Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sug‘urta xizmatlari va elektron tijorat rivojlantiriladi
14:46 / 2025-08-12

Parlament quyi palatasining majlisida sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish orqali sug‘urta bozorining professional ishtirokchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda sug‘urta munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolarni hal etishga qaratilgan.

Loyiha bilan sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari faoliyatida xabardor qilish tartib-taomillarini qo‘llash belgilanmoqda. Shuningdek, sug‘urta agenti faoliyatini tartibga solishning yangi mexanizmini ishlab chiqish, sug‘urtalovchi litsenziyasini ixtiyoriy ravishda bekor qilish tartibini vakolatli davlat organi tomonidan belgilash, sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlarining mansabdor shaxslari uchun belgilangan malaka talablari va ularning aniqlash tartibini takomillashtirish taklif etilmoqda.

Loyihada majburiy sug‘urtaga oid qonun hujjatlarida sug‘urta munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolarni hal etish hamda sohani raqamlashtirishga oid me’yorlar ham aks ettirilgan.  

Shuningdek, transport vositasidan foydalanishda majburiy sug‘urta qilish, yo‘l transport hodisasi ro‘y berganda, tomonlar kelishuviga ko‘ra sug‘urta to‘lovini aybdor tomonning sug‘urtalovchisidan olish masalalari tartibga solinmoqda.

Shu bilan birga, sug‘urta xizmatlari iste’molchilari huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida sug‘urtalovchi tomonidan iste’molchiga taqdim etilishi shart bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati loyihada aks ettirilmoqda.  

Qonun loyihasi bilan kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini ta’minlashda va sug‘urta sohasining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Sug‘urta bozorida shaffoflikni ta’minlaydi.  

Shuningdek, majlisda elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Ushbu qonun loyihasi bilan «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunda elektron tijorat sohasidagi elektron savdo platformasi operatori, buyurtmalar agregatori va raqamli striming xizmati operatorlari faoliyat turlari belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, elektron tijorat operatorlari faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish tartibini joriy etish, mazkur faoliyat turlarini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabardor qilmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qo‘shimchalar kiritilyapti.

Qayd etilganidek, bugungi kunda 80 dan ortiq elektron tijorat operatorlari faoliyat yuritib kelmoqda. 15 mingdan ortiq tadbirkorlar elektron savdo platformalarida tovar, ish, va xizmatlarni realizatsiya qilmoqda. Ammo ularning faoliyati ustidan nazorat mexanizmlari o‘rnatilmagan bo‘lib, bu ular realizatsiya qilayotgan tovar va xizmatlar bo‘yicha iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va soliq solish maqsadida elektron tijorat sub’ektlarining aniq hisobini yuritish imkonini bermayapti.  

[gallery-24726]

Qonun loyihasining qabul qilinishi elektron tijorat sohasida faoliyat yuritayotgan elektron tijorat operatorlari faoliyatida aniqlik va shaffoflikni hamda raqobat muhitini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Vakolatli organ va elektron tijorat operatorlari o‘rtasida tezkor aloqa kanalini yaratadi, shikoyatlarni ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Muhokamalarda qonun loyihasining muhimligi qayd etilib, ikkinchi o‘qishda ham qabul qilindi.  

Muhtarama Komilova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA