Beshikdan qabrgacha ilm izla, deyiladi muqaddas manbalarda. Chunki, inson mavqe martabasi uning ilmi bilan belgilanadi. Odil sudlov samaradorligi sudyalarning bilim darajasi va amaliy ko‘nikmalariga bog‘liq ekani inkor etib bo‘lmas haqiqat.

Shu bois ham Sudyalar odobi kodeksida sudya ilmga chanqoqlik xislatlariga ega bo‘lishi, o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarishi uchun o‘z malakasi va kasbiy bilimlarini muntazam oshirib borishi shart qilib qo‘yilgan. Zotan, sudyalar zimmasiga jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlashdek mas’uliyatli vazifa yuklatilgan.
Jamiyat taraqqiyotiga mutanosib ravishda ijtimoiy munosabatlar o‘zgarib borar ekan, shunga monand yangi qonunlar qabul qilinishi, mavjud normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi tabiiy jarayon hisoblanadi.
Bu esa, o‘z navbatida, sudyalar o‘z ustida izchil ishlashi, o‘z bilim va ko‘nikmalarini muttasil ravishda oshirib borishini, qisqasi, jamiyat hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan hamnafas yashashini taqozo etadi.
Shuningdek, boshqa sohalar kabi sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilayotganligi ham ulardan doimiy ravishda o‘z ustida ishlashni talab qiladi. Buning uchun sudya doimiy ravishda o‘qib-o‘rganib, kasbiy malakasini oshirib borishi lozim. Unutmaslik kerakki, inson borini bermasa, ilm hech narsa bermaydi.
Ilm egallashda eng keraksiz narsa – dimog‘dorlik, eng zaruri –vaqtdir, deydi faylasuflardan biri. Ya’ni, bilim va zarur ko‘nikmalar bugun egallanmasa, ertaga kech bo‘lishi aniq.
Shu bois, quyida sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatining asosiy talablaridan biri hisoblangan o‘z bilim va ko‘nikmasini oshirib borish borasidagi ayrim tavsiya hamda yaratilayotgan imkoniyatlar xususida to‘xtalib o‘tamiz.
Birinchidan, sudyalar o‘z bilim va kasbiy ko‘nikmalarini orttirib borishi uchun doimiy ravishda mustaqil o‘z ustida ishlashni yo‘lga qo‘yishi lozim.
Sudyaning mustaqil ta’lim olishi – kundalik hayotining bir qismi bo‘lib, ish faoliyati davomida oshirib borishni nazarda tutadi.
Mustaqil ta’lim jarayonida qonunchilikdagi yangiliklar, normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalardan doimiy boxabar bo‘lishi zarur.
Oliy sud plenumi qarorlarini, sud-huquq sohasiga oid milliy va xorijiy yuridik adabiyotlar va nashrlar bilan yaqindan tanishib borishi lozim. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining rasmiy veb-saytidagi elektron kutubxona muhim manbalardan biri hisoblanadi. Shuningdek, Kengash huzuridagi Sudyalar klubining elektron platformasi imkoniyatidan samarali foydalanish maqsadga muvofiq.
Ma’lumki, Kengash huzuridagi O‘zbekiston Sudyalar klubi moddiy va protsessual huquq normalarining to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llanilishi yuzasidan so‘rovlariga tushuntirish berish vakolatiga ega tuzilma bo‘lib, uning elektron platformasi ayni kunda sudyalar uchun katta muloqot maydoniga aylangan.
Bu maydonda bemalol fikrlashish, mulohazalar bildirish, hatto bahslashish ham mumkin. Haqiqat esa shunday bahslarda tug‘iladi. Shu nuqtayi nazardan elektron platformada o‘rtaga tashlanadigan fikr-mulohazalar va tavsiyalar sudyaning qaror qabul qilishida ichki ishonchini mustahkamlashga ko‘maklashadi, ehtimoliy xatoliklarning oldini oladi hamda yagona sud amaliyoti shakllanishiga xizmat qiladi.
Fikrimizning dalili sifatida aytib o‘tish o‘rinliki, Sudyalar klubi elektron platformasida keyingi ikki yilda 1750 mavzu muhokama etilib, ular yuzasidan qator taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlangan. Jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatuvchi Sudyalar klubiga ko‘p yillik tajriba va yuqori bilimli sudyalar biriktirilgani sababi ham shunda.
Bundan tashqari, sudyalar bilan o‘tkazilayotgan ma’naviyat va ma’rifat darslari, ko‘p yillik tajribaga ega faxriy sudyalar bilan muloqotlar, seminar mashg‘ulotlar muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etish lozim.
Shu o‘rinda yana bir yangilik. Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan Kengash veb-saytida «Sudya kutubxonasi» (elektron kutubxona) tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Bosh qomusimiz – Konstitutsiya, sudlar faoliyatini tartibga soluvchi qonun va zarur normativ-hujjatlar qamrab olingan test savollaridan iborat maxsus elektron dastur ham yaqin vaqtda ishga tushiriladi. Mazkur dasturdagi test savollariga onlayn javob bergan sudya o‘sha vaqtning o‘zida test natijasini bilish imkoniyati yaratiladi. Bu ham sudyaning o‘z ustida ishlashi uchun yaratilayotgan yana bir imkoniyatdir.
Tarixdan ma’lumki, donishmand bobolarimiz qaysi sohada yetuklikka erishgan bo‘lmasin, faqat shu bilan kifoyalanib qolmagan. Al-Xorazmiy – matematika, Ab-u Ali ibn Sino – tibbiyot, Mirzo Ulug‘bek – falakiyot, Ab-u Rayhon Beruniy – jug‘rofiya, Amir Temur – harb ilmida, Alisher Navoiy – adabiyotda tengsiz ekani ma’lum.
Shu barobarida ularning barchasi falsafa, siyosat, ayniqsa, fiqx sohasida ham ko‘zga ko‘ringan shaxs bo‘lgan. Shunga ko‘ra, buyuk ajdodlarning hayot yo‘li va ma’naviy merosini o‘rganish hamda zamondosh adib va shoirlar ijodidan bahramand bo‘lish, kundalik vaqtli matbuot bilan tanishib borish ham sudyaning dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilish bilan birga og‘zaki va yozma nutqining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Ulug‘ ajdodimiz Ab-u-Mansur Moturidiy ta’biri bilan aytganda, ilm olmoqlik yaxshi ruhiy sifat egalarida ezgu fazilatlarning yanada ravnaq topishiga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, maxsus malaka oshirish kurslarida o‘qish orqali ham sudyalar o‘z bilim va kasbiy ko‘nikmalarini oshirib borishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-yanvardagi qarori asosida tashkil etilib, sudyalarning malakasini oshirib borishga ko‘maklashish asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan Kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabida sudyalar va sud raislari uchun tegishli malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Malaka oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlari muntazam takomillashtirilib borilmoqda Bunda Germaniya, Ispaniya kabi davlatlar tajribalaridan foydalanishdan tashqari sudyalarning fikr va takliflari ham e’tiborga olinayotganini alohida qayd etish zarur.
Rahbar sudyalik lavozimlariga tayyorlash kurslariga (o‘quv kursi ikki oy davom etadi) nomzodlar (ular kamida ikki yillik sudyalik stajiga ega bo‘lishi kerak) ochiq tanlov asosida saralanib olinishi, ushbu jarayonda inson omili keskin cheklanib, test shaklida o‘tkaziladigan savol-javoblar natijasini o‘sha paytning o‘zidayoq bilish imkoniyati yaratilgani ham ijobiy yangiliklardan biri hisoblanadi.
2020-yil 7-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 61-27-sonli farmoni ijrosi doirasida Kengash tomonidan Sudyalar faoliyati samaradorligini baholash elektron reyting tizimi joriy etilib, yuqori reyting ballga ega sudyalar «Ibratli sudya» mukofoti (namunali faoliyat yuritayotgan sudyalarning ona-onasi, maktabda o‘qitgan ustozlariga Kengashning tashakkurnomasi) bilan rag‘batlantirilmoqda.
Reyting ko‘rsatgichlari yuqori sudyalarning ish faoliyati va tajribalari bilan yaqindan tanishish foydadan xoli emas. Shu maqsadda «Ibratli sudya» mukofoti egalariga o‘z tajribalarini hamkasblari bilan o‘rtoqlashishi maqsadga muvofiq. Chunki, ayni paytda tizim vakillarining 21 foizini birinchi besh yillik muddatiga tayinlangan sudyalar tashkil etadi. Tabiiyki, ularda muvaffaqiyatli hamkasblari tajribalarini o‘rganish, taklif va tavsiyalariga ehtiyoj yo‘q emas.
Reyting ko‘rsatkichi past sudyalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Sudyalar oliy maktabi va Oliy sudda ikki haftalik malaka oshirish kursini o‘tashga jalb qilinmoqda. Ularning har biri bilan individual reja asosida mashg‘ulot o‘tkaziladi. Ya’ni, bekor bo‘lgan yoki o‘zgartirilgan sud qarorlari tahlilidan kelib chiqib, zarur nazariy mashg‘ulot o‘tishdan tashqari, qonunlarni to‘g‘ri qo‘llash borasida (o‘quv-mashg‘ulotlari Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud va hududiy sudlarning tajribali sudyalari hamda Oliy maktab professor o‘qituvchilari tomonidan) tegishli tavsiyalar berilmoqda.
Shuningdek ularning har biriga tajribali sudyalar – ustozlar biriktirilmoqda. Bunday chora-tadbirlar ularning bilim va kasbiy ko‘nikmalari yanada oshishiga xizmat qilishi shubhasiz. Chunki, xato qilish bilimsizlikdan ko‘ra tajribasizlikka borib taqaladi, xatolar ustida ishlab, ularni bartaraf qilmaslik esa bilimsizlikdir.
Yaqinda Sudyalar oliy kengashi tomonidan «Sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlarni, yangi vakolat muddatiga yoki boshqa sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlashda ularning bilim va kasbiy ko‘nikmasini aniqlash tartibi to‘g‘risida» alohida nizom qabul qilindi.
Mazkur hujjatda sudyalik lavozimiga nomzodlarning bilim darajasini turli usul va shakllarda o‘rganish tartiblari belgilangan bo‘lib, pirovard maqsad — ularning mustaqil o‘qib-o‘rganish orqali bilimlarini yanada boyitishiga qaratilgandir.
Ushbu nizom Kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabining o‘quv rejasiga muayyan o‘zgartirishlar kiritishni ham taqozo etadi. Bunda nazariy va amaliy ta’lim shaklini yanada takomillashtiriladi, modul tizim imkoniyatlardan keng va samarali foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Bularning hamma-hammasi sudyalar o‘z bilim va ko‘nikmalarini lozim darajada oshirib borishi uchun Kengash tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning muhim qismi bo‘lishi bilan birga bu boradagi ishlar doimiy e’tiborda ekanini ham ko‘rsatadi. Zero, so‘zim boshida aytilganidek, odil sudlov samaradorligi sudyalarning bilim darajasi va amaliy ko‘nikmalariga bog‘liq.
Xolmo‘min Yodgorov,
O‘zbekiston Respublikasi
Sudyalar oliy kengashi raisi.
O‘zA