French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyaning konstitutsiyaviy burchi qonun ustuvorligidan qalb amrigachadir
14:43 / 2025-12-12

Huquqiy davlatga intilayotgan zamonaviy jamiyatda sudyaning siymosi muhim o‘rinni egallaydi. Bu shunchaki kasb yoki lavozim emas, balki alohida axloqiy qiyofani talab qiladigan xizmatdir. Sudya qasamyod qabul qilar ekan, faqatgina Konstitutsiya va qonunlarga bo‘ysunishga ont ichadi. Bunda chuqur ma’no mujassam.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning eng katta boyligi – "inson qadri" degan tushuncha oliy qadriyat sifatida belgilangani. Sudya uchun bu quruq so‘z emas, balki amaliy ko‘rsatmadir. Har bir ko‘rilayotgan ishda, mayda nizodan tortib, og‘ir jinoyat ishigacha, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash birinchi o‘rinda turadi.

Sudyaning vazifasi shunchaki jazo tayinlash yoki nizoni hal qilish emas, balki har bir shaxsning huquqlari himoyalanganiga ishonch hosil qilishdir.  

Konstitutsiyaning 112-moddasidagi "Sudyalar mustaqildirlar va faqatgina qonunga bo‘ysunadilar" degan norma odil sudlovning poydevoridir. Bu har bir sudyaga ishni ko‘rishda hech qanday tashqi ta’sirsiz, xolis va adolatli qaror chiqarish imkoniyatini beradi.  

Konstitutsiya mamlakat bo‘ylab yagona huquqiy makon yaratadi. Bu shuni anglatadiki, O‘zbekistonning qaysi hududida yashashingizdan qat’iy nazar, Asosiy Qonun barcha uchun bir xil ishlaydi va sudlar bir xil standartlar asosida ish olib boradi.

Sudyaning konstitutsiyaviy burchi qonun ustuvorligidan qalb amrigachadir! Sudyalik – mas’uliyatli va sharafli burch. Bu burchni ado etishda Konstitutsiya sudya uchun kompas, mayoq va qalqon vazifasini bajaradi. Unga insonparvarlik, adolat va qonun ustuvorligi tamoyillaridan og‘ishmay, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish mas’uliyatini yuklaydi. Asosiy Qonunimiz nafaqat davlatning, balki har bir fuqaroning va shu jumladan, sudyaning ham hayot yo‘riqnomasidir. Konstitutsiya sudyaga keng vakolatlar va mustaqillik berishi bilan birga, zimmasiga og‘ir va sharafli burch ham yuklaydi. Bu burch ham huquqiy, ham axloqiy mohiyatga ega. Asosiy burch –qonunning so‘zsiz ustuvorligini ta’minlash. Sudya jamiyatning eng zaif qatlamini ham, eng qudratli vakillarini ham qonun oldida teng ko‘rishi shart. Uning konstitutsiyaviy burchi hech kimga imtiyoz bermaslik, hech kimga yon bosmaslikdir. Qaror chiqarishda na tanish-bilishchilik, na mansab, na moddiy manfaatdorlik aralashishi mumkin emas. Bu – odil sudlovning oltin qoidasi.  

Konstitutsiyaning "Inson qadri" tamoyili, sudyaga o‘z ishiga oddiy yuridik jarayon sifatida emas, balki insoniylik nuqtai nazaridan yondashishni buyuradi. Sudyaning konstitutsiyaviy burchi har bir ish ortida turgan inson taqdirini, uning kelajagini his qilish va eng adolatli, insonparvar yechimni topishdir. Qaror qanchalik qat’iy bo‘lmasin, u adolat ruhi bilan sug‘orilgan bo‘lishi lozim.

Xulosa qilib aytganda, sudyaning konstitutsiyaviy burchi butun hayotini qonun ustuvorligiga bag‘ishlash, har bir fuqaroning huquqlarini so‘zsiz himoya qilish va shu orqali O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mustahkamlangan adolatli, demokratik va huquqiy davlat poydevorini mustahkamlashdan iboratdir.

R.Husainova,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha

O‘rtachirchiq tumanlararo sudining sudyasi,  

yuridik fanlar nomzodi.