Guliston davlat pedagogika institutida “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda “O‘zbek tili va tillarni o‘qitish” kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Elmurod Nasrullayev ishtirok etib, talabalar bilan mazmunli va qizg‘in suhbat o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida jadidlar harakatining milliy uyg‘onish tarixidagi o‘rni, ularning ma’rifatparvarlik va zamonaviy davlatchilik g‘oyalarini shakllantirishdagi hissasi haqida atroflicha to‘xtalib, jumladan shunday dedi:

– Jadidlar faqat ma’rifat ulashuvchi muallimlar emas, balki millat taqdiri uchun jonkuyarlik ko‘rsatgan ziyolilardir. Ularning g‘oyaviy merosi bugun ham dolzarb, chunki ular milliy o‘zlik, tilimizni, madaniyatimizni, mustaqil fikrlash tuyg‘usini asrash va rivojlantirish uchun kurashganlar. Yoshlar bunday merosni bilishi va uni hayotga tatbiq etishi jamiyatning ma’naviy poydevorini mustahkamlaydi.

Suhbat chog‘ida jadidlar harakatining tarixiy ildizlari, ularning milliy uyg‘onish va mustaqillik sari qadamlarida tutgan o‘rni, hamda bu g‘oyalarning bugungi O‘zbekistondagi davlatchilik konsepsiyasi bilan uyg‘un jihatlari tahlil qilindi.
Tadbir yakunida “Yosh jadidlar” loyihasi doirasida ilmiy maqola tayyorlab, faol ishtirok etgan iqtidorli talabalar tantanali ravishda sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

– Jadidlar merosi – bu bizning ruhiy tirgaklarimizdan biri. Ular o‘z zamonida ta’lim, ma’rifat va milliy uyg‘onish uchun kurashgan bo‘lsalar, biz bugun ularning g‘oyalarini ilmiy jihatdan o‘rganib, ularni yangi avlod ongiga singdirishimiz lozim. Tadbir men uchun ulkan ilhom manbaiga aylandi va yanada ko‘proq o‘qib, o‘rganishga chorladi, – deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Pedagogika fakulteti boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Zuhra O‘rinboyeva.

Ma’rifiy tadbir yoshlarda milliy g‘urur, tarixiy xotira va ma’naviy merosga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash, shu orqali faol va mas’uliyatli avlodni tarbiyalashga qaratilganligi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri