Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalik yuksak ma’naviyat va xolislikni talab qiladi
11:58 / 2026-02-27

Jizzax viloyati sudida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Ustoz va shogird an’analarini mustahkamlash, kasbiy qadriyatlar vorisligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbir sud faxriylari, amaldagi sudyalar hamda sud apparati xodimlarini bir davrada jam etdi. Bu muloqot oddiy yig‘ilish emas, balki tajriba, mas’uliyat va e’tiqod uyg‘unlashgan ma’naviy maydonga aylandi.

Tadbirni viloyat sudi raisi Akrom Shukurov ochib, bunday uchrashuvlar sud tizimida uzviylikni ta’minlash, boy hayotiy va kasbiy tajribani yosh avlodga yetkazishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, sudyalik kasbi, avvalo, yuksak ma’naviyat va xolislikni talab qiladi. Ana shunday fazilatlar avloddan avlodga o‘tgandagina adolat mezonlari mustahkamlanadi.

Jizzax viloyat ma’muriy sudi raisi Sarvarbek Rahmonov adolat va qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiqlik har bir sudyaning oliy burchi ekanini urg‘uladi. Uning ta’kidlashicha, bunday samimiy muloqotlar kasbiy birdamlikni kuchaytiradi, o‘zaro hurmat va ishonch muhitini yanada mustahkamlaydi.

Uchrashuv davomida sud tizimida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan Erkin Umrzoqovning xizmatlari munosib e’tirof etildi. Uning fidokorona mehnati, tizim ravnaqiga qo‘shgan hissasi, halollik va adolatga sodiq faoliyati yosh kadrlar uchun ibrat maktabi sifatida tilga olindi. Samimiy minnatdorlik izhor etilib, esdalik sovg‘alari topshirildi. Faxriylar tomonidan aytilgan hayotiy misollar, adolat va inson huquqlarini himoya qilish borasidagi mulohazalar yosh sudyalar uchun o‘ziga xos saboq bo‘ldi.

[gallery-27893]

Ta’kidlanganidek, bu kabi uchrashuvlar sud tizimida sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, kasbiy salohiyatni oshirish va adolat tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, tadbir doirasida Sudyalar oliy kengashining tegishli qaroriga muvofiq ayrim yangi tayinlovlar haqida ham ma’lumot berildi.

Tadbir yakunida sud faxriylari viloyat sudi binosidagi faxriylar xonasiga tashrif buyurib, faoliyat yuritgan yillarini iliq xotiralar bilan yodga oldilar. Kecha va bugunni bog‘lagan, tajriba va intilishni uyg‘unlashtirgan ushbu uchrashuv sud tizimida adolat an’analari bardavom ekanini yana bir bor namoyon etdi.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari