Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sug‘urta pulining necha foizi fuqarolarga qaytarilyapti? – Mutaxassis javob beradi (+video)
19:04 / 2024-01-08

Bugungi kunda O‘zbekistonda 150 dan ortiq sug‘urta turlari bor bo‘lib, ularning 50 ga yaqinidangina foydalaniladi. Xorijiy davlatlardagi 2000 dan ortiq sug‘urta turlarining deyarli barchasi faol ishlaydi.

Mutaxassislarning fikricha, mamlakatimizda sug‘urta bozori rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan qator muammolar bor. Misol uchun, oylik ish haqining kamligi. Bundan tashqari jami to‘langan sug‘urtalarning atigi 20 foizi to‘lab berilmoqda. Ya’ni sug‘urta tashkilotiga 100 million so‘m to‘lov qilinsa, shuning 20 foizgacha bo‘lgan qismigina sug‘urta qoplamalari uchun to‘lab berilmoqda. Bu esa potensial sug‘urtalanuvchilarda sug‘urta sohasiga bo‘lgan qiziqishni va ishonchni susaytiryapti. 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Qamariddin Qo‘ldoshev bilan suhbatimiz O‘zbekiston sug‘urta bozoridagi yutuq va kamchiliklar to‘g‘risida bo‘ldi. 

– So‘nggi yillarda respublikamizning ko‘pgina tijorat banklari muassisligida sug‘urta kompaniyalari tashkil etilmoqda. Ushbu jarayonning ijobiy va salbiy jihatlari to‘g‘risida nima deya olasiz? Ushbu holat sug‘urta bozorida nosog‘lom raqobat muhitini keltirib chiqarmaydimi? 

– Haqiqatdan ham bugungi kunda O‘zbekiston milliy sug‘urta bozorida qirqdan ortiq sug‘urta kompaniyalari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning o‘nga yaqini tijorat banklari muassisligida tashkil etilgan. Bunday tendensiya faqat bizning mamlakatimizda emas, balki aksariyat mamlakatlarda bo‘lgan va davom etmoqda. Masalan, AQSH sug‘urta bozori dunyodagi eng yirik milliy hamda xalqaro sug‘urta bozori sifatida e’tirof etiladi. Shundan xulosa qilgan holda aytish mumkinki, mamlakatimizda sog‘lom raqobatni ta’minlash maqsadida qonunchilikni takomillashtirish talab etiladi. 

– O‘zlarining fuqarolik javobgarligini sug‘urtalagan ko‘pchilik transport vositalari egalari bir holat bo‘yicha norozilik bildirishadi. Bu shundan iboratki, sug‘urta hodisasi sodir bo‘lishi oqibatida sug‘urta kompaniyasiga zararni qoplab berishni so‘rab murojaat qilganlarida, to‘lovni amalga oshirishning cho‘zilib ketishidir. Chet mamlakatlarda bunday to‘lovlar qisqa muddatda amalga oshirilishi to‘g‘risida eshitamiz, buning sababi nimada deb o‘ylaysiz? 

– Haqiqatdan ham ushbu holat ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lib kelmoqda. Buning asosiy sababi amaldagi qonunchilikka ko‘ra, to‘lovlarni amalga oshirishning belgilangan bosqichlari ko‘pligidir. Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgandan keyin ushbu holatni yo‘l-patrul xizmati xodimlari qayd etishlari, undan keyin ushbu xizmatning tergov bo‘limi tergov qilishi, undan keyin hujjatlar sud idorasiga taqdim qilinishi va sud jarayonlari amalga oshirilgandan keyin hujjatlar sug‘urta kompaniyasiga uzatilishi va shundan keyin sug‘urta kompaniyasi qaror qabul qilishi, unga qadar zarar qiymatini baholovchi tashkilot tomonidan baholanishi, undan keyingina o‘n besh kun oralig‘ida to‘lov amalga oshirilishi mumkin. Bu jarayonlar vaqt talab qiladi. Chet mamlakatlar tajribalaridan kelib chiqqan holda ushbu jarayonlarni qisqartirish masalasini ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblayman. Albatta, bu masalada Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 sentyabrdagi qarori asosida juda qulay tartib amalga kiritilgan. Ushbu tartibga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi faqat ikkita transport vositasi o‘rtasida yuz bergan va bunda insonlarga zarar yetkazilmagan bo‘lsa, yo‘l-patrul xizmatchilarining ishtirokisiz, tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan hodisa rasmga olinib, bayonnoma to‘ldirilib, ushbu bayonnomaga ikkala tomon imzo qo‘ygan holda sug‘urta kompaniyasiga taqdim qilish orqali to‘lovni olish mumkin. 

– So‘nggi yillarda aksariyat fuqarolarimiz hayot sug‘urtasi bo‘yicha taqdim etilgan daromad solig‘i imtiyozidan foydalangan holda hayot sug‘urtasi xizmatidan foydalanayotgan edi. Ammo yaqinda ushbu soliq imtiyozining bekor qilinishi natijasida bu sug‘urtadan foydalanuvchilarning keskin kamayib ketgani to‘g‘risida xabarlar eshityapmiz... 

– Hayot sug‘urtasi ijtimoiy himoya vositasi sifatida amal qilish bilan birga jamg‘arish vositasi ham hisoblanadi. Ushbu sug‘urta tarmog‘ining yana bir xususiyati iqtisodiyot uchun muhim bo‘lib, ushbu sug‘urta vositasida katta hajmdagi uzoq muddatli investitsiya mablag‘lari to‘planib, ularni iqtisodiyot sohalariga investitsiya qilish imkoniyati yaratiladi. Hayot sug‘urtasining ushbu xususiyatlarini hisobga olgan holda, davlatlar mazkur sug‘urta uchun turli imtiyozlar taqdim etish orqali uni rivojlantirishga erishadilar. Mamlakatimizda ham hayot sug‘urtasi uchun bir nechta imtiyozlar berilgandi. Ushbu imtiyozlarning amal qilishi natijasida mamlakatimizda hayot sug‘urtasi birmuncha rivojlanib, ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan sug‘urta kompaniyalari soni va ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi ortgan edi. Ammo ushbu imtiyozlar ichida eng muhimi, o‘z hayotini uzoq muddatga sug‘urtalagan fuqarolar uchun ular to‘lagan sug‘urta mukofotlari bo‘yicha daromad solig‘idan berilgan imtiyoz edi. Ushbu imtiyoz 2023 yilning 1 aprelidan boshlab bekor qilindi. Natijada sug‘urtalanuvchilar soni keskin kamayib ketdi va sug‘urta kompaniyalarining moliyaviy ahvoli qiyinlashdi. Masalaning yechimi, ushbu soliq imtiyozini yangicha shartlar asosida qaytadan tiklashdan va muddati tugab borayotgan boshqa ushbu sohadagi imtiyozlarning muddatini uzaytirishdan iborat. 

– Umuman olganda, bugungi kunda O‘zbekistonda sug‘urta sohasining ahvoli qanday va uning kelajagini nimada ko‘rasiz? 

– Sug‘urta sohasi rivojlanishi uchun bir qancha shart-sharoitlar bo‘lishi talab etiladi. Jumaladan, mamlakat iqtisodiyotining rivojlangani, korxonalarning moliyaviy mustahkamligi, xalqaro aloqalarning va aholi daromadlarining yuqoriligi, inflyatsiya darajasi va boshqa omillarning yil sayin ortib borayotgani sug‘urta sohasining ham rivojlanishini ta’minlamoqda. Sug‘urtaning yalpi ichki mahsulotlari hissasi bundan o‘n yil oldin 0,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 0,7 foizga yetdi. Albatta, bu ko‘rsatkich dunyo mamlakatlari bilan taqqoslanganda juda past, ammo o‘sish bor. 

– Sug‘urta sohasini rivojlantirish mamlakatimiz uchun qay darajada zarur deb hisoblaysiz? 

– Ushbu savolga to‘g‘ri javob berish uchun uzoq tadqiqotlarni amalga oshirishga zarurat yo‘q. Chunki ushbu sohaning rivojlangan mamlakatlarda samarali qo‘llanilayotgan va uzoq tajribadan o‘tgan asosi bor. Davlatning o‘z fuqarolari oldidagi asosiy vazifasi ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlashdan iborat ekanini bilamiz. Ushbu vazifani davlat sug‘urta vositasida amalga oshirganda uning samarasi yanada yuqori bo‘ladi. Sug‘urta vositasida amalga oshirilgan ijtimoiy himoya aniq yo‘naltirilgan bo‘ladi. Sug‘urta vositasida iqtisodiyot sub’ektlarining barqarorligi ta’minlanadi, iqtisodiyot sub’ektlari uchun uzoq muddatli investitsiya manbalari paydo bo‘ladi, xalqaro iqtisodiy va turizm sohasidagi munosabatlar rivojlanadi. 

– Bugungi kunda mamlakatimizda sug‘urta sohasida qanday muammolar mavjud va ularni bartaraf etishning qanday yo‘llarini taklif etgan bo‘lardingiz? 

– Mamlakatimiz sug‘urta bozorida kuchli va sog‘lom raqobat muhiti shakllanmagan. Buning sababi: bozorning juda kam qismi o‘zlashtirilgan, sug‘urta sohasida yuqori tajriba mavjud emas, chunki bozor chet mamlakatlar uchun yopiq. Umumiy sug‘urta tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan sug‘urta tashkilotlari asosan korxona va tashkilotlar bilan sug‘urtaviy munosabatni yo‘lga qo‘yishga o‘rganib qolgan, aholi bilan ishlash deyarli yo‘q. Korxona va tashkilotlar bilan sug‘urtaviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda noqonuniy vositalardan foydalanish asosiy o‘rin tutadi. Bu esa sug‘urta xarajatlarining keskin oshib ketishiga olib keladi. 

Natijada to‘plangan sug‘urta mukofotlarining o‘rtacha 20 foizgacha bo‘lgan qismigina sug‘urta qoplamalari uchun to‘lab berilmoqda. Bu esa potensial sug‘urtalanuvchilarda sug‘urta sohasiga bo‘lgan qiziqishni va ishonchni ta’minlamayapti. Ba’zi sug‘urta kompaniyalari borki, o‘zlari to‘plagan sug‘urta mukofotlarining sug‘urta to‘lovlari uchun yo‘naltirgan qismi 5 foizga ham bormayapti. Ushbu masalalarda davlat nazoratini kuchaytirish zarur. Sug‘urta bozorimizni chet mamlakatlar uchun ochish kerak. Natijada bozorda kuchli raqobat ta’minlanadi, chet mamlakatlarning ilg‘or tajribalari kirib keladi. Davlat sug‘urtadan ijtimoiy himoya vositasi sifatida foydalanishi, mamlakatdagi mavjud ichki investitsion imkoniyatlardan sug‘urta vositasida foydalanishni yo‘lga qo‘yishi kerak. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Q0yUTugfsXk" title="Sugʻurta pulining necha foizi fuqarolarga qaytarilyapti? – Mutaxassis javob beradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA