Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalikka qoʻyiladigan talablar oʻzgardi
12:45 / 2019-10-01

Qonun bilan “Sudlar toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi qonunlarga bir qator oʻzgartishlar kiritildi.


2019-yil 10-sentyabrda “Baʼzi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.

Qonun bilan “Sudlar toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi qonunlarga bir qator oʻzgartishlar kiritildi.

Endilikda “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan oʻzgarishlarga koʻra, sudya boʻlishning minimal yoshi 35 yosh etib belgilandi. Sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasida turgan shaxslar Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda oʻqishi shartligi belgilandi.

Sudlarda qatnashadigan xalq maslahatchisining minimal yoshi ham 35 yosh etib belgilandi. Sudyalarni Prezident bilan kelishilgan holda tayinlash tartibi bekor qilinib, ushbu vakolat toʻlaligicha kengash vakolatiga oʻtkazildi.

Endilikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlarining sudyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining raislari va sudyalari Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan tayinlanishi hamda harbiy sudlarning, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudyalari, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining raislari va sudyalari Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan lavozimga tayinlanishi hamda lavozimdan ozod etiladi.

Sudyalarni Prezident bilan kelishilgan vakolatini muddatidan ilgari tugatish boʻyicha tartibi bekor qilinib, ushbu vakolat toʻlaligicha kengash vakolatiga oʻtkazildi. Harbiy sudlar, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyasining, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raisining va sudyasining vakolatlari - Sudyalar oliy kengashi tomonidan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.

“Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi qonunga quyidagi mazmundagi oʻzgartishlar kiritildi va kengash vakolatlari kengaytirildi:

Jumladan, kengash raisining oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va u bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabini boshqaradi.

Sudyalar oliy kengashi Oliy sudning sudyasi lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshini sudyaning roziligi bilan besh yilgacha uzaytirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnoma kiritadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlarining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining, harbiy sudlarning sudyalik lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshini sudyaning roziligi bilan besh yilgacha uzaytirishi mumkin.

Sudyalar va oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshiruvchi Kengash aʼzolariga nisbatan xizmat tekshiruvlari oʻtkazishi belgilandi. Sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasiga kiritilish istagini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining kengashga bergan arizasi ikki oy ichida koʻrib chiqilishi belgilandi.

Zaxiraga sudyalik lavozimlari uchun zarur bilimga, yetarli hayotiy tajribaga va benuqson obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan yuqori malakali yuristlar orasidan oʻttiz uch yoshdan kichik boʻlmagan, oliy yuridik maʼlumotga, yuridik ixtisos boʻyicha kamida besh yillik ish stajiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari kiritilishi mumkinligi belgilandi.

Xulosa qilib aytganda, sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini oshirish, sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Pirovardida bu fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarining ishonchli sud himoyasini taʼminlash samaradorligini oshiradi.

Sh.Abduqodirov,

Sudyalar oliy kengashi aʼzosi