Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalikka nomzodlar Senat mas’ul qo‘mitalarida ko‘rib chiqiladi
14:19 / 2026-01-06

Yangilangan Konstitutsiyamizga ko‘ra, Oliy Majlis Senatiga qonunchilik taklifini kiritish vakolati berilgan edi. Senat mazkur huquqdan foydalangan holda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonunchilik taklifini quyi palataga kiritdi.

Qonunchilik palatasi majlisida mazkur qonunchilik taklifi atroflicha ko‘rib chiqildi.

— Konstitutsiyaviy sud sudyalari, Oliy sud raisi, rais o‘rinbosarlari va sudyalari, Sudyalar oliy kengashi raisi, rais o‘rinbosari, uning a’zolari lavozimlariga saylash uchun nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Senatga taqdim etiladi va ularni saylash to‘g‘risidagi masala Senatning navbatdagi majlisida Senat a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan hal qilinadi, — dedi deputat G.Xudoyorova. — Mazkur qonunchilik taklifi bilan sudyalikka nomzodlarni ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirish taklif etilmoqda. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunga sudyalarni lavozimlariga saylash uchun nomzodlar dastlabki tarzda Oliy Majlis Senatining mas’ul qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilishi hamda ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan xulosa qilinishi bilan bog‘liq qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilmoqda, — dedi deputat.

Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi parlament tomonidan sudyalik lavozimlariga malakali kadrlarni saylash jarayonlarini takomillashtirish, nomzodlar ochiq va shaffof baholanishini ta’minlash, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA