Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sug‘urta tashkilotidan mijozlarga vaqtida to‘lanmagan 52,5 million so‘m undirildi
19:17 / 2023-09-13

Hayot turli tasodiflarga to‘la. Gohida turli baxtsiz hodisalar ham uchrab turadi. Masalan, yo‘l-transport hodisasi yuz bersa, uni bartaraf etishga ancha mablag‘ sarflashga to‘g‘ri keladi.

Bunday paytda sug‘urta puli olinsa, ayni muddao bo‘ladi. Albatta, buning uchun fuqaro, avvalo, avtomobilini sug‘urta qilgan  bo‘lishi kerak.  

To‘g‘ri, ba’zan yo‘l-transport hodisasiga uchraganlarning sug‘urta pullari kechikadi yoki butunlay ololmay  sarson bo‘layotgan holatlar ham yo‘q emas.    

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini  himoya qilish qo‘mitasiga sug‘urta pulini ololmagan, huquqlari buzilayotgan iste’molchilardan murojaatlar tushayotgani shuni ko‘rsatib turibdi.  

Shaxsiy avtomobilida yo‘l-transport hodisasiga uchragan ayrim fuqarolar  barcha hujjatlar —  tasdiqlangan sug‘urta hodisasi tan olingani haqidagi bayonnoma, sug‘urta pulini to‘lab berish bo‘yicha chiqarilgan qaror  va boshqa tegishli hujjatlarni  “Sharq sugurta” aksiyadorlik jamiyatiga taqdim etgan.  Ammo aksiyadorlik jamiyati “Vaqtincha imkoniyat yo‘q, qachon to‘lab berilishi ham aniq emas”, degan javobdan nariga o‘tmagan.  

Shundan keyin ular qo‘mitaga murojaat qilgan.  

O‘rganishlar uchun taqdim etilgan ma’lumotlar orqali 2022 yil dekabr va 2023 yil may - iyul oylarida avtomashinalarga yetkazilgan zarar uchun fuqarolarga sug‘urta pulini to‘lash amalga oshirilmagani ma’lum bo‘ldi.  

Qo‘mitaga “Sharq sugurta” aksiyadorlik jamiyati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda mazkur xizmat ko‘rsatuvchi jamiyatning hisob - raqamiga inkasso topshiriqnomasi qo‘yilgani muammoga sabab bo‘layotgani  ham keltirilgan.

Aslida Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 24 iyundagi «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalari” 66 - bandiga asosan, sug‘urta tovonini to‘lash sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan e’tiboran besh ish kuni mobaynida amalga oshirilishi lozim.

“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi belgilangan.

Qo‘mitaning raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda yuqorida qayd etilgan qonunning 19-moddasi talablari buzilgani aniqlandi va sug‘urta tashkilotiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.  

Natijada “Sharq sugurta” aksiyadorlik jamiyati huquqbuzarlik  holatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etdi.  

Qo‘mitaga murojaat qilgan olti nafar iste’molchiga qariyb 52,5 million so‘m sug‘urta tovoni to‘lab berildi.  

N.Abduraimova, O‘zA