Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sug‘oriladigan yerlar bilan bog‘liq jinoyatlar oqibatida joriy yilda 638 nafar shaxs javobgarlikka tortildi
16:24 / 2024-10-14

Konstitutsiyada yer umummilliy boylik hisoblanishi, undan oqilona foydalanish zarurligi va u davlat muhofazasida ekanligi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida yerga oid qonunchilik bugungi davr talabidan kelib chiqqan holda izchil takomillashtirildi.

Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov yer bilan bog‘liq qonunchilik va uni buzish oqibatlari nimalarga olib kelishi haqida ma’lumot berdi:

– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ko‘plab fuqarolar va tadbirkorlar ma’lum bir davrda o‘zboshimchalik bilan egallab olgan yer uchastkalariga mulk huquqi e’tirof etilishiga erishdi. Afsuski, berilayotgan imkoniyatlarga qaramasdan, jamiyatda yer uchastkalarini noqonuniy o‘zlashtirish, yer maydonlarini qonunga xilof ravishda sotish kabi yer bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoiy harakatlar sodir etilmoqda.

Shu o‘rinda qaysi holatlarda yer uchastkalari noqonuniy egallangan deb hisoblanishi hamda buning uchun qanday javobgarlik belgilangani haqida to‘xtalib o‘tsak:

“O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ortiqcha egallangan yer uchastkasi – yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni belgilovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan yer uchastkasi maydonidan ortiq bo‘lgan, yer uchastkasining chegarasidan tashqarida, unga tutash hududda joylashgan yer maydoni hisoblanadi.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi – fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni belgilovchi hujjatlarsiz, shu jumladan, bunday hujjatlar yo‘qolgan yoki to‘liq rasmiylashtirilmagan holda egallab kelinayotgan yoki ortiqcha egallangan yer uchastkasidir.

Ma’lumki, yer – davlat mulki. Shunday ekan, yer uchastkalarini ko‘rsatib o‘tilgan tarzda noqonuniy ravishda egallab olgan shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasiga muvofiq, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari, mansabdor shaxslarga – ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravari, mansabdor shaxslarga – uch yuz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil mobaynida aynan mazkur modda bilan 335 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo tayinlangan.

Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi mobaynida esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi bilan 394 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shu bilan birga, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 229-1-moddasiga asosan, javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qonunchilikda sug‘oriladigan yer maydonlari alohida muhofazaga ega bo‘lib, sug‘oriladigan yerlardan faqat Yer kodeksida nazarda tutilgan maqsadlar uchungina foydalanish mumkin. Mazkur toifadagi yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi 2-qismida bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

O‘z navbatida, mazkur modda bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarga e’tibor qarataylik. 2023 yil davomida Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi bilan bog‘liq jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish natijasida 587 nafar shaxs sudlanib, ularga nisbatan jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash hamda ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi mobaynida esa ushbu modda bilan 638 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Tabiiyki, bu raqamlar noqonuniy ishlarga qo‘l urmaslik lozimligini barchamizga yana bir karra anglatadi va eslatadi.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 229-6-moddasida sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, buning uchun bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda Jinoyat kodeksining 229-6-moddasi bilan 44 nafar shaxsga ayblov hukmi chiqarilgan. 2024 yilda esa mazkur modda bilan 47 nafar shaxsga nisbatan jinoiy jazolar tayinlangan.

Albatta, yer to‘g‘risidagi qonunchilikning asosiy maqsadi jamiyatimiz va kelajak avlodlarning manfaatlarini ko‘zlab, yerdan ilmiy asoslangan tarzda oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, yer munosabatlarini tartibga solish, shuningdek, bu sohada qonuniylikni mustahkamlash va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishdir.

N.Abduraimova, O‘zA