Qoraqalpog‘iston Respublikasida jinoyatlarni jilovlash, jinoyatchilik profilaktikasini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyadan holi hududga aylantirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi tasdiqlangan.
Yo‘l xaritaning 68-bandida ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan sudyalar va sud xodimlari, ularning oila a’zolari, yaqin qarindoshlari ishtirokida korrupsiya illatlariga qarshi kurashish va bunday holatlarga murosasiz munosabatda bo‘lish, nojo‘ya va nomunosib xatti-harakatlardan o‘zini tiyish, belgilangan tartib va nizom qoidalariga rioya qilish, sudyaning faoliyatiga aralashmaslik, unga qonunga xilof ishlarni taklif etmaslik va faoliyatiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlarga jalb etmaslik borasida uchrashuv, seminar va konfkerensiyalarni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan sudyalar, sud xodimlari va ularning ota-onalarining ishtirokida konferensiya o‘tkazildi. Tuman va shahar sudlari sudyalari va sud xodimlari, ularning oila a’zolari bilan masofadan ya’ni videokonferensiya aloqa rejimida ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar, sudni «Adolat qo‘rg‘oni»ga aylantirish orqali fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish, qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijalariga to‘xtab o‘tdi. Shuningdek, nafaqat sudyalar, balki sud tizimida korrupsiyaga murosasiz kurashish borasida olib borilayotgan qat’iy chora-tadbirlarni ham ta’kidlashdi.
Bundan so‘ng sudyalar va sud faxriylari “Sudyaning ongida adolat, tilida haqiqat, dilida poklik hukmron bo‘lishi kerak”, “Adolat va ma’naviyat – o‘zaro chambarchas bog‘liq tushunchalar, ma’naviyat bo‘lmagan joyda hech qachon adolat bo‘lmaydi”, “Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak”, “Sudyalar odob axloqi kodeksi talablariga amal qilish va korrupsiyaga qarshi kurashish” mavzularida ma’ruzalar qildi.
Darhaqiqat, sudya nafaqat muayyan sud ishini hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan mutlaq huquqli protsessual shaxs, balki u, avvalo, jamiyatdagi eng obro‘li insondir. Aynan sudyalik madaniyati, sudyaning ilm-ma’rifati orqali jamiyatimizda odil sudlovga hurmat, Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligi hamda adolatga ishonch shakllanadi.
Ma’lumki, Jinoyat kodeksining 236-moddasida tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Bunday yondashuv tiyilib turish haqida qat’iy ogohlantirish va bu bilan sudlarning mustaqilligi amalda ta’minlanishiga, pirovard maqsad bo‘lgan — adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishishga imkon beradi.
Shunday ekan, sudyalar o‘z faoliyatini sudlar mustaqilligini yanada mustahkamlash, odil sudlov samaradorligini oshirish, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini amalda to‘liq himoya qilishga yo‘naltirishi lozim. Bunda albatta, ularning ortida turgan oilasining qo‘llab-quvvatlashi juda muhim ekanligi ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA