Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suhbat: yil sarhisobi va kelgusidagi rejalar
14:47 / 2021-12-30

Har bir yil o‘z nihoyasiga yetib borar ekan, albatta, sarhisob qilinadi. Nimalarga erishildi-yu, rejadagi qay bir yumush bajarilmay qoldi. Kelgusida yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamasdan, aniq maqsadlar sari ishni tashkil etish belgilab olinadi.

Hademay yurtimizda 2021 yilga yakun yasaladi. Xo‘sh, yakunlanayotgan yilda Xatirchi tumanini har tomonlama rivojlantirish va yuksaltirish yo‘lida nimalarga e’tibor qaratildi? O‘zA muxbiri tuman hokimi Sayfiddin NIZAMOV bilan suhbatlashdi.

– Mustaqil davlatimiz 2022 yilga qadam qo‘ymoqda, – deydi Sayfiddin Nizamov. – Erishgan natijalar tarixga aylanib, oldimizda yangi-yangi o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha ulkan vazifalar va imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da qanchalik qiyin bo‘lmasin, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanishining barqaror ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha sektor rahbarlari va boshqa mutassadi tashkilotlar bilan birgalikda bir qator ishlar olib borildi.

Xususan, 2020 yilga nisbatan yil yakunida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 107,2 foizga, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 101 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 100,5 foizga, qurilish-pudrat ishlari 106,1 foizga, chakana savdo aylanmasi 107,8 foizga, xizmatlar hajmi 112 foizga hamda eksport hajmi 3,9 baravarga o‘sishi kuzatildi.

Shuningdek, aholi jon boshiga hisoblaganda, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2020 yilga nisbatan 172 milliard so‘mga oshib, aholi jon boshiga 4,4 million so‘mni tashkil etmoqda. Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hamji 1,9 million so‘mni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 16,5 million so‘mni, chakana savdo aylanmasi 3,4 million so‘mni, xizmatlar hajmi 2,3 million so‘mni tashkil etib, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan mablag‘lar 2020 yilga nisbatan 3 baravarga oshmoqda.

Aholi bandligini ta’minlash maqsadida 4672 ta yangi ish o‘rni yaratilib, aholining ishsizlik darajasi yil boshidagi 9,8 foizdan 8,9 foizga kamaydi.

Bundan tashqari, byudjetga 64 milliard so‘mlik, shundan, mahalliy byudjetga esa 59 milliard so‘mlik tushumlar tushirilib, tuman ixtiyoriga 5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qolishiga erishilmoqda. Bu esa ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlashga, aholining turmush darajasini yanada yuksaltirishga sarfalanadi.

– Tumanda ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar bandligini ta’minlash borasida qilingan ishlar nimalardan iborat?

– Tumanda o‘rganishlar natijasida aniqlangan “Temir daftar”ga kiritilgan 3600 ta oilaning “Saxovat.argos.uz” axborot tizimi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda ehtiyojmand oilalar tarkibida bo‘lgan 4 ming 245 nafar mehnatga layoqatli ishsizlarning 4 ming 238 nafarining bandligi ta’minlandi.

2 bosqichda o‘tkazilgan xatlovlar natijasida “Ayollar daftari”ga 2638 nafar xotin-qiz kiritildi. Shundan, 1468 nafar ishsiz xotin-qiz aniqlanib, ularning bandligi ta’minlandi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2368 nafar xotin-qizning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari ijobiy hal qilinib “Ayollar daftari”dan chiqarildi.

Shuningdek, tumanda joriy yilning 1 noyabr xolatiga o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasida “Yoshlar daftari”ga 4982 nafar yosh kiritilgan edi. Shundan, 4681 nafar yosh daftardan chiqarilgan. Jumladan, ularning 2754 nafarini ishga joylashtirish, kredit mablag‘lari va subsidiya ajratish orqali tadbirkorlikka jalb etish hisobiga bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 1927 nafarining ijtimoiy, psxologik va boshqa muammolari hal etilib daftardan chiqarilgan.

bugungi kunda “Yoshlar daftari”da qolayotgan 193 nafar yosh mehnatga layoqatli ishsiz hisoblanib, ularning bandligini ta’minlash uchun barcha zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzurida tashkil qilingan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga bugungacha 3 milliard so‘m miqdorida homiylik mablag‘lari kelib tushdi. Mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand va muhtoj oilalarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq tadbirlar amalga oshirildi.

Mazkur mablag‘ hisobidan 2021 yil davomida mingga yaqin fuqarolarning sog‘ligini tiklash, oilaviy sharoitini yaxshilash, boquvchisini yo‘qotgan oila farzandlarining kantrakt shartnoma pullarini to‘lab berish, kam ta’minlangan oilalarning uy-joylarini ta’mirlab berish, chorva mollari va boshqa turdagi ijtimoy ko‘maklar ko‘rsatishga yo‘naltirildi. 

Shu o‘rinda ta’kidlamoqchimanki, aholimiz orasida biror korxona yoki tashkilotda o‘ziga qulay ish topolmasligi natijasida mehnat shartnomasi, doimiy ish haqiga ega bo‘lmagan, biroq turli mavsumiy mehnat ishlari bilan band bo‘lgan yoki oilasida tomorqa ishlari bilan shug‘ullanib, daromad topadiganlar ko‘pchilikni tashkil etardi.

Shuningdek, fermer xo‘jaliklarida (ayniqsa bog‘dorchilik, uzumchilik, paxta-g‘allachilik), qurilishda, transport xizmatida, umumiy ovqatlanish korxonalarida, xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lganlarning ko‘pchiligi, o‘zini-o‘zi band qilgan fuqorolarimiz rasmiylashtirilmagan edi. Ularning faoliyati hech qayerda qayd etilmasligi ularning pensiya yoshiga yetganda mehnat staji yo‘qligi muammosini keltirib chiqarardi.

Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 8 iyunda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 67 ta yo‘nalishda faoliyat yuritib kelayotgan bu kabi fuqarolarimizni norasmiy faoliyatlarini legallashtirishda katta qadam bo‘ldi.

Ushbu qaror asosida bugungacha 2533 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan sifatda ro‘yxatga olindi.

– Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tumanda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etish borasidagi ishlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Tumanimizning sanoat salohiyatini oshirishda Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan kichik sanoat zonasining o‘rni beqiyos va hududning drayveri hisoblanadi.

Kichik sanoat zonasida bugungi kunda qiymati 85 milliard so‘m bo‘lgan 19 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Yil yakunigacha 3 ta loyiha ishga tushiriladi va 70 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanadi.

– Navoiy viloyati o‘zining investitsiyaviy salohiyati bilan boshqa hududlardan alohida ajralib turadi. Ayni paytda xorijiy investitsyalarni jalb qilish borasida tumanda nimalarga e’tibor qaratilmoqda?

– Joriy yilda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan umumiy qiymati 517 milliard so‘m bo‘lgan 93 ta investitsiya loyihalari ishga tushirilib, buning natijasida 1 501 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Ushbu maqsadlar uchun 86 milliard so‘m bank kreditlari, 22 million dollar xorijiy kredit mablag‘lari, 180 ming dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, 191 milliard so‘m loyiha tashabbuskorlarining o‘z mablag‘lari o‘zlashtirildi.

Tumanda eksport salohiyatini yanada rivojlantirish va yangi turdagi mahsulotlarni eksportga jalb qilinishi yuzasidan 2021 yil yakuni bo‘yicha mahsulotlar eksportini qariyb 46 million dollarga yetkazmoqchimiz.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni tuman iqtisodiyotiga faol jalb qilish bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilib, 3,3 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirildi.

– Ta’limga kiritilgan investitsiya eng foydali investitsiya deyishadi. Necha yildirki, viloyat ta’lim tizimi respublikamizda old o‘rinlarda turadi. Ammo 2020 yilda Xatirchi tumani “qizil hudud”da edi. Xo‘sh tumanda ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirildi?

– Ta’lim va tarbiyaning asosiy poydevori bu – maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa o‘qituvchilardir.

Keyingi yillarda ta’lim sohasiga juda katta e’tibor qaratilib kelinmoqda. Buning natijasi o‘laroq, joriy yilda 3 ta yangi maktab va 1 ta maktab filiali tashkil qilindi. Bu esa yosh avlodning sifatli ta’lim olishi uchun keng imkonyatlar deganidir.

[gallery-5307]

bugungi kunda tumandagi umumta’lim maktablari soni 91 tani tashkil etmoqda. Shundan, 88 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 1 ta ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab, 2 ta ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablaridir. Shuningdek, 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat olib bormoqda.

“OPEN BUDJET-2021” jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarga ovoz berish natijalari bo‘yicha 29 ta maktabga 8,3 milliard so‘m ajratilib, ta’lim muassasalarida ta’mirlash va jihozlash ishlari davom etmoqda. Shuningdek, 7 ta maktab filialida joriy ta’mirlanish ishlari bajarildi.

Tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 2021 yilda 2876 nafar o‘quvchi bitirib, shundan 1153 nafari yoki 40 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, tumandagi eng yuqori ko‘rsatkichni 29, 31, 47, 62, 82, 88-sonli maktablar qayd etib, barcha bitiruvchilari mahalliy hamda xorijiy OTMlarga talabalikka qabul qilindi.

– Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrov darajasi bor-yo‘g‘i 30-35 foizni tashkil etgan. Ayni paytda bog‘chalarga 3-7 yoshli bolalar qamrovi qay darajada?

– Hozirgi kunda tumanda jami 439 ta, shundan 20 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi, 16 ta davlat xususiy sheriklik asosida va 403 ta oilaviy bog‘chalar faoliyat yuritib, 3 yoshdan 7 yoshgacha bolalar qamrovi 84 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, tumanda 2929 nafar 6 yoshli bolalarni bir yillik majburiy ta’limga qamrab olish ishlari boshlangan.

bugungi kunda tumandagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini yaxshilab olishi uchun 30 million so‘m miqdorida imtiyozli 5 foizlik kreditlar ajratilmoqda.

20-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga bolalar uchun o‘yingoh qurish uchun 150 million so‘m ajratildi. Tumanning olis “Baxshijar” va “Maydonsoy” MFYlarida mobil bog‘cha tashkil etildi.

Tumanda davlat va oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qo‘shimcha guruhlar ochilishi natijasida davlat bog‘chalarida 32 ta, oilaviy nodavlat bog‘chalarda 160 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratildi.

Yaqinda Xatirchi tumanini 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kutilayotgan natijalar va 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida tuman aholisi va tadbirkorlarga yo‘llangan murojaatimizda kelgusi yilda sohalar kesimida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarimizni belgilab oldik. Ularni to‘la-to‘kis, amalga oshirish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud.

– Suhbat uchun rahmat.

 

O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev suhbatlashdi.
Siroj Aslonov (surat)