French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudyalik ulkan masʼuliyat demakdir
10:55 / 2020-10-09

Bu kabi savollar kishilik jamiyatining barcha davrlarida jamoatchilik eʼtiborida boʻlib kelgan.


Sudyalarning vazifasi, jamiyatda adolatni qaror toptirishdagi oʻrni qanday? Inson sudya boʻlib ishlashi uchun qanday talablarga javob berishi lozim?

Bu kabi savollar kishilik jamiyatining barcha davrlarida jamoatchilik eʼtiborida boʻlib kelgan.

Chunki sudyaning dunyoqarashi va bilim darajasi – jamiyat tinchligi va osoyishtaligiga bevosita taʼsir etuvchi, qonun ustuvorligi, adolatning taʼminlanishida oʻta muhim omil hisoblanadi. Shuning uchun xam sudyalik oʻta ulkan masʼuliyat deganidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha sudyalar bilan tarixiy uchrashuvida “Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik ustuvor boʻlishi shart”, degan talabni qoʻygani bejiz emas.

Darhaqiqat, sudyaning birgina qonunlarni mukammal bilishining oʻzi yetarli emas. Gap sudyaning oʻz ichki tuygʻusi, maʼnaviy dunyoqarashidan kelib chiqib, mavjud qonunlarni amalda qanday qoʻllashiga ham bogʻliqdir.

Jumladan, buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy hazratlari ham oʻzlarining “Mahbub ul-qulub” asarida qozilar (sudyalar) toʻgʻrisidagi masalaga batafsil toʻxtalgan: “Qozi musulmonlik binosining tayanchidir va musulmonlarning yaxshi va yomon ishlari yuzasidan hukm chiqaruvchidir. Qozining koʻngli din ilmi bilan toʻla, dunyoviy bilimlardan xotiri xabardor boʻlishi kerak. Zamirida shaxsiy manfaatga mayl boʻlmasligi, sof koʻngli ikkiyuzlamachilik illatidan holi boʻlishi lozim. Qozining mahkamasi shariat ilmining xazinasi boʻlmogʻi; u hukm vaqtida oshnoga ham, begonaga ham bir saviyada qaramogʻi lozim. Uning bilimdonligidan va qalbi pokligidan kishilar koʻnglida unga hurmat va shukuh; ishga diqqat-eʼtibor va farosat bilan munosabatda boʻlishidan bediyonat-vijdonsizlarning yuragida gʻam-anduh; koʻngli haq kalomlari bilan kuchli; hukmlari hadislarga asoslangan. U sharʼiy hiylalarni oʻz koʻngliga, huquqshunoslarning shubhali aldovlarini esa zamiriga yoʻlatmasligi kerak; poraxoʻr muftilar uning qoshida tuban va xor; hiylagar vakillar uning qarshisida aybdor boʻlmogʻi zarur...

Qozi qonun yoʻlidan bir qadam ham toymasligi – toʻgʻri yoʻldan chiqmasligi lozim. Axip, toʻgʻri chiziq ogʻdirilsa, egri boʻladi. Cholgʻu asbobining tori sozlanmagan boʻlsa, ovozi buziladi. Modomiki, hukmi elning moli va joniga taalluqli ekan, qozining shiori toʻgʻrilik va adolat boʻlmogʻi lozim.

Qozining oyogʻi toʻgʻrilik koʻprigidan chetga toyar ekan, joni jahannam tubida boʻladi. Qozilik ishini qanday xohlasam, shunday qilaman, deyish hayosizlik va yolgʻondir".

Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida ham “Sudning ostonasidan qadam qoʻygan xalqimiz davlatga doʻst boʻlib chiqishi kerak. Qabul qilingan sud qarorining adolatli ekaniga ishonishi kerak. Adolat boʻlmagan joyda uning oʻrnini jaholat egallaydi,” deb taʼkidladi.

Haqiqatdan ham sudyaning ish boʻyicha qabul qiladigan qarori odamlar, inson taqdiri bilan bogʻliq. Toʻgʻri va adolat nuqtayi nazaridan qabul qilingan qaror jamiyat tinchligi, osoyishtaligini taʼminlashga xizmat qilsa, aksincha adolatdan zarra chekingan holda qabul qilingan qaror nafaqat ishi sudda koʻrilgan taraflar taqdiriga, balki butun jamiyatga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Odamlarning sudga va alaloqibat mavjud tuzumga nisbatan ishonchsizligi va noroziligini keltirib chiqarishi hech kimga sir emas.

Muhtaram Yurtboshimiz 2020-yil 30-iyundagi uchrashuvda ham “Sudyaning asosiy vazifasi va burchi – oqni oqqa, qorani qoraga ajratish, adolatni himoya qilishdan iborat. Sudya qonunga, oʻz kasbiga xiyonat qilsa, odamlar dodini kimga aytadi? Adolat izlab qayerga boradi?”, degan savolni jiddiy va qatʼiy qilib qoʻydi.

Oqni oqqa, qorani qoraga ajratish, adolatni qaror toptirish vakolati sudyalarga berilgan boʻlib, bu oʻta murakkab, bilim, tajriba hamda katta masʼuliyat talab etadigan kasbdir.

Binobarin, sudya ham odam, faqat boshqalardan farqli jihati olgan bilimini va bor salohiyatini qonunlar asosida ish koʻrishga safarbar qila bilishi va unga odamlar taqdirini hal qilishdek oʻta masʼuliyatli vakolat berilganidadir. Har qanday sudyalik vazifasiga tayinlangan shaxs berilgan vakolat masʼuliyatini toʻla anglamogʻi, uning har bir harakati begʻaraz, qarori qonunga asoslangan va adolatli boʻlishi shart.

Ustoz U.Mingboyev qayd etganidek, “Sudyalik kasb, lavozimgina boʻlib qolmay, avvalo, insoniylik” ekanligini, “Sudyalik – qonun va adolatni qaror toptirish vakolati” ekanligini sudyalar qalban his etishlari lozim.

Bu - sudya odil sudlovni amalga oshirishda, qonunlarni inson manfaati yuzasidan talqin etishi, yaʼni sudya qabul qiladigan qarorlar, eng avvalo, inson manfaatlariga xizmat qilishi lozimligini bildiradi.

Sudyaning faoliyati inson taqdiri bilan bogʻliq ekan, sudya “ishni bugun boʻlmasa ertaga koʻrarman, men xato qilsam, yuqori bosqich sudi kamchiligimni tuzatar, ishim koʻp, xatoliklarga sabab bor, baholi qudrat vazifamni bajaryapmanku”, - deb fikr yuritishga haqqi yoʻq. Bu oʻta masʼuliyatsizlikdan, boshqalar taqdiriga loqaydlik va befarqlikdan dalolat beradi.

Sudya oʻzi koʻradigan ishga jiddiy yondashishi, ishni har tomonlama xolis oʻrganishi va mushohada etishi, kerak boʻlsa, oʻzini oʻsha sudlanuvchi, oʻsha jabrlanuvchi oʻrniga bot-bot qoʻyib koʻrishi kerak. Shundagina yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan xatolik va adolatsizliklarning oldi olinadi.

Shuningdek, sudya oʻz bilimini, sogʻlom fikr va aqliy salohiyatini tinimsiz oshirib borishi, oʻz ustida muntazam oʻqib-izlanishi, qonunlarni mukammal bilish bilan bir vaqtda uni toʻgʻri qoʻllay bilish boʻyicha lozim darajadagi koʻnikma – tajribaga ham ega boʻlishi talab etiladi.

Bundan tashqari, sudyaning oʻziga yuklangan vazifani, yaʼni odil sudlovni ogʻishmay amalga oshirishi uning maʼnaviy dunyoqarashiga ham bogʻliq. Shunga koʻra sudya, oʻz maʼnaviyatini boyitishi, yaʼni ruhan poklanishi, qalban ulgʻayishi hamda vijdoni va irodasini toblashi, iymon-eʼtiqodini butlashi, bir soʻz bilan aytganda, komillikka erishish borasida oʻz ustida doimiy ishlashi lozim.

Shunda, fikrimizcha, umrning, egallab turgan amalining oʻtkinchiligini unutmagan holda hisob berib borishni kundalik aʼmoliga, tamoyiliga aylantirishi zarur.

Bobokalonimiz Abdurauf Fitrat qayd etganidek, “Odamning kamoli faqat sogʻliq va kuchdan iborat boʻlmay, balki jismonan, aqlan va axloqan yuksalishdan iborat".

Aqlan va axloqan yuksalishda esa buyuk allomalar Navoiy, Yassaviy, Attor, Rumiy, At-Termiziy, Naqshband, Hamadoniy, Gʻijduvoniy, al-Motirudiy kabilarning hayot yoʻli — ijodi orqali maʼnaviy dunyoqarashi bilan tanishib borish maqsadga muvofiq. Bu, shubhasiz, sudyaning maʼnaviy yuksalishida juda katta va muhim omil boʻladi.

Sudya odil sudlovni amalga oshirishda, har bir ishni adolatli hal etishda oʻzini voyaga yetkazgan xalqi oldidagi shaxsan javobgarligi va masʼulligini doimo yodda tutishi shart.

Jamiyatimizda adolat qaror topishi koʻp jihatdan sudyalarning maʼnaviyati va masʼulligiga bogʻliqligidan kelib chiqqan holda professional sudyalar korpusini shakllantirish maqsadida, ayni paytda Sudyalar Oliy kengashi tomonidan “Sudya maʼnaviyati, odobi va masʼulligi” nomli qoʻllanma tayyorlanishi ustida ish boshlanganligini maʼlum qilmoqchimiz.

Qoʻllanmaning birinchi bobi sudya maʼnaviyatiga bagʻishlanib, unda sudyalik faoliyatiga bogʻliq, ularning maʼnaviyatini shakllantirishga xizmat qilishi mumkin boʻlgan ajdodlar merosi, masal, naql va rivoyatlar; ikkinchi bobida esa, sudyaning odobi-axloqi va vakolatini amalga oshirishdagi masʼuliyati bilan bogʻliq masalalar yoritilishi nazarda tutilmoqda.

Bu borada jamoatchilik vakillari – olimu-adiblar, diniy ulamolar, sud faxriylari hamda sudyalar oʻz taklif va tavsiyalarini, shuningdek, mavzuga doir maqolalarini Sudyalar Oliy kengashi huzuridagi ishchi guruhga yuborishlari mumkin. Har bir taklif, tavsiya va mulohazalar oʻrganib chiqiladi hamda maqolalar qoʻllanmaga muallif nomidan kiritilishi masalasi koʻrib chiqiladi.

X.Yodgorov,
Sudyalar Oliy kengashi raisi