O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi raisi X. Yodgorov Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan sudyalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Tadbirga sudyalarning oila a’zolari ham taklif etildi.
Dastlab Sudyalar oliy kengashi tomonidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi va unda korrupsiyaning sabab va oqibatlari ko‘rsatib berildi. Poraxo‘rlik, korrupsiya bilan qo‘lga tushib, ayni paytda jazo muddatini o‘tayotgan sobiq sudyalarning afsus-nadomatlari, pushaymonligi, oila sog‘inchi haqidagi fikrlari zalda hozir bo‘lganlarga o‘zgacha ta’sir qildi.
Sudyalar oliy kengashi raisining rasmiylikdan yiroq, do‘stona, lekin ochiq va achchiq, yurakdan chiqqan gaplarini sudyalar va ularning oila a’zolari qo‘llab-quvvatladilar.

Ta’kidlandiki, sudlarning mustaqilligini ta’minlash va ularning ijtimoiy himoyasiga qaratilayotgan e’tibor sudyalarga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bunday mas’uliyat sudyadan qat’iyat, qasamyodga sodiqlik va halollikni talab etadi.
Ochiq muloqotda sudyalarga odob kodeksi talablariga qat’iy amal qilishlari lozimligi va sudya intizomsizlikka yo‘l qo‘ymasligi shartligi uqtirildi.
Odil sudlov bilan bog‘liq faoliyatga turli aralashuvlarning oldini olish, tizimda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini yanada oshirish, sohadagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda, shuningdek, faxriylar, tajribali sudyalar so‘zga chiqib, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri