Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Qonun loyihasi yuzasidan Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasritdinxo‘jayev ma’ruza qildi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasining asosiy g‘oyasi sug‘urta faoliyatini tartibga solish, sohaga xalqaro standartlarni izchil joriy etish orqali sug‘urta faoliyatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Shuningdek, loyiha sug‘urta sohasidagi iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasida sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari (sug‘urta tashkilotlari, sug‘urta brokerlari, adjasterlar, assistanslar, aktuariylar, syurveyerlari) huquq va majburiyatlari aniq belgilanyapti.
Qonun loyihasi bilan endilikda ixtiyoriy sug‘urta shartnomalarini tuzishda sug‘urta summasidan shartsiz franshizani qo‘llash bir foizgacha, shartli franshizani qo‘llash esa ikki foizigacha yo‘l qo‘yiladi. To‘liq bo‘lmagan mol-mulk sug‘urtasida franshiza qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Har tomonlama pishiq-puxta ishlab chiqilgan qonun loyihasi sug‘urta sohasida tajribadan o‘tgan milliy amaliyot va xalqaro tamoyillarga asoslangani bilan ahamiyatlidir.
Majlisda qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilndi.
Mohigul Qosimova, O‘zA