French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sug‘urta xizmatlari: fuqarolarga 2,8 milliard so‘m qaytarildi
15:39 / 2026-02-18

Raqobat qo‘mitasi tomonidan sug‘urta xizmatlari bo‘yicha tushgan qariyb 1 mingta murojaat o‘rganilib, natijada iste’molchilar foydasiga 2,8 milliard so‘m mablag‘ undirib berildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, murojaatlarning 50 foizdan ortig‘i avtosug‘urta, ya’ni transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bilan bog‘liq. Aksar hollarda yo‘l-transport hodisasida jabrlangan fuqarolarga tegishli tovon puli sug‘urta kompaniyalari tomonidan rad etilgan, to‘liq to‘lab berilmagan yoki asossiz ravishda kechiktirilgan.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-iyulda qabul qilingan qaroriga muvofiq, avtosug‘urta sohasiga yangi talablar joriy etildi va ular 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirdi. Hozirda sug‘urta kompaniyalari ana shu yangi qoidalar asosida shartnomalar tuzmoqda.

Biroq tekshiruvlar davomida bir qator jiddiy kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, elektron polislar yangi qoidalarga moslashtirilmagan. Ayrim shartnomalar davlat tilida taqdim etilmagan. Sug‘urta kompaniyalarining majburiyatlari (to‘lov muddati, penya, istisnolar) aniq yozilmagan. Ba’zi saytlarda ma’lumotlar yangilanmagan yoki umuman mavjud emas. Qolaversa, fuqaroga onlayn polis olishdan oldin shartlar bilan tanishish imkoni berilmagan.

Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, sug‘urta xizmatlari haqida to‘liq va tushunarli axborot berilmasligi fuqarolar bilan kompaniyalar o‘rtasidagi nizolarga sabab bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida vakolatli organ tomonidan barcha sug‘urta tashkilotlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Bu esa sug‘urta sohasida fuqarolar manfaati ustuvor bo‘lishini ta’minlash, adolatni qaror toptirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.  

Nigora Rahmonova, O‘zA