Yosh sudyalardan biri yupqagina matodan tikilgan mantiya (sudya maxsus libosi)ning mas’uliyati og‘ir ekanini his qilgani haqida yozibdi. Bu iqror sudyaning zimmasidagi yukning naqadar zalvorli ekanini, buni yosh sudya chuqur anglaganini ko‘rsatadi.
Darhaqiqat, lavozimga loyiqlik mezonining muhim nuqtasi shunda. Ya’ni har bir sudya, avvalo, o‘zini tarbiyalab voyaga yetkazgan, bilim va mansab bergan o‘z xalqi oldidagi javobgarlik hissini anglab yetishidadir.
Mamlakatimiz qonunchiligida, sud-huquq tizimida ko‘p islohot o‘tkazildi va bu hamon davom etmoqda. Bu jarayonda chinakam mustaqil sud hokimiyatini shakllantirish va uning nufuzini oshirish bilan bir qatorda professional va yetuk kadrlar tayyorlashga jiddiy e’tibor berilayotir.
Natijada sudyalikka nomzodlarni tayyorlashdan tortib, ularni lavozimlarga tayinlashgacha bo‘lgan bosqichlarda mutlaqo yangi tartiblar joriy etildi. Qisqasi, o‘zgartirish va yangilanishlar jarayonida har bir shaxs, ayniqsa, sudya buni o‘zidan boshlashi kerakligi o‘z-o‘zidan ravshan. Yuqorida qayd etilgan yosh sudya timsolida tizim vakillarining dunyoqarashida ham yaqqol o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rish mumkin.
Davlatimiz rahbari 2026 yilgacha bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishdagi beshta muhim vazifalardan biri sud tizimining mustaqilligini mustahkamlash ekanini qayd etdi. Bunda sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanishini ta’kidlandi.
Chunki davlat taraqqiyoti, jamiyat rivoji qonun ustuvorligi bilan chambarchas bog‘liq. Qonun ustuvorligiga esa odil sudlovni ta’minlash orqali erishiladi. Odil sudlovning hech qanday tashqi aralashuvlarsiz sud hokimiyati tomonidan amalga oshirilishi Asosiy qonunimiz –Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan.
Sudlar faoliyatiga g‘ayriqonuniy aralashuvlar nainki sudyaning daxlsizlik huquqi, balki sudga murojaat qilgan fuqarolarning haq-huquqlari poymol qilinishiga ham olib keladi.
Shu bois ham sudyalar daxlsizligini ta’minlash, ularning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatiga g‘ayriqonuniy ravishda aralashuvlarning oldini olish borasida samarali huquqiy mexanizm shakllantirilmoqda. Sudyalar oliy kengashining bu boradagi vakolatlari kengaytirilishi natijasida Kengash taqdimnomalariga asosan qisqa vaqtda sudyalar faoliyatiga aralashuvlar bo‘yicha ikkita jinoyat, ikkita ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar qo‘zg‘atilib, aybdorlarga nisbatan qonun doirasida jazo choralari tayinlandi.
Bundan tashqari bevosita sud ishlariga aralashuvlar ehtimolini yaqqol yuzaga keltirayotgan mahalliy boshqaruv idoralarining qarorlari bekor qilinishiga erishildi. Hali-hamon tuman yoki shahar sudi raislarining mahalliy kengashlarga taqdim etayotgan axboroti “hisobot” deya talqin qilinib, hatto maxsus qaror bilan sudlarga vazifalar yuklash holatlari bunga misol.
Shu kabi holatlar joylardagi ayrim rahbarlar va mahalliy organlarning sudga bo‘lgan munosabatida va dunyoqarashida o‘zgarishlar qiyin kechayotganligini ko‘rsatadi.
Sud ishlariga aralashuvlar haqida gap ketganda yana bir masala haqida to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, barcha sudyalar bir xil maqomga ega. Chunki sud raislari, rais o‘rinbosarlari ham ayni vaqtda sudyalardir.
“Sudyalar odobi kodeksi”da qayd etilganidek, sud raisi (hay’at raisi) tashkiliy-ma’muriy vakolatlarini amalga oshirishda sudyalarning mustaqilligini cheklovchi xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yishga, ayniqsa, ularning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga ta’sir ko‘rsatish maqsadida (ma’muriy ta’sirning) boshqa usullaridan foydalanishga haqli emas.
Aks holda, vakolatini muddatidan oldin tugatishgacha bo‘lgan tegishli choralar ko‘riladi.
Shu o‘rinda hozirgi axborot asrida axborotning qudrati va quvvati har kuni emas, har soniyada sezilayotganini aytib o‘tsak. Shudan kelib chiqib, ba’zi holatlarda sudlarga nisbatan bo‘layotgan turli axborot xurujlari haqida ham ikki og‘iz gapirib o‘tmaslikning iloji yo‘q.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tizim faoliyatiga oid asosli tanqidlar ham borligini inkor etmagan holda ularning aksariyatida huquqiy savod va huquqiy madaniyat og‘riqli darajada ekanini ko‘rish mumkin. Hatto, sudda ko‘rilayotgan va hali yakuniy qaror qabul qilinmagan ishlar muhokamasiga kirishib, avvaldan kimnidir aybdor yoki aybsiz, deya bong urishgacha borilmoqda. Bunday holatlar sud ishlariga ta’sir o‘tkazishga urinish ehtimolini keltirib chiqarish bilan birga, amaldagi qonunchilik, xususan, aybsizlik preziumpsiyasi tamoyiliga ham zid va fuqarolarning konstitutsiyaviy haq-huquqlariga putur yetishiga olib kelishini ham qayd etish lozim.
Har kim o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqiga ega, albatta. Biroq bunday manzaralar shaxsiy manfaat evaziga jamoatchilik fikrini chalg‘itish bilan bir vaqtda ijtimoiy hayotimizda tobora keng aks etayotgan ochiqlik va shaffoflik, ayniqsa, so‘z erkinligi kabi ne’matlar suiiste’mol qilinayotganini ham ko‘rsatadi.
Xulosa o‘rnida aytsak, sud hokimiyatining mustaqilligi, sudyalar daxlsizligi, bu - ijtimoiy zaruriyat bo‘lib, fuqarolik jamiyatining eng muhim talabi hisoblanadi. Zero, sudyalaring mustaqil va xolis, faqat qonunga bo‘ysungan holda faoliyat yuritishidan barcha birday manfaatdordir.
Sudyalar daxlsizlik huquqini imtiyoz deb emas, balki o‘zining jamiyat oldidagi ulkan mas’uliyati, deb tushunishi maqsadga muvofiq. Shundagina sudya o‘z faoliyatiga turli aralashuvlarga nisbatan murosasiz bo‘ladi, o‘z daxlsizligining asosiy himoyachisiga aylanadi.
Buning huquqiy tartibi yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda sudyaga majburiyat sifatida yuklatilgani bejiz emas.
Bundan tashqari, sudyaning odob-axloq va qonun bilan belgilangan cheklovlarga rioya qilishi jamoatchilikda uning shaxsiga va daxlsizligiga nisbatan hurmat hissini oshirishga xizmat qilishini ham alohida ta’kidlash darkor (shuning uchun ham sudya ish faoliyati davrida va undan tashqarida o‘zini tuta bilishi,sha’ni va qadr qimmatiga salbiy ta’sir etuvchi, xolisligiga raxna soluvchi, o‘ziga nisbatan jamoatchilik ishonchsizligini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan har qanday
Mazkur omillar sudlar mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlash bilan bir vaqtda sudlarga bo‘lgan fuqarolarning ishonchi ortishiga va provard natijada jamiyatimizda odil sudlovni amalga oshirishda beqiyos ahamiyat kasb etishi muqarrar.
Xolmo‘min Yodgorov,
O‘zbekiston Respublikasi
Sudyalar oliy kengashi raisi.
O‘zA