sukut bilan boshlanadi. Ichiga yutilgan savollar, aytilmagan gaplar va ko‘zga chiqmagan yoshlar uning doimiy hamrohiga aylanadi. Psixologiyada "depressiv tabassum" deb ataladigan holat o‘zbek ayolining kundalik qiyofasiga aylanib qolgandek: tashqaridan hammasi joyida, ichkarida esa vayron bo‘lgan orzular va o‘zini yo‘qotmaslik uchun har kunlik jang. Unga kuchli bo‘lishni hech kim tanlash imkoni sifatida bermaydi, balki hayot shunga majbur qiladi.
O‘zbek ayolining bardoshi asrlar davomida qum bag‘ridagi saksovuldek mustahkamlangan. Biz To‘marisning jasorati, Nodirabegimning matonati va Uvaysiyning sog‘inchi haqida gapiramiz-u, lekin yonimizdagi oddiy ayolning ichki sukutida qanday bo‘ronlar yashiringanini payqamaymiz. U yig‘ini ichiga ko‘mib, jamiyatga tabassum bilan boqishi — bu zaiflik emas, balki irodaning oliy shaklidir.
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan ayollarning ana shu matonatini qo‘llab-quvvatlash, ularni murakkab vaziyatlarda yolg‘iz qoldirmaslik uchun misli ko‘rilmagan imtiyoz va imkoniyatlar tizimi yaratildi. Xususan, xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun berilayotgan foizsiz ta’lim kreditlari, ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan qizlar uchun oliygohlarga ajratilayotgan alohida ko‘rsatkichlar (kvotalar), magistraturada o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab berilayotgani — bularning barchasi ayolning ilmli va mustaqil shaxs bo‘lib shakllanishiga xizmat qilmoqda. "Ayollar daftari" orqali moddiy va ruhiy ko‘mak berish, tadbirkorlik boshlashi uchun imtiyozli kreditlar ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilgani ayolning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida mustahkam tayanch bo‘lmoqda. Bu imkoniyatlar ayolga "Sen yolg‘iz emassan, davlat sening himoyaching" degan ishonchni beradi.
Biroq, jamiyatimizdagi eng og‘riqli nuqta — ajrimlar masalasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘plab yosh oilalar arzimas, yechim topsa bo‘ladigan muammolar sabab buzilmoqda. Nikoh — bu shunchaki ijtimoiy kelishuv emas, balki muqaddas ahddir. Oilaviy rishtalar uzilganda esa, jamiyat ayolga hukm chiqarishga shoshiladi. Unga nisbatan "yashirin ijtimoiy bosim" boshlanadi. Vaholanki, ajrashgan ayol — singan idish emas, u ba’zan ruhiy zo‘ravonlikdan qutulish va o‘zligini saqlab qolish uchun jasorat ko‘rsatgan insondir. U kechalari bolasining kelajagini o‘ylab shiftga tikilib chiqsa-da, tong otganda yana kuch topib, hayotga chiqadi. Davlatimiz tomonidan aliment to‘lovlarining qat’iy nazoratga olinishi, uy-joyga muhtoj ayollarga ijtimoiy turar joylar berilishi aynan mana shunday murakkab paytda ayolning qaddini tiklashga qaratilgan.
Mazkur muammoni hal etish uchun faqat davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar kifoya qilmaydi. Bizga avvalo jamiyatning ayolga bo‘lgan nigohini o‘zgartirish, erkaklarning oiladagi ma’naviy mas’uliyatini oshirish zarur. Oila institutini mustahkamlashda mahallalardagi "Oqila ayollar" harakati va psixologlarning rolini kuchaytirish kerak. Ayolni "Sen kuchlisan, chidaysan" deb yolg‘izlatib qo‘yish — insoniylikka ziddir.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, ayolni sindira oladigan to‘siqning o‘zi yo‘q. Uni faqat tushunmaslik va befarqlik bilan qiynash mumkin. Ayol kuchli bo‘lgani uchun chidayotgani yo‘q, balki bariga chidagani uchun kuchli bo‘lishga mahkum etilgan. Bizning vazifamiz — uning yelkasidagi bu og‘ir yukni yengillatish, davlat yaratgan imkoniyatlardan unumli foydalanishiga ko‘maklashish va unga yana nozik hamda himoyalangan bo‘lish imkonini qaytarib berishdir. Toki ayolning ko‘zida yosh emas, baxt porlasin, zero baxtli ayol — baxtli jamiyat demakdir. Qahraton qishdan keyin albatta bahor kelganidek, sabr va matonat bilan yashagan har bir ayolning quyoshi bir kun albatta nur sochadi. Faqat to‘xtab qolmang, aziz ayollar, zero sizning irodangiz dunyoni go‘zallikka to‘ldirishda davom etadi.
Dilnura Danabayeva,
O‘zA