O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mamlakatimizda qayta sug‘urta tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, quyidagilar qayta sug‘urta tizimini 2025 yilda yanada takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
a) milliy qayta sug‘urta bozori hajmini 4 trln so‘mga yetkazish;
b) qayta sug‘urta xizmatlari eksportini kamida 30 foizga oshirish;
v) xalqaro hamkorlikni kengaytirish va qayta sug‘urta sohasiga jalb qilinadigan investitsiyalar hajmini 150,0 mlrd so‘mgacha oshirish.
Qarorga bilan "O'zbekiston qayta sug'urta kompaniyasi" milliy qayta sug‘urta tashkiloti tashkil etiladi va uning faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
a) sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq barcha qayta sug‘urta qilish turlarini amalga oshirish;
b) xorijiy va mahalliy investorlarning respublika iqtisodiyotiga kiritadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va portfel investitsiyalarining hamda investitsiya loyihalari bo‘yicha tavakkalchiliklarning kompleks qayta sug‘urta himoyasini ta’minlash;
v) xorijiy mamlakatlarning sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari bilan qayta sug‘urta masalalarida hamkorlik qilish va qayta sug‘urta operatsiyalarini amalga oshirish.
Kompaniya aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil qilinadi hamda qonunchilik hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda qayta sug‘urta faoliyatini amalga oshiradi.
Kompaniyaning ustav kapitali 300 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantiriladi, uning ellik foizini davlat ulushi va ellik foizini xususiy investorlar ulushi tashkil etadi.
O‘zA